19:26 / 12.02.2020
3
31987

Toshkentda mardikor ayollar uchun kunlik ishchilar markazi ochildi

Markazda o‘ndan ortiq xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. 2020 yil davomida Toshkent shahri va viloyatida shu kabi yana 6ta zamonaviy kunlik ishchilar markazi tashkil etiladi.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

11 fevral kuni Toshkent shahar Yashnobod tumanida ayollar uchun yangi qurilgan kunlik ishchilar markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Markazda arzonlashtirilgan ovqatlanish shoxobchasi, asbob uskunalarni ijaraga berish tizimi, mehnat muhofazasi haqida tushuncha beruvchi ko‘rgazmali qurollar, madaniy hordiq chiqarish uchun imkoniyatlar (kutubxona, shaxmat-shashka taxtalari) bor.

Xorij tajribasini o‘rganib, markazda vaqtinchalik ish bilan ta'minlashda autsorsing va autstaffing xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Umuman, bu yerda fuqarolarga 10dan ortiq xizmatlar ko‘rsatiladi.

Ochilish marosimida Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova so‘zga chiqdi.

«Biz shuni tushundikki, bir martalik mehnat bilan oilasini boqadigan fuqarolarimiz, ayniqsa ayollarimiz juda ko‘pligini angladik. Biz sizlarni avvalgidek avtobuslarga o‘tqizib, yana kelgan joylaringga yuborish haqidagi fikrdan qaytdik.

Biz sizlarni o‘zingiz ish qidirayotgan joyda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining juda ham aniq, to‘g‘ri ishi orqali, mana bunday sharoitlarni yaratishning harakatini qildik. Lekin bu sharoitlar yaratildi, endi hammasi zo‘r bo‘lib ketadi, degani emas», – dedi Bositxonova.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning so‘zlariga ko‘ra, markazning ishga tushirilishi orqali ish izlovchilar o‘rtasida muloqot qilish uchun maydon yuzaga keladi.

«Markaz 200 nafargacha xotin-qizlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Bu yerda 5 nafar xodim ularga ish topishda konsultatsiya berishadi.

Ish tartibi juda oddiy: fuqaro markazga keladi, xodimlar u bilan individual ish olib boradi va uning shaxsiy ma'lumotlari elektron bazaga kiritiladi.

Ish beruvchi bilan ishchilarni qanday bog‘laymiz? JobCafe deb nomlanuvchi ilova ikki tomonni bog‘lab qo‘yishga xizmat qiladi. Markazda shakllantirilgan elektron bazaviy ma'lumotlar tegishli ravishda fuqaroning doimiy yashash joyidagi bandlik markazlariga yuboriladi. Fuqaro vaqtinchalik ish qidirib yurgan vaqtda uning yashash hududidan doimiy ish topishiga ko‘mak beriladi», – dedi Nozim Husanov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, 2020 yilda Toshkent shahri va viloyatida shu kabi 6ta zamonaviy kunlik ishchilar markazi ochiladi. Ulardan biri yaqinda Yunusobod tumanida faoliyat boshlashi kutilyapti.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top