20:53 / 14.02.2020
0
5490
Qarshidagi sobiq «Ehtiyot qismlar bozori» haqidagi maqolaga Oliy sud munosabat bildirdi

Kun.uz 13 fevral kuni «Qarshidagi sobiq «Ehtiyot qismlar bozori» haqiqiy egasiga qaytarilmayapti: 14 yillik sarsongarchilik qachon barham topadi?» sarlavhali maqola e'lon qilgan edi.

Oliy sud matbuot xizmati maqola yuzasidan munosabat bildirdi. Quyida munosabat matni to‘liq keltirib o‘tiladi.

«2018 yil 21 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi J. Tirkashev tomonidan da'vogar Erkin Safarovning fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2016 yil 8 iyuldagi hal qiluv qarori va Qashqadaryo viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2017 yil 4 iyuldagi ajrimiga nisbatan keltirgan nazorat tartibidagi shikoyati o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, da'vogar E. Safarov javobgarlar «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi» MChJ, Qarshi shahar hokimligi va Qarshi shahar «Yermulkkadastr» DKga nisbatan sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilib, unda javobgar «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi MChJni Qarshi shahar Jayhun ko‘chasida joylashgan o‘ziga tegishli Qurilish materiallari bozoridan majburiy tartibda chiqarish va ushbu majmuani qaytarib olish, inshootni o‘zini nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini Qarshi shahar «Yermulkkadastr» DKga yuklashni so‘ragan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2017 yil 4 iyuldagi ajrimi bilan o‘zgarishsiz qoldirilgan Qarshi tumanlararo sudining 2016 yil 8 iyulda qabul qilingan hal qiluv qarori bilan E. Safarovning da'vo talablari rad qilingan.

Da'vogar E. Safarov nazorat tartibidagi shikoyatida sud qarorlarini bekor qilishni so‘ragan.

Quyidagilarga ko‘ra, da'vogar E. Safarovning nazorat tartibidagi shikoyatini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjud emas deb hisoblangan.

Sud hujjatlaridan ko‘rinishicha, Qarshi shahar hokimining 2001 yil 12 yanvardagi X-19/1-sonli qarori bilan Qarshi shahar «Chori-S» xususiy firmasiga «Qurilish materillari bozori» qurish uchun Qarshi shahar Jayhun ko‘chasidan 3,8 ga yer maydoni ajratilgan.

Qarshi shahar «Chori-S» xususiy firmasi 2001 yil 16 iyunda notarial tasdiqlangan shartnomaga binoan bozor majmuasini E. Safarovga hadya qilgan.

Qashqadaryo viloyat Adliya boshqarmasida 2003 yil 2 dekabrda Qarshi shahar «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi» MChJ 38-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, MChJ Ustavining ta'sischilari sifatida Qarshi shahar hokimligi 51 foizni, qolgan 49 foizi esa E. Safarov ulushga ega bo‘lgan.

2004 yil 15 aprelda notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasiga asosan E. Safarov qurilish materillari bozorini T. Safarovga sotgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2007 yil 10 iyuldagi hal qiluv qarori bilan qayd etilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topilib, E. Safarov «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi» MChJning ta'sischilar safidan chiqarilgan, qurilish materiallari bozori nomi o‘zgartirilib, «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi» MChJ deb qaytadan nomlash majburiyati yuklatilgan.

Sudning ushbu hal qiluv qarorida ko‘rsatilishicha, qurilish materiallari bozori alohida yuridik shaxs sifatida tashkil etilmagan yoki shu nomdagi yuridik shaxs mavjud bo‘lmasdan faqatgina kadastr hujjatlarida qayd etilganligi, qurilish materiallari bozoridan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi» MChJ foydalanish huquqi bilan egallab kelgan bo‘lsa-da, 2004 yil 15 aprelda bozor sotilib ketilganligi aniqlangan.

Qarshi shahar hokimining 2014 yil 30 dekabrdagi X-1493/12-sonli qarori bilan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi» MChJ nomiga qurilish materiallari bozori davlat ro‘yxatidan o‘tgan va bu haqda guvohnomalar berilgan.

Demak, qurilish materiallari bozori «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi» MChJ mulkdor hisoblanadi hamda unda da'vogar E. Safarov mulkdor hisoblanmaydi.

