18:27 / 12.02.2020
0
19429
Respublika aeroportlarida kutilayotgan o‘zgarishlar ma'lum qilindi

Andijon va Buxoro aeroportlarida ochiq osmon rejimi joriy qilinadi, Toshkent xalqaro aeroporti rekonstruksiya qilinadi

Foto: KUN.UZ

Bugun, 12 fevral kuni, transport va aviatsiya sohasi rasmiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda joriy yilda respublika aeroportlarida joriy qilinishi kutilayotgan o‘zgarishlar xususida ma'lumot berildi. 

Transport vaziri Elyor G‘aniyevning ma'lum qilishicha, Andijon va Buxoro viloyatidagi aeroportlarda ochiq osmon rejimi yo‘lga qo‘yiladi. Buxoro aeroportida yo‘lovchi tashuvlari bo‘yicha beshinchi darajali havo erkinligi uchun cheklovlar bekor qilinadi.

Qayd etilishicha, yil yakuniga qadar Toshkent xalqaro aeroporti rekonstruksiya qilinishi natijasida yo‘lovchi tashish hajmi 4 mln.dan 7 mln.ga yetkaziladi.

“Barcha aeroportlarda texnik xizmat va yoqilg‘i quyish maqsadida qo‘ngan reyslar uchun tarif setkasini bir xil holga keltirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Jahon banki mutaxassislari bilan hamkorlikda aviatsiya strategiyasi ham ishlab chiqilyapti”, − deydi Elyor G‘aniyev.

Transport vaziriga ko‘ra, Samarqand xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagi quriladi. Buning natijasida aeroportning yo‘lovchi o‘tkazish qobiliyati soatiga 500 nafardan 1500 nafarga yetkaziladi. Termiz aeroportida ham yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi quriladi. 

Uzbekistan Airpors AJ raisi Ravshan Ismoilovning qayd etishicha, bahor oylaridan boshlab O‘zbekistonga 110ta yangi reys yo‘lga qo‘yiladi. 

“Bu ham sayyohlarni jalb qilish imkonini beradi, ham o‘z fuqarolarimiz uchun qulaylik yaratadi, chiptalar narxi pasayadi. Aviaqatnovlar qancha ko‘p bo‘lsa, chiptalar shuncha arzonlashadi”, − deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonga reyslar sonini 5000taga ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top