14:20 / 13.02.2020
0
88599
Koronavirus bolalarni chetlab o‘tayotgani rostmi? Shunday bo‘lsa, sababi nima?

Xitoyda tug‘ilgan ikki kunlik chaqaloqda koronavirus aniqlangani haqidagi xabar 5 fevral kuni dunyo bo‘ylab tarqalgandi.

Foto: ISTOCK

U bunday tashxis qo‘yilgan eng kichik bemordir. Kasallik mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi, umuman, 60 mingdan ko‘proq odamga koronavirus tashxisi qo‘yilgan. Biroq, kasallar orasida bolalar juda kamchilikni tashkil etmoqda. Ularni sanoqli deyish mumkin.

Xastalanganlarning aksariyati Xitoyda istiqomat qilsa-da, yana 30dan ortiq mamlakatda koronavirus yuqtirish holatlari qayd etilgan. 

Natijalari Journal of the American Medical Association tibbiy jurnalida nashr etilgan so‘nggi tadqiqotlarning birida aytilishicha, kasallik asosan 40 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan odamlarga ta'sir qilgan. 

«Bolalar orasida yuqtirish holatlari juda kam uchramoqda», — deyiladi tadqiqotda.

Ammo buning sababi nima?

Koronavirus tashqi ko‘rinishidan tojni eslatgani uchun nomi ispanchadagi «corona» so‘zidan olingan / MAGNUM PHOTOS

Kasallikning alomatsiz kechishimi?

Allaqachon ushbu fenomenni izohlovchi ko‘plab tushuntirishlar yangrab o‘tdi, ammo nima uchun bolalarda kasallik tashxisi sezilarli darajada kam qo‘yilayotgani haqidagi savolga mutaxassislar hali aniq javob topa olishmayapti.

«Bizga hozirgacha noma'lum bo‘lib qolayotgan sabablarga ko‘ra bolalar bu infeksiyani yuqtirib olishmaydi yoki kasallik yengil shaklda o‘tadi», — deydi Reding universiteti professori, virusolog olim Ien Jons. 

Bu shuni anglatishi mumkinki, bolalar kasallikka yengilroq shaklda bardosh berishadi, ba'zida alomatlar deyarli sezilmaydi — bunday hollarda, ota-onalar, qoida tariqasida, bolalarini tekshiruvga olib borishmaydi. 

London Universitet kolleji ma'ruzachisi Natali Makdermott ham ushbu talqinga qo‘shiladi.

«Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning immunitet tizimi odatda viruslarga qarshi kurashishga juda yaxshi tayyorlangan bo‘ladi. Ular yuqtirishi mumkin, ammo kasallik yengil shaklda davom etadi yoki umuman alomatlarsiz o‘tadi», — deydi u. 

Xuddi shunday holat 2003 yilda SARS epidemiyasi tarqalishida ham kuzatilgandi. O‘sha vaqtda virus 800 kishini hayotdan olib ketgandi — barcha yuqtirib olganlarning 10 foizi. SARS ham bolalarni chetlab o‘tgan.

Koronavirus tarqala boshlaganda mamlakatning barcha hududlarida ta'til boshlangan va ta'tillar fevral oyi oxirigacha uzaytirilgan

Ta'tillar sabablimi?

Natali Makdermottning ta'kidlashicha, bolalar orasida ushbu kasallikning past darajada tarqalishi o‘z vaqtida profilaktika choralari ko‘rilgani bilan ham izohlanishi mumkin — maktab va bolalar bog‘chalari virus tarqalishi paytida yopildi, uning boshlanishi esa Yangi yil ta'tillari vaqtiga to‘g‘ri kelgan.

Xitoyning deyarli barcha hududlarida maktab ta'tillari fevral oyi oxirigacha uzaytirildi.

Bundan tashqari, Makdermottning so‘zlariga ko‘ra, kattalar o‘z bolalarini infeksiyadan himoya qilish uchun bor kuchlari bilan harakat qilishadi. 

«Ota-onalar bolalarni infeksiyaning ehtimoliy yuqishidan himoya qilishmoqda, agar uyda kasal bo‘lsa, ular bolalarni undan ajratishga harakat qilishadi», —  deydi Natali Makdermott.

Uning fikricha, virusning yanada tarqalishida, kasal odam bilan aloqa qilishdan qochish qiyinlashganda, vaziyat yomonlashishi mumkin va bolalar orasida yuqtirganlar soni ko‘payadi, chunki ularni ajratish oson bo‘lmaydi. 

Hozirga qadar koronavirusning tez tarqalishi bolalar orasida kasallanish ko‘payishiga olib kelmadi. 

SARS tarqalishi bilan taqqoslaganda shuni eslash kerakki, AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari tadqiqotchilari 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar kasallikka kamroq moyil bo‘ladi va kasalxonada davolanishga kamroq muhtojlik sezadi, degan xulosaga kelishgan.

Uxanda virusdan zararlanganlarning yarmidan ko‘pini 40dan 59 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi

Koronavirus kattalar uchun xavfliroqmi?

