10:18 / 14.02.2020
1
4767
Bosh prokuratura Yer kodeksini yangi modda bilan to‘ldirish tashabbusi bilan chiqdi

Yer kodeksi yangi modda bilan to‘ldiriladi, u qayta taqsimlanadigan qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘yicha

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan hujjatga ko‘ra, Yer kodeksiga qo‘shimchalar kiritilishi kutilyapti.

Xususan, 6-bob quyidagi mazmundagi 58-1-modda bilan to‘ldiriladi:

“58-1-modda. Qayta taqsimlanadigan qishloq xo‘jaligi yerlari

Qishloq xo‘jaligi yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslardan tuman (shahar) hokimligi ixtiyoriga vaqtincha qaytarib olingan vaqtincha (qayta tanlov o‘tkazilgunga qadar) foydalanilmay turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar qayta taqsimlanadigan yerlarni tashkil qiladi. 

Yuridik va jismoniy shaxslarning mavjud yerlari tuman (shahar) hokimligi yoki sud tomonidan yer ijara shartnomasi bekor qilinib, qayta taqsimlanadigan yerlar hisobiga olinganidan so‘ng 3 kun ichida mazkur maydonlar ochiq tanlovga chiqarilishi shart.

Agar mazkur maydonlarda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan bo‘lsa, bunday holatda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ekilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini yig‘ishtirib olingunga qadar ushbu yer maydonlari mahalliy davlat hokimiyati organlari huzurida yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyalar hamda tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer maydonlari kengashining ijobiy xulosalariga asosan yuridik shaxslarga tuman (shahar) hokimining qarori asosida biriktirib qo‘yilishi mumkin.

 Qayta tanlovga qo‘yilgan qayta taqsimlanadigan yerlarga talabgorlar chiqmasa, bu holatda bunday yer uchastkalari Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashining qarori asosida yuridik shaxslarga beriladi va ushbu qaror yer uchastkasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga asos bo‘ladi.

Qayta taqsimlanadigan yerlarda yoki uning bir qismida ko‘p yillik mevali dov-daraxtlar va tokzorlar yoki boshqa mulklar bo‘lgan taqdirda ushbu mulklar auksion savdolarini o‘tkazish orqali beriladi (realizatsiya qilinadi)”.

91-modda (O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni qaytarish):

uchinchi qismidagi (O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasi ijarachisiga yoki mulkdoriga qaytarish tegishli tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga binoan yoki sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi) “viloyat hokimining qaroriga binoan yoki” degan so‘zlardan keyin “sud buyrug‘iga yoxud” degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi;

quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga qurilgan uy-joy, bino, inshoot va boshqa ko‘chmas mulk obektlarini buzish sud buyrug‘iga yoki sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi”.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top