10:26 / 13.02.2020
0
1410
Sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimida ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish reglamenti ochiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimida ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash rejalashtirilmoqda

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimida ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Reglamentga ko‘ra, ruxsatnoma Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ularning murojaatiga asosan beriladi.

Davlat dasturi doirasida xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish maqsadida faoliyat amalga oshirilganda hamda respublika hududida mavjud bo‘lmagan xomashyolar import qilinganda, xomashyolar uchun ruxsatnoma olish talab qilinmaydi.

Ruxsatnoma amal qilish muddati besh yilga beriladi.

Davlat xizmatlari markazlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi o‘rtasidagi axborot almashinuvi identifikatsiya qilish vositalarini majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo o‘zaro elektron bog‘lanish yordamida belgilangan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

 Ruxsatnoma berishdagi asosiy talab va shartlar quyidagilar hisoblanadi:

mulkka egalik huquqi yoki boshqa huquqlar asosida ariza beruvchiga tegishli bo‘lgan bino, zarur texnika va uskunalarning mavjudligi (bino, ishlab chiqarish texnologiyalari, zarur texnika va uskunalarni ijaraga olish bo‘yicha shartnoma nusxasi);

bino va inshootlarning amaldagi sanitariya talab va me'yorlariga javob berishi;

korxonaning maxsus kasb malakasiga ega (farmatsevt-texnolog mutaxassisligi-biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish uchun, texnolog mutaxassisligi-oziq-ovqat sanoati uchun, kosmetolog yoki farmatsevt-parfyumeriya-kosmetika mahsulotlari uchun) mutaxassislar bilan ta'minlanganligi;

korxonaning ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati nazoratini olib borishini ta'minlash uchun tegishli laboratoriya kompleksi (bo‘limi) mavjudligi yoki ushbu turdagi tahlillarni o‘tkazishga vakolatli organ bilan shartnoma mavjudligi;

 Ariza beruvchi ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.

Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat qilingan hollarda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda muvofiq shakldagi arizani elektron ravishda to‘ldiradi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

Respublika hududiga olib kiriladigan mahsulotlar uchun ishlab chiqaruvchi tomonidan mahsulotni O‘zbekiston hududiga olib kirish uchun mas'ul yuridik yoki jismoniy shaxslarga berilgan ishonchnoma;

biologik faol qo‘shimchalar va qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomasida davolash-profilaktika xususiyatlari qayd etilgan parfyumeriya-kosmetika mahsulotlari uchun mahsulotni dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” Davlat unitar korxonasining xulosasi;

biologik faol moddalar uchun qo‘shimcha ravishda vakolatli davolash-profilaktika muassasalari tomonidan ushbu moddaning inson organizmiga ta'siri samaradorligi bo‘yicha baholash (tadqiqot) xulosasi;

mahsulotni ishlab chiqarishga oid tegishli me'yoriy hujjatlar (Tashkilot standarti, Texnologik yo‘riqnoma, retseptura va boshqalar);

mahsulotni qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma;

dezinfeksiya vositalari va test-indikatorlar uchun mahsulotni samaradorligi bo‘yicha sinov bayonnomalari;

mahsulotni o‘zbek va rus tillarida o‘ram qadoqlari yoki ularning maketi (biologik faol qo‘shimchalarni o‘ram qadoqlarida “Biologik faol qo‘shimcha dori vositasi emas” degan yozuv bo‘lishi shart);

mahsulotlarning to‘liq tarkibi va tarkibidagi moddalarning miqdori aniq ko‘rsatilgan buyutma (mahsulotlar tarkibiga o‘simlik mahsulotlari kiritilgan bo‘lsa, o‘simliklarning botanik nomi va tarkibidagi faol moddalarning miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi shart);

chet eldan olib kelinadigan mahsulotlar uchun mashsulot ishlab chiqarilgan mamlakatning xavfsizlik sertifikati yoki ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma;

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan, akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiy muassasa tomonidan mahsulotga berilgan toksiko-gigiyenik ekspertiza xulosasi;

ariza beruvchining bino va texnik imkoniyatlari haqida ma'lumot, mavjud uskunalarning texnik pasportlarining nusxalari yoki zarur texnika va uskunalarni ijaraga olish bo‘yicha shartnoma nusxasi;

ariza beruvchi tegishli mutaxassisining (vrach, farmatsevt mutaxassisligi-farm ishlab chiqarish uchun, texnolog mutaxassisligi-oziq-ovqat sanoati, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlari uchun kosmetolog) diplom nusxasi;

davlat boji to‘langani to‘g‘risida to‘lov hujjati.

Ariza beruvchilardan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma'lumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilish qat'iyan taqiqlanadi.

Arizaga zarur ma'lumotlar rasmiylashtirilib, kiritilgandan so‘ng ariza beruvchi uni o‘z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top