22:14 / 13.02.2020
1
32552

AQShda prezidentlik poygasi. Bu haqda nimalarni bilish lozim?

3 fevral kuni Ayova shtatida birinchi kokus - Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodni tanlash bo‘yicha boshlang‘ich saylovlar bo‘lib o‘tdi. Bu orqali 2020 yilgi prezidentlik saylovi poygasiga rasman start berildi. 2019 yil kuzida demokratlardan 25 siyosatchi saylovda o‘z nomzodi bilan ishtirok etishini ma'lum qilgandi. Ayovadagi kokus ochilishiga kelib ularning 11 nafari qolgandi. 

GETTY IMAGES

11 fevral kuni esa Nyu-Hempshirda praymeriz bo‘lib o‘tdi. Bu saylovlardan keyin yana ikki kishi -  tadbirkor Endryu Yang va koloradolik senator Maykl Bennet mag‘lubiyatni tan olib, poygani tark etdi.

Kokuslar, praymeriz va boshqa ikir-chikirlar

Amerikada prezidentlik saylovlari prezidentlik uchun nomzodlikka nisbatan munosiblarni saralab olishdan boshlanadi.

Buning uchun butun mamlakat bo‘ylab praymeriz va kokuslar o‘tkaziladi, bunda amerikaliklar qaysi partiyadan kim prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi bo‘yicha qaror qabul qilishadi.

Praymeriz va kokuslar – Amerika Qo‘shma Shtatlarining har bir shtatida va xorijdagi hududlarda navbati bilan o‘tkaziladigan turli darajadagi saylovlardir. Boshlang‘ich saylovlar natijasida har bir shtat prezidentlik uchun da'vogarlarini aniqlaydi.

Keyin tanlangan da'vogarlar delegatlar guruhini aniqlashadi, bu guruh partiyalarning milliy s'yezdlarida shtat nomidan ish ko‘radi.

Kokus va praymerizning farqi nimada?

GETTY IMAGES

Kokus - partiya faollari yig‘ilishlari bo‘lib, partiya a'zolari xususiy uyda, maktabda yoki boshqa jamoatchilik binosida uchrashib, nomzodlarni muhokama qilishadi, ovoz berish jarayoni ochiq tarzda kechadi - qo‘l ko‘tarish orqali ovoz beriladi.

Praymeriz ham birlamchi ovoz berish bo‘lib, uning farqli jihati saylov qutilaridan foydalaniladi. Praymeriz shtat hukumati tomonidan tashkillashtiriladi, kokuslar esa – partiya faollari tashabbusi bilan o‘tkaziladigan norasmiy uchrashuvdir va bunday partiyaviy referendumlar AQShning 11ta shtatida o‘tkaziladi.

Praymerizning turli qoidalarga ega turlari mavjud:

  • «Ochiq» praymeriz – shtatdagi saylovchilarning barchasi qatnashadi, praymerizda turli partiyalar vakillari ovoz berishi mumkin. Masalan, respublikachilar demokratlarning praymerizida qatnashishi yoki askincha bo‘lishi mumkin.
  • «Yarim yopiq praymeriz» – raqib partiya safidan ro‘yxatdan o‘tganlar ovoz berishda qatnasha olmaydi, ammo mustaqil saylovchilarga ovoz berishda qatnashishga ruxsat beriladi.
  • «Yopiq» praymeriz – ovoz berishga faqat muayyan shtatda muayyan partiyadan ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilar qo‘yiladi.

Kokuslar o‘tkazilishi tartibi turli shtatlardagi qonunlarga bog‘liq ravishda turlicha. Demokratik partiya kokuslarida saylovchilar ba'zida qaysidir nomzodni yoki delegatni qo‘llash uchun alohida guruhlarga ajralishi kuzatiladi.

Respublikachilarning kokuslarida da'vogarlar odatda yashirin ovoz berish yo‘li bilan tanlanadi.

Delegatlar kimlar?

Praymeriz va kokuslar vaqtida prezidentlikka nomzodlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aniqlanmaydi, bu keyinroq umummilliy konvensiyalarda qatnashadigan delegatlarning vazifasidir.

