16:05 / 15.02.2020
0
40324
«Manchester Siti» yevrokuboklardan chetlatildi. Klub nega