16:15 / 14.02.2020
3
12478
Loyiha: O‘zbekiston bo‘ylab tahoratxona va namozxonalar qurilishi mumkin

Turistik shaharlarning yirik savdo-ko‘ngilochar markazlarida, shuningdek, avtomagistrallar bo‘yida turistlar uchun sharoitlar, shu jumladan ma'lum joylarda tahorat qilish va ibodat qilish uchun sharoitlarni yaratish mo‘ljallanmoqda

Foto: azon.uz

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida turizm xizmatlarini yanada diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi “Vaqf” xayriya jamoatchilik jamg‘armasi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston turizm magistrali” (Xonobod-Mo‘ynoq) bo‘ylab turistlar uchun zarur infratuzilma obektlari (kafe, savdo nuqtalari, ma'lumot burchagi, dam olish va ko‘ngilochar joylar, tahoratxona va namozxonalar) yaratish bo‘yicha Islom taraqqiyoti banki mablag‘larini jalb qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Prezidentning 2019 yil 13 avgustidagi PF-5781-son farmoni bilan tashkil qilingan “O‘zbekiston turizm magistrali” (Xonobod-Mo‘ynoq) turizm transport koridori bo‘ylab avtomagistral yo‘llari va yo‘lbo‘yi infratuzilmasi holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi yaratilayotgan yo‘l bo‘yi infratuzilmasi obektlari joylashishini aniqlash, ularga yer uchastkalari ajratish va qurilish uchun ruxsat olish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Respublikaning turistik shaharlarining yirik savdo-ko‘ngilochar markazlarida, shuningdek avtomagistrallar bo‘yida turistlar uchun sharoitlar, shu jumladan ma'lum joylarda tahorat qilish va ibodat qilish uchun sharoitlarni yaratish bo‘yicha tashkiliy choralar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Madaniyat vazirligi, Davlat turizm qo‘mitasi va O‘zbekiston musulmonlar idorasi bilan birgalikda quyidagilarni ishlab chiqadi:

turistlar uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida jamoat joylarida tahorat va ibodat qilish joylariga xos namunaviy talablar;

ziyorat qadamjolarida bo‘lish, madaniy va ibodat binolarini ziyorat qilish qoidalari.

Madaniyat vazirligi, “Vaqf” fondi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turizm aylanmasiga kiritilgan moddiy-madaniy meros obektlari sonini, ularni turizm aylanmasiga kiritish mexanizmini ko‘rsatgan holda (inventerizatsiya o‘tkazish va aniq mezonlar bo‘yicha yuqori salohiyatli obektlarni aniqlash, infoturlar tashkillashtirish, obektlarni targ‘ib qilish) 800taga yetkazish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, tasdiqlaydilar.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top