Delegatlar partiya a'zolari bo‘lib, s'yezdlarda shtatlardagi praymerizlarda ma'qullangan nomzodlar uchun ovoz berishadi.

Nazariy jihatdan, boshlang‘ich saylovlar yakunlanganida ham partiya yagona nomzodni tanlay olmasligi mumkin. Bunday holatda natija partiya delegatlari o‘rtasidagi muhokamalar va yangi ovoz berish jarayonini o‘tkazish orqali aniqlanadi.

Birinchi holatda delegatlar o‘z ovozini avvaldan tanlangan nomzod uchun berishga majbur bo‘lishsa, ikkinchi holatda ular o‘zlari mustaqil ravishda qaror qabul qilishlari mumkin.

Ammo odatda partiyaning nomzodi praymerizlar natijalariga ko‘ra aniq bo‘ladi. Saylovoldi davrida (qish-yoz) ko‘plab nomzodlar delegatlar umumiy saylovda g‘olib bo‘lish imkoniyati ko‘proq bo‘lgan nomzod atrofida birlashishlari uchun o‘z nomzodini qaytarib olishadi.

Ayova va Nyu-Hempshir nima uchun birinchi bo‘lib ovoz berishadi?

Trampga qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan nomzodlar Sanders, Buttidjich, Uorren va Bayden

Alohida sababi yo‘q, tarixan shunday an'ana yuzaga kelgan. Bu yil Ayovada kokuslar 3 fevral kuni bo‘lib o‘tdi, Nyu-Hempshirda praymeriz 11 fevral kuni o‘tkazildi.

Mahalliy siyosatchilar va faollar bu ikki shtatdagi saylov natijalari poyganing keyingi qismi qanday rivoj topishiga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi, deb hisoblashadi. Bu shtatlar yakuniy natijani belgilamaydi, ammo nomzodlarning saragi sarakka, puchagi puchakka ajraladi, natijalar nomzodlarga qaror qabul qilishda turtki bo‘ladi.

Qolaversa, Ayovada yutgan siyosatchi televizor ekranlaridan tushmaydi. Buning moliyaviy jihatdan ham ahamiyati bor: dastlabki shtatlarda g‘olib chiqqanlar uchun homiylarning hamyonlari og‘zi ochiladi. Albatta, odamlarga g‘oliblar yoqadi.

So‘nggi to‘rt saylovda ham Demokratlar partiyasining prezidentlik uchun nomzodi Ayovada g‘olib bo‘lgan. Partiyaning 1975 yildan buyon noyabrdagi saylovlarda qatnashgan 8 nomzodidan 5 nafari Nyu-Hempshirdagi praymerizda ustun kelgan. Shunday ekan, bu yili birinchi praymerizda yetakchilik qilgan Pit Buttidjich va Berni Sandersning prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun imkoniyatlari yuqori.

Respublikachilar partiyasidagi holatga qarasak, 1976 yildan buyon prezidentlikka nomzodlarning 7 nafaridan 5 nafari Nyu-Hempshirda g‘olib bo‘lgan, Ayovadagi kokuslarda esa ehtimoliy nomzodni 1980 yildan buyon faqat ikki marta aniq tanlashgan.

Tanqidchilar, bu shtatlardagi ovoz berishlar natijalari ahamiyati haddan tashqari bo‘rttirib yuborilishini aytishadi: bu kichik shtatlarda oq tanli qishloq aholisi ko‘pchilikni tashkil etadi (ikki shtatda ham oqlar 94 foizdan).

Superseshanba nima degani?

Fevral oyida yana ikki shtatda, Nevada va Janubiy Karolinada boshlang‘ich saylovlar o‘tkaziladi. Mart oyida «superseshanba» bo‘lib o‘tadi. 

Superseshanba – ko‘plab shtatlarda bir vaqtda praymeriz yoki kokuslar o‘tkaziladigan kun. Aholisi ko‘p shtatlar, jumladan, Kaliforniya va Texas shtatlarida ham shu kuni saylov bo‘lib o‘tadi.

