16:37 / 12.02.2020
1
6913
Fermer xo‘jaliklariga yerni qonuniy ravishda ikkilamchi ijaraga berish joriy etilishi kutilmoqda

Bugungi kunda takroriy ekindan so‘ng fermerlar tomonidan yer ikkilamchi ijaraga noqonuniy berilmoqda. Lekin endi ularga buning uchun qonuniy ruxsat beriladi.

Bugun, 12 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida qator qonun loyihalari birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi palataning Agrar va suv xo‘jalagi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov tomonidan o‘qib eshittirildi.

«Davlat rahbari farmoni bilan «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berishda qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerakligi» to‘g‘risida topshiriq berilgan edi. Bu bo‘yicha harakatlar olib borildi.

Agar hozir «Ijara to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, dehqonga yerni ikkilamchi ijaraga berish taqiqlangan bo‘lsa, yangi tahrirning 8-moddasiga ko‘ra, shunday norma kiritilyaptiki, endi dehqonlarga yerni ikkilamchi ijaraga berish mumkin bo‘ladi» - deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ma'lumot berishicha, bugungi kunda ham takroriy ekindan so‘ng fermerlar tomonidan yer ikkilamchi ijaraga berilmoqda va bu noqonuniy. Mazkur o‘zgarish qabul qilinishi bilan ularga qonuniy ijaraga berishga ruxsat beriladi.

«Bu bilan yashirin iqtisodiyotga barham beriladi. Ijaraga berilgan yerdan olingan daromad hisobidan budjetga to‘lovni amalga oshirish tizimi yaratiladi», deya ma'lumot berdi Ravshan Mamutov.

Bundan tashqari, ikkilamchi ijaraga berish tartibi orqali qishloq aholisini shartnoma asosida ish bilan ta'minlash  mumkin bo‘lishi, bu bilan ularning daromad olish imkoni oshishi va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi qayd etib o‘tildi.

Fermer xo‘jaliklari hisob raqamlarida erkin pul mablag‘lari shakllanadi va ular mahsulot yetishtirish uchun aylanma mablag‘ga ega bo‘ladi.

«Ikkilamchi yerni ijaraga berishda qonuniy shartnoma tuziladi. Shartnoma esa yuridik hujjat hisoblanadi. Unda ikki taraf ham o‘z shartlarini yozadi. Yerning ahvoli, suv ta'minoti va qanaqa mahsulot yetishtirilishi shartnomada ko‘rsatiladi. Bu bilan har ikki taraf o‘zining manfaatlarini hisobga olgan holda shartnoma imzolaydi», - deya depupatlarning savollariga ham javob qaytardi Ravshan Mamutov.

Deputatlar tomonidan berilgan qator muzokaralar va takliflardan so‘ng, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma'qullandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top