18:33 / 15.02.2020
0
6799
Maktab o‘quvchilari XTV tomonidan ishlab chiqilgan Edu Market platformasi orqali pul ishlab topishi mumkin

Xalq ta'limi vazirligi maktab o‘quvchilariga internet orqali qonuniy pul ishlash imkoniyatlarini o‘rgatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda vazir Sherzod Shermatov 15 fevral kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib o‘tgan Edu Market interfaol-virtual ta'lim dasturining taqdimotida ma'lum qildi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

“Hozirgi kunda o‘quvchilar ko‘p vaqtini smartfon yoki planshetlardan foydalanib o‘tkazadi. Shuni inobatga olib, bolalarga vaqtdan samarali foydalanishlari uchun yangi platforma yaratdik. Ushbu platforma Edu Market deb nomlanadi. Edu Market loyihasi orqali o‘quvchilarga bilim olish uchun yangi imkoniyat berish bilan birga, bilim olish qiziq ekanini ko‘rsatmoqchimiz. Kelajakda mazkur platforma yordamida yoshlar uchun foydali, kasb egallash imkoniyatini beruvchi ma'lumotlar berib borish rejalashtirilgan. Jumladan, yuqori sinf o‘quvchilariga internet orqali qonuniy pul ishlash imkoniyatlarini o‘rgatish ham rejalashtirilgan. Bu esa ularning kelajakda qo‘shimcha daromad topishiga imkoniyat yaratadi”, - dedi xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov.

Taqdimotda aytilishicha, Edu Market platformasi Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tashabbusi asosida Game Zale kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Platforma zamonaviy texnologiyalar dunyosida bolalarning rivojlanish mashqlari shaklida, ya'ni yoshga qarab sinflarni tanlash orqali teng imkoniyatlarni ta'minlash, IT ko‘nikmalar hamda diqqat, xotira va mantiqiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan.

“Edu Market platformasi ta'lim faoliyatida yangi usul va uslublarni yaratib, uning sifatini oshirish uchun katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Shubhasiz, bu o‘qituvchining o‘quv va ilmiy-tadqiqot faoliyatida o‘z ustida ishlash lozimligini talab qilib, o‘quvchilarning bilim faolligini oshiradi. O‘quv jarayonini yanada yorqinroq va qiziqarli qiladi. Hozirgi kunga kelib, platformaning demo-versiyasi Toshkent shahridagi 94-umumta'lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida sinovdan o‘tkazildi. Edu Market bolalarning ta'limga qiziqishini oshirishda samarali o‘qitish vositasi bo‘lib xizmat qiladi”, - deydi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi direktori Rustam Karimjonov.

Loyiha mualliflari ma'lum qilishicha, platformaning tarkibiy qismlariga virtual maktab, virtual kutubxona, onlayn o‘qitish tizimi, o‘quvchilarning onlayn o‘zlashtirish statistikasi, o‘quv mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli yakunlash uchun o‘quvchilarni rag‘batlantirish tizimi va boshqalar kiradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top