2008 yil fevralida «superseshanba»da 24 shtat qatnashgan, 2012 yilda 10ta. 2016 yil superseshanba 1 mart kuniga to‘g‘ri kelgan va bu kuni parallel ravishda 16ta hududda saylovlar o‘tkazilgan: 13tasi AQSh ichkarisidagi shtatlar, qolgani mamlakat tashqarisidagi Amerika hududlari.

Bu yil esa bu kun 3 mart kuniga to‘g‘ri keladi va 15ta shtatda saylov o‘tkaziladi. Bu kunda demokratlarning delegatlarining 40 foizga yaqini, respublikachilarning delegatlarining 30 foizga yaqini aniqlanadi.

Praymeriz va kokuslar yozga qadar davom etadi. Keyin iyul oyida umummilliy partiya s'yezdlarida prezidentlik uchun rasman nomzodlar tanlanadi.

Shtatlardagi s'yezdlarda turli sondagi delegatlar saylanadi – ularning soni shtatdagi saylovchilar soniga mos ravishda bo‘ladi.

Prezidentlikka rasman nomzod bo‘lish uchun da'vogar mutlaq ko‘pchilikning ovozini qo‘lga kiritishi kerak bo‘ladi, ya'ni delegatlarning umumiy sonining yarmidan bitta ko‘p ovoz olish talab etiladi.

2016 yil Obaman va Hillari Klinton Demokratik partiyaning milliy konvensiyasida

Respublikachilar partiyasi vakili rasman nomzod bo‘lish uchun 1236 ovoz, demokrat esa – 2383 ovoz to‘plashi kerak bo‘ladi.

Saylovning birinchi bosqichi taqvimi

Amerika tizimi prezident saylashning o‘ziga xos usuliga egadir. Nomzodlarning ism-shariflari saylash varaqalarida belgilangan bo‘lishiga qaramay, texnik jihatdan saylovchilar prezident uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berishmaydi. Har bir shtat aholisi o‘sha shtatning Kongressdagi senator va vakillar soniga teng «Prezident saylovchilari»ni saralaydi. Har bir shtatning eng ko‘p ovoz olgan nomzodi mazkur shtatning barcha «saylov ovoz»larini o‘z hisobiga o‘tkazishga erishadi.

Kimlar haliyam prezidentlikka da'vogar?

REUTERS

Prezidentlik poygasining rasmiy startiga nomzodlarning yarmidan ko‘pi yetib kelmadi. Demokratik partiyadan 25 kishi nomzod sifatida ro‘yxatga olingandi, Ayovadagi kokuslar arafasida nomzodlar soni 11 kishi bo‘lib qoldi, Nyu-Hempshirdagi praymerizdan keyin yana ikki kishi poygani tark etdi.

Bi-bi-si qaysi demokratlar hali ham prezidentlikka da'vogar bo‘lib qolayotgani va ular saylovchilarga qanday va'dalar berishayotgani haqida material tayyorlagan.

1. Berni Sanders, Vermont shtatidan senator, 78 yosh.

 

Berni Sanders / AFP

1991 yildan 2007 yilgacha Vermont shtatidan kongressmen bo‘lgan, 2007 yilda Senat a'zoligiga saylangan, mustaqil nomzod sifatida birorta partiya a'zoligiga kirmagan. Saylovlar vaqtida demokratlarni qo‘llab kelgan. U o‘tgan asrning 60-yillarida Amerika Sotsialistik partiyasining yoshlar qanoti a'zosi bo‘lgan. 1988 yilda to‘y sayohati davomida sobiq sovet ittifoqida ham o‘n kunni o‘tkazgan.

2016 yilda birinchi marta prezidentlik poygasida qatnashgan, Demokratik partiya praymerizlarida Hillari Klintonga yutqazgan.

Saylovchilarga nima va'da qilmoqda: 2020 yilda ham Berni Sanders o‘z tarafdorlariga to‘rt yil oldingi saylovoldi dasturini taklif etmoqda. Senator oliy ta'lim olish uchun to‘lovlarni bekor qilmoqchi, barcha uchun bepul tibbiy xizmatni joriy etmoqchi va mehnatga haq to‘lashning minimal miqdorini soatiga 15 dollar qilib belgilamoqchi. Shu bilan birgalikda, u boylar uchun soliqni keskin ko‘tarishni ko‘zlagan. Senatorning rejasiga ko‘ra, 1 milliard dollardan ortiq qiymatdagi ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan amerikaliklar 77 foiz soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.

