10:46 / 11.02.2020
0
8421
Xitoyning 300ta kompaniyasi koronavirus sababli 8,2 mlrd dollar qarz olmoqchi

Yuzlab kompaniyalar, shu jumladan Xiaomi va DiDi, banklardan jami 8,2 milliard dollar so‘radi. Ulardan ba'zilari epidemiyaga qarshi kurashga jalb etilgan, boshqalari koronavirus fonida katta moliyaviy yo‘qotishlarga duch keldi

Foto: Vincent Yu / AP

Xitoyning bir necha yuzlab kompaniyasi o‘tgan yil oxirida XXRda tarqalishni boshlagan koronavirusning oqibatlarini yumshatish uchun banklarga jami 8,2 milliard dollar miqdorida qarz berishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda Reuters bank sektoridagi ikkita manbaga tayanib xabar berdi.

Ularda kredit olish uchun murojaat qilgan kompaniyalarning ikkita ro‘yxati nusxalari mavjud. Kompaniyalar orasida smartfonlar ishlab chiqaruvchi Xiaomi, Xitoyda ovqat yetkazib berish bo‘yicha eng yirik shirkat Meituan Dianping, transport xizmatlarini taqdim etuvchi DiDi, texnologik kompaniya Megvii, shuningdek, antivirus va mobil ilovalar ishlab chiquvchi Qihoo 360 bor.

Manbalardan biriga ko‘ra, yuqorida ko‘rsatilgan kompaniyalar yoki koronavirusga qarshi kurashga faol jalb etilgan, yoki u tufayli eng katta moliyaviy yo‘qotishlarga duch kelgan. Agentlik suhbatdoshlarining ta'kidlashicha, kredit olish uchun murojaat qilgan tashkilotlar eng qisqa vaqt ichida banklardan rozilik olishi mumkin. Bundan tashqari, ularga imtiyozli stavkalar bo‘yicha qarz beriladi.

«Qarz berish bo‘yicha so‘nggi so‘z banklarda qoladi. Ehtimol, foiz stavkalari banklarning yetakchi mijozlariga taklif etiladigan stavkalar bilan bir xil bo‘lishi mumkin», - dedi manbalardan biri.

Reuters’ning qayd etishicha, avj olgan epidemiyadan omon chiqib olish maqsadida Xitoy kompaniyalari butun mamlakat bo‘ylab olishga harakat qilayotgan kreditlarning umumiy miqdorini oshkor qiladigan rasmiy ma'lumotlar yo‘q. Shu bilan birga, manbalar tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatlarda kompaniyalar so‘rayotgan pul miqdori ko‘rsatilgan.

Xususan, Xiaomi tibbiy uskunalar va aksessuarlar, shu jumladan niqoblar va termometrlarni ishlab chiqarish hamda sotish uchun 5 milliard yuan (716 million dollardan ortiq) miqdorda qarz so‘ramoqda. O‘z navbatida, Meituan Dianping 4 milliard yuan (572,9 million dollar) olish niyatida. Kompaniya ushbu pulning bir qismini virusning tarqalishi yuz bergan Uxan shahrida tibbiyot xodimlari uchun oziq-ovqatni bepul yetkazib berishga yo‘naltirmoqchi.

Hujjat nusxasida ko‘rsatilishicha, «koronavirusdan jiddiy zarar ko‘rgan» DiDi 50 million yuan (7,16 million dollar) olishga harakat qilmoqda, Qihoo 360 esa tibbiy buyumlar sotib olish hamda virusni kuzatish ilovalari bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish uchun 1 milliard yuan (143,25 million dollar) so‘rayapti. Megvii bir nechta texnologiyalar ishlab chiqishni rejalashtirmoqda, ulardan biri «omma ichida niqobli odamlarni aniqlashning aniqligini oshiradi».

2019-nCoV koronavirusining tarqalishi o‘tgan yil oxirida Xitoyning Xubey provinsiyasida yuz berdi. Yanvar oyida virus Xitoyning barcha mintaqalarida, shuningdek chet elda ham faol tarqaldi. XXR sog‘liqni saqlash bo‘yicha Milliy komissiyasi so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bu kasallikka chalinganlar soni 40 mingdan oshdi, qurbonlar soni 900 kishidan ortib ketdi. 

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top