Bolalar orasida koronavirusning tasdiqlangan holatlari kam bo‘lsa-da, mutaxassislar bolalarda koronavirusga qarshi maxsus immunitet mavjudligi haqida gapirishga o‘rin yo‘qligini ta'kidlashmoqda. 

Bolalar orasida koronavirus tarqalishi kamligining ishonchliroq izohi quyidagi dalil bo‘lishi mumkin: kasallikning eng ko‘p uchraydigan asoratlari (masalan, suvchechak) bolalarga qaraganda kattalar uchun ko‘proq xavflidir. Kattalar ushbu asoratlarni og‘ir shaklda boshdan kechirishadi. 

«Bu bolalar koronavirusga qarshi maxsus immunitetga ega, degandan ko‘ra nisbatan mantiqiy tushuntirish», — deydi Kardiff universitetining yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi Endryu Friman. 

«Bu shifokorlar kasallikning sezilarli belgilari bo‘lmagan va zaif alomatlarga ega bo‘lgan bolalarda virus tashxisi o‘tkazmaganliklari bilan bog‘lanishi mumkin», — deya qo‘shimcha qiladi Friman. 

Oksford universitetining statistik epidemiologiya bo‘yicha mutaxassisi Kristl Donnelli bu fikrga qo‘shiladi va Hongkongda SARS tarqalishini misol keltiradi. 

«Hamkasblarimiz o‘sha vaqtda yosh bolalar ushbu kasallik yengilroq shaklda o‘tkazishadi, degan xulosaga kelishgandi», — deya ta'kidlaydi ekspert. 

40 mingdan ortiq kishi virusni yuqtirgan, kasallanganlarning aksari - Xitoy aholisi

Surunkali kasalliklar

Biror-bir surunkali kasallikka chalingan katta yoshli inson immuniteti virusni yengishi qiyinlashadi. Qandli diabet yoki yurak-qon tomir tizimi xastaliklari kasallikning yanada jiddiy bosqichiga va jiddiy asoratlarga olib keladi.

«Pnevmoniya (koronavirusning eng ko‘p uchraydigan asoratlaridan biri) odatda immuniteti zaiflashgan bemorlarda uchraydi. Xuddi shu holat gripp va boshqa o‘tkir respirator virusli infeksiyalarda ham sodir bo‘ladi», — deydi Ien Jons.

Ma'lum bo‘lishicha, Uxan kasalxonalarida koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlarning taxminan yarmi surunkali kasalliklar bilan og‘rigan. 

Aslida bolalar infeksiyani yuqtirishi oson emasmi?

Hammaga ayonki, bolalar nafas yo‘llari virusli infeksiyalarini yuqtirishga moyil bo‘lib, tengdoshlari orasida virus tarqalishi manbai bo‘lib xizmat qiladi, deydi Ien Jons. 

Shuning uchun, bizga bolalar viruslar oldida eng zaif ko‘rinadi. Ammo koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bu xavotirni tasdiqlamaydi. 

Ehtimol, bolalar haqiqatan ham kuchliroq immunitetga ega yoki virus bola tanasiga kirganda kamroq tajovuzkordir, shuning uchun kasallik ko‘pincha alomatsiz bo‘lib, ota-onalar bolani shifokorga olib borishmaydi. Shunga ko‘ra, bolalar orasida kasallanish haqida kamroq xabar qilingan.

Yaqin kelajakda nima uchun bolalar koronavirusdan kasallanishdan himoyalangan holatda qolayotganini tushuntiruvchi aniq izohlarga ega bo‘lamiz.

Nikolay Voronin,
Bi-bi-si rus xizmatining fan va texnologiyalar bo‘yicha muxbiri

Bolalar immuniteti nisbatan qayishqoq va yangi kasalliklarga tez moslashuvchan ekani - ko‘pchilikka ma'lum fakt. Aynan shuning uchun, masalan, qizamiq yoki suvchechak bolalarda oson kechadi, yoshi kattalar uchun esa katta muammolar tug‘diradi.

Biroz avvalroq kanadalik olimlar e'lon qilgan tadqiqotga ko‘ra, bolalar chaqaloqligida to‘qnashgan ilk gripp uning organizmining respirator virus infeksiyalari bilan kurashuvchanlik qobiliyatini belgilab beradi.

Bu esa shuni anglatadiki, epidemiya vaqtida tibbiyot xodimlari qaysidir odam u tug‘ilgan yilda qanday virus tarqalgani haqidagi ma'lumot asosida u bunga qanchalik chidamli bo‘lishini aytib bera olishadi. 

«Odamlarning gripp virusi yoki hatto koronavirusga nisbatan immuniteti infeksiya xavfiga katta ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, dastlabki immunitet odamlarni kasallikdan qanday himoyalashi yoki aksincha kasallik qarshisida nechog‘liq ojiz qolishi mavsumiy epidemiyalar yoki yangi epidemiyalar davrida xavf guruhlarini belgilashga yordam beradi», - deya qayd etadi tadqiqot mualliflaridan biri, immunolog Mettyu Miller.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top