U o‘tgan yil oxiriga kelib saylovoldi kampaniyasi doirasida 34,6 million dollar mablag‘ to‘pladi.

2. Pit Buttidjich, Saut-Bend shahrining sobiq meri, Indiana shtati, 38 yosh.

Pit Buttidjich / Reuters

Harvard va Oksford universitetlari bitiruvchisi, AQSh Harbiy-dengiz kuchlari razvedka xizmati leytenanti. 2014 yilda 7 oy mobaynida Afg‘onistondagi Amerika harbiy kontingenti tarkibida bo‘lgan va medal bilan taqdirlangan. Olti tilni biladi, jumladan, arab, fors va fransuz tillarini ham. 2015 yilda  South Band Tribune nashridagi maqolasida o‘zining noan'anaviy jinsiy oriyentatsiyasi haqida ma'lum qilgan. 2017 yilda maktab o‘qituvchisi Chasten Glezman bilan nikohdan o‘tgan.

Saylovchilarga nima va'da qilmoqda: sobiq mer AQShda saylov tizimini o‘zgartirishni taklif qilmoqda, u saylovchilar kollegiyasidan voz kechib, har bir saylovchi o‘z xohishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirishi mumkin bo‘lgan tizimni yoqlaydi. Shuningdek, u barcha davlat kollejlarini yiliga 100 ming dollardan kam daromad ko‘ruvchi oilalarga mansub bo‘lgan talabalar uchun bepul qilmoqchi, bepul sug‘urta tizimini joriy etmoqchi.

O‘tgan yilning oxiriga kelib, u o‘z saylovoldi kampaniyasiga xayriya sifatida yig‘gan mablag‘ miqdori 25,2 million dollarga yetgan edi.

3. Emi Klobushar, Minnesota shtatidan AQSh senatori, 59 yosh.

Xususiy yuridik xizmat sohasida faoliyat ko‘rsatib kelgan Klobushar 1998 yilda birinchi marta rasmiy lavozimga saylanadi, o‘shanda u Minnesota shtatidagi Hennepin okrugi prokurori bo‘lgandi. 2006 yilda u Senat uchun saylovlarda g‘olib chiqadi va Kongressning yuqori palatasi a'zosiga aylangan ilk minnesotalik ayol bo‘ladi.

Saylovchilarga nima va'da qilmoqda: Klobushar ayollarning zo‘ravonlikdan himoya qilishga, ekologik vaziyatni hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan bir qancha yangi qonunlar qabul qilishni taklif etmoqda. Senatorning takliflaridan biriga ko‘ra, AQShda ishlab chiqarishda qo‘rg‘oshindan foydalanilgan har qanday bolalar o‘yinchog‘ini taqiqlash nazarda tutiladi. U saylovchilar bilan uchrashuvlarida Barak Obama olib borgan siyosatni davom ettirishini bildirmoqda.

O‘tgan yil oxirigacha 11,4 million dollar miqdorida xayriya mablag‘i yig‘gan.

4. Elizabet Uorren, Massachusets shtatidan AQSh senatori, 70 yosh.

REUTERS

AQShning bir qancha universitetlarida huquq sohasida professor bo‘lgan Uorren bankrotlik to‘g‘risidagi qonunlar bo‘yicha ixtisoslashgan va 2008 yilgi moliyaviy inqirozdan keyin katta mashhurlikka erishgan. U o‘shanda Iste'molchilarning moliyaviy huquqlarini himoya qilish bo‘yicha byuro (Consumer Financial Protection Bureau) tuzish tashabbuskori bo‘lgan, Obama prezidentligi davrida uning maxsus maslahatchisi lavozimini egallagan.

2012 yilda Senat uchun saylovlarda g‘alaba qozonib, Massachusets shtatidan Kongressning yuqori palatasiga saylangan ilk ayol bo‘lgandi.

