14:19 / 15.02.2020
0
12685
AQSh «Tolibon» bilan kelishuvga erishdi
Foto: Army.mil

AQSh rasmiylari va «Tolibon» harakati vakillari yaqin orada kuchga kiradigan yetti kunlik sulh to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda. 

Ushbu davrning muvaffaqiyatli yakunlanishi o‘t ochishning rasman to‘xtatilishiga, afg‘onlararo muloqotning boshlanishiga va Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan yakuniy olib chiqilishi uchun sharoit yaratilishiga olib kelishi mumkin. Avvalroq, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo va Pentagon rahbari Mark Esper Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘aniy bilan uchrashgan edi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas AQSh va «Tolibon» o‘rtasidagi ehtimoliy sulhni olqishladi. Shu bilan birga, diplomat qo‘shimcha qildi: «Biz birgalikda Afg‘onistonga kirdik va birgalikda chiqib ketamiz. Biz o‘z nuqtai nazarimiz bo‘yicha ushbu tamoyilga amal qilishimiz kerak, chunki Afg‘onistondagi nemis kontingenti son bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi».

Maas uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun Afg‘onistonda tinchlik muzokaralari zarurligini ta'kidladi.

Vashington va «Tolibon» kelishuvga erishgani to‘g‘risida ma'lum qilishi mumkinligi haqida AQSh rahbari Donald Tramp o‘tgan payshanba kuni aytib o‘tdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, AQSh o‘z harbiylarini vatanga qaytarishni xohlaydi. Vashington toliblar Afg‘onistonda jangovar harakatlar muntazamligini amalda kamaytirishga tayyorligini namoyish qilishi lozim, deb hisoblaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top