Aksincha, «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» savdo kompleksi» MChJ Nizomining 1.3-bandida MChJ ta'sischilari sifatida Qarshi shahar hokimligi 51 foiz, qolgan 49 foizi esa B. Allashev ulushga ega hisoblanadi.

Sudlar qonun talabi va aniqlangan ish holatlaridan kelib chiqib, da'vogarning da'vo talablarini rad qilish haqida qonuniy va asosli xulosaga kelgan.

Shunday xulosaga kelishda, sudlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 164-moddasiga asoslanib, taraflarning o‘rtalarida bo‘lgan munosabatlarga to‘g‘ri baho berilgan.

Shunga ko‘ra, da'vogar E. Safarovning shikoyati bo‘yicha sud hujjatlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish uchun asoslar mavjud emas deb topilgan.

Bundan tashqari, E. Safarovning ishonchli vakili Ch. Safarov sud qarorlaridan norozi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining qabuli hamda rais o‘rinbosarining sayyor qabulida topshirgan shikoyati fuqarolik ishi asosida takroran o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2017 yil 4 iyuldagi ajrimi bilan o‘zgarishsiz qoldirilgan Qarshi tumanlararo sudining 2016 yil 8 iyulda qabul qilingan hal qiluv qarori bilan da'vogar E. Safarovning javobgarlar «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ, Qarshi shahar hokimligi va Qarshi shahar «Yermulkkadastr» DKga nisbatan javobgar «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJni Qarshi shahar Jayhun ko‘chasida joylashgan o‘ziga tegishli «Qurilish materiallari bozori»dan majburiy tartibda chiqarish, ushbu majmuani qaytarib olish, inshootni o‘zini nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini Qarshi shahar «Yermulkkadastr» DKga yuklash haqidagi da'vo talablari rad qilingan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2007 yil 10 iyuldagi hal qiluv qarori bilan E. Safarov tomonidan nizoli qurilish materiallari bozorini T. Safarovga sotish haqidagi 2004 yil 15 aprelda notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topilib, E. Safarov «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJning ta'sischilar safidan chiqarilgan, qurilish materiallari bozori nomi o‘zgartirilib, «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» deb qaytadan nomlash majburiyati yuklatilgan.

Garchi, shikoyat vajlarida nizoli mulk Qarshi shahar «Chori-S» xususiy firmasi tomonidan 2001 yil 16 iyunda notarial tasdiqlangan shartnomaga binoan E. Safarovga hadya shartnomasi asosida rasmiylashtirib berilganligi, E. Safarovga «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJning ustavdagi (49%) tegishli ulushi nizoli mulk bilan emas balki pul shaklida shakllantirilganligi, sud qarori bilan nizoli mulk «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJning mulki deb topilmaganligi va uning nomiga o‘tkazilmaganligi, hozirgi kunda nizoli mulk E. Safarovga tegishli ekanligini ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ushbu vajlar Qarshi shahar hokimining 2014 yil 30 dekabrdagi X-1493/12-sonli qarori bilan inkor etiladi. Zero, hokimlikning ushbu qarori bilan nizoli mulk «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ nomiga egaligi belgilangan va tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda bu haqda guvohnomalar berilgan.

Bunday holatda, nizoli mulk E. Safarovga tegishli deb bo‘lmaydi va ish bo‘yicha qabul qilingan sud qarorlari qonuniy va asosli chiqarilgan hisoblanadi. 

Shu bilan birga, Ch. Safarovga E. Safarov tomonidan «Ixtisoslashtirilgan avtomobillar bozori» MChJ ustav fondiga kiritilgan 49 foiz ulushini mazkur MChJdan talab qilish huquqi borligi tushuntirilgan.

2017 yil 1 aprelga qadar amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 350-moddasi 4-qismiga ko‘ra, hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab uch yil o‘tgandan so‘ng berilgan arizalar ko‘rilmaydi.

Nazorat tartibida shikoyat keltirish muddati qat'iy bo‘lib, uning tiklanishi nazarda tutilmaganligi sababli Ch. Safarovning shikoyati ko‘rilmasdan qoldirilgan», – deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan munosabatda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top