Saylovoldi kampaniyasi vaqtida bir necha marta «oilaviy tarixi» haqida so‘zlab berdi, jumladan, u hindularning Cheroki qabilasi avlodi ekanini ma'lum qilgandi. Keyinroq Uorren bu tarix o‘ylab topilganini tan olgan va Amerika tub aholisi forumi ishtirokchilari oldida uzr so‘ragan.

Saylovchilarga nima va'da qilmoqda: Senator Uorren mulkiy notenglikka qarshi kurashmoqchi va «haddan tashqari boylar» uchun yangi soliqlar joriy qilmoqchi. Uning dasturiga ko‘ra, saylovda g‘alaba qozonsa, boyligi 50 milliondan yuqori baholanadigan fuqarolar har yili o‘z aktivlari qiymatining 2 foizi miqdorida, milliarderlar esa 3 foiz miqdorida soliq to‘laydi. Budjetga jamg‘arilgan mablag‘lar, Uorren xonimning fikricha, kam ta'minlangan oilalar uchun turli imtiyozlar tarzida beriladi, jumladan, bepul yoki arzon bolalar bog‘chalari, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kabi.

U o‘tgan yil oxiriga kelib saylovoldi kampaniyasi uchun 21,7 million dollar mablag‘ yig‘gandi.

5. Jo Bayden, AQShning sobiq vitse-prezidenti, 77 yosh.

Foto: Getty Images

1972 yilda, 30 yoshga to‘lmasdan turib Delaver shtatidan AQSh senatori bo‘lgan. Senatning sud qo‘mitasini boshqargan, keyin uch marta Kongress yuqori palatasining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasiga rahbar etib saylangan.

2008 yilda Demokratik partiya nomidan prezidentlik saylovlarida qatnashish istagini bildirgan, ammo ko‘p vaqt o‘tmay o‘z nomzodini qaytarib olgan. Keyinroq Bayden Baraka Obamaning taklifini qabul qilib, AQSh vitse-prezidenti lavozimiga nomzod bo‘lgan.

2019 yilda u prezident Tramp impichmentidagi asosiy figuralardan biriga aylandi, prezident Jo Bayden va uning o‘g‘li Hanterni korrupsiyaga qo‘l urish va mansabini suiiste'mol qilishda ayblagandi. Sobiq vitse-prezident ayblovlarning barchasini rad etgan.

Saylovchilarga nima va'da qilmoqda: o‘z tarafdorlari bilan uchrashuvlar chog‘ida Jo Bayden dambadam Baraka Obama bilan sakkiz yil davomida safdosh bo‘lganini eslatib kelmoqda va AQShning 44-prezidenti olib borgan siyosatni tiklashni va'da qilmoqda. «Men hukumatni qanday qilib ishlatishni bilaman», - deya ta'kidlaydi u doimo.

O‘tgan yil oxirida Bayden vitse-prezident lavozimini Respublikachilar partiyasi vakiliga taklif etishi mumkinligini bildirgandi. Bundan tashqari, u bir necha marta AQShdagi tashqi siyosat masalalari bo‘yicha eng yaxshi mutaxassis ekanini ta'kidlagan. «Men prezident bo‘lish uchun mamlakatdagi eng malakali odamman. Men Amerika tashqi siyosatini hammadan ko‘ra yaxshiroq, hatto (Genri) Kissenjyerdan ham yaxshiroq bilaman», degan u.

O‘tgan yil oxiriga kelib, saylovoldi kampaniyasiga xayriya sifatida 23,3 million dollar miqdorida mablag‘ to‘plagan.

6. Maykl Blumberg, Nyu-Yorkning sobiq meri, 77 yosh.

Milliarder, Bloomberg moliyaviy kompaniyasi va shu nomdagi agentlik asoschisi, AQShning eng badavlat odamlari ro‘yxatida 9-o‘rinni, jahon reytingida esa 14-o‘rinni band etgan, jami boyligi 61,5 milliard dollarga teng. So‘nggi 20 yil ichida u uch marta partiyasini almashtirgan, 2000-yillarni respublikachi sifatida boshlagan, keyin mustaqil siyosatchiga aylangan va nihoyat 2018 yilda demokratlarni qo‘llab-quvvatlashini e'lon qilgan.

U avvaldan prezidentlik saylovlarida ishtirok etish niyatini bildirib kelardi, ammo saylov poygasiga faqat 2019 yilning noyabriga kelib qo‘shildi. Sobiq merning saylovoldi kampaniyasi shiori - «Ish o‘rinlari yaratuvchisi. Muammolarni hal qiluvchi yetakchi».

Saylov kampaniyasiga o‘z mablag‘lari hisobidan 2019 yilning so‘nggi choragida qariyb 250 million dollar sarflagan.

Saylovchilarga nima va'da qilmoqda: Blumberg demokratlarning AQShda qurolga egalik qilish qoidalarini qat'iylashtirish bo‘yicha barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. U bu sohadagi jamoatchilik tashkilotiga homiylik qiladi, davlat bu sohani nazorat qilishi kerak deb hisoblaydi va o‘qotar qurolga egalik qiluvchi barcha fuqarolarni maksimal darajada qat'iy tekshirishga chaqirib keladi.

O‘tgan yil yakunida o‘z mablag‘lari hisobidan 200 million dollarni o‘z saylovoldi kampaniyasi uchun ajratgan.

7. Tom Steyyer, milliarder, 62 yosh.

GETTY IMAGES

Farallon Capital jamg‘armasi rahbari, bir qancha banklar hammuassisi, milliarder Tom Steyyerning davlati 1,6 milliard dollarga baholanadi, u rafiqasi bilan umri davomida boyligining yarmini xayriya uchun sarflash majburiyatini yuklovchi hujjatga imzo chekkan. U kamtarligi bilan ajralib turadi, doim eski «Honda»sini minib yuradi va har qanday hashamatdan bosh tortadi.

U 2008 yilda Barak Obamaning saylovoldi kampaniyasida faol homiylardan biri edi, o‘shanda uni Moliya vazirligining bo‘lajak rahbari sifatida ko‘rishardi. 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi davrida Hillari Klintonga yordamlashgan va uning uchun 87 million dollar xayriya mablag‘i to‘plab bergan.

2017 yil oktyabrida siyosiy kampaniyasini boshlagan, Donald Tramp impichmenti tashviqoti bilan shug‘ullangan, telekanallar va ijtimoiy tarmoqlarda shu mavzudagi reklama roliklarini moliyalashtirgan. 2019 yil iyulida nomzod sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tgan va saylovoldi kampaniyasi uchun o‘z mablag‘lari hisobidan 100 million dollar ajratishni va'da qilgan.

Saylovchilarga nima va'da qilmoqda: Steyyer kampaniyasining asosiy mavzusi Tramp impichmenti uchun kurashni davom ettirish. Milliarderning tasdiqlashicha, uning «Impichment e'lon qilish kerak» (Need to Impeach) tashabbusini bugungi kunda Donald Tramp hokimiyatdan qonuniy yo‘l bilan chetlatilishi kerak deb hisoblaydigan 8 million amerikalik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

«Men o‘ylaymanki, qonunlarga qarshi va halokatli siyosatchi olib boradigan prezidentga qarshi kurash fuqarolarni saylov uchastkalariga kelishga undaydi», - deydi Steyyer.

O‘tgan yil oxirigacha saylov kampaniyasi uchun o‘z mablag‘lari hisobidan 157 million dollar sarflagan.

8. Tulsi Gabbard, AQSh Kongressi a'zosi, 38 yosh.

REUTERS

2002 yilda harbiy jang san'atlari bo‘yicha instruktor hamda xayriya tashkiloti faoli bo‘lgan Gabbard Havayi shtatida Kongress uchun saylovlarda g‘olib chiqadi.

Bir yil o‘tib u AQSh Milliy gvardiyasida chiqish qiladi. 2004 yilda bir yil davomida Iroqda tibbiy bo‘lim tarkibida xizmat qiladi. Keyinroq Alabama harbiy akademiyasidagi zobitlik maktabini tamomlaydi. Kuvaytda xizmat qiladi, mayor unvoniga ega.

2012 yilda AQSh Kongressi uchun saylovlarda g‘olib bo‘ladi va kelib chiqishiga ko‘ra hindistonlik bo‘lgan ilk kongressmen ayol bo‘ladi. U Demokratik partiyada ilg‘or qarashlarni qo‘llab-quvvatlaydi, marixuana to‘liq qonuniylashtirilishi tarafdori, amerikalik harbiylar AQShdan tashqaridagi hududlardagi harbiy nizolarga jalb etilishiga qarshi. Avvalroq Gabbard bir jinslilar nikohiga qat'iy qarshiligini bildirgan, keyin bunday so‘zlari uchun uzr so‘ragan.

O‘tgan yili Hillari Klinton Gabbardni «rus josusi» deb atagan va Kreml uning foydasiga informatsion kampaniya olib borishini aytgandi. Bunga javoban kongressvumen sobiq davlat kotibini «urush olovini yoquvchi» deb atagan va uni sudga berib, uzr so‘rash hamda ma'naviy zararni qoplash uchun 50 million dollar to‘lashni talab qilgandi.

Saylovchilarga nima va'da qilmoqda: Gabbardning aytishicha, agar u saylansa, uning prezidentlik davrida AQSh boshqa davlatlarning ichki ishlariga siyosiy va harbiy aralashishni to‘xtatadi. Bundan tashqari, u boshqa nomzodlar qatori Qo‘shma Shtatlarda barcha tibbiy xizmatlar bepul bo‘lishi va davlat tomonidan to‘lab berilishi tarafdori hisoblanadi.

O‘tgan yil oxirigacha 3,5 million dollar miqdorida xayriya mablag‘i jamg‘argan.

9. Deval Patrik, Massachusets shtatining sobiq gubernatori, biznesmen, 63 yosh.

EPA

Amerika nashrlarida yozilishicha, 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga uni eski do‘sti, AQShning 44-prezidenti Barak Obama undagan. U saylovda qatnashishi haqida o‘tgan yilning noyabriga kelibgina e'lon qilgan.

Kelib chiqishiga ko‘ra Chikago janubidagi afroamerikaliklarning qashshoq tumanlaridan bo‘lgan Patrik Harvard universitetining yuridik fakultetida o‘qigan va diplom olgach xususiy huquqshunos sifatida faoliyat yuritgan. 1994 yilda AQSh bosh prokurori yordamchisi etib tayinlangan, fuqarolar huquqlariga rioya etilishini nazorat qilish departamentini boshqargan.

2007 yildan 2015 yilgacha Massachusets shtati gubernatori bo‘lgan, avvalgi gubernator Mitt Romni boshlagan siyosatni davom ettirib, shtat sog‘liqni saqlash tizimida islohotlar olib borgan, ta'lim dasturlarini moliyalashtirishni oshirgan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini soatiga 8 dollardan soatiga 11 dollargacha ko‘targan.

2015 yilda Bain Capital investitsiya kompaniyasining ijrochi direktori bo‘lgan, bir vaqtning o‘zida sog‘lom hayot tarzini targ‘ibot qiluvchi American Well televizion kompaniyasi direktorlari kengashini boshqargan.

Saylovchilarga nima va'da qilmoqda: Saylovchilar bilan uchrashuvlar vaqtida Deval Patrik Barak Obama bilan eski qadrdon ekanini eslatishdan charchamayapti va 44-prezident siyosatini davom ettirishni va'da qilmoqda. U sog‘liqni saqlash sohasiga ajratiladigan mablag‘larni ko‘paytirishni, shuningdek, ta'lim dasturlarini kengaytirishni va'da qilmoqda. Bundan tashqari, Patrik saylov okruglari tizimini ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda. Uning fikricha, mavjud tizim saylovchilarning emas, siyosiy partiyalarning manfaatlariga xizmat qilmoqda.

U o‘tgan yil oxirigacha o‘z saylov kampaniyasi uchun 2,3 million dollar miqdorida xayriya jamg‘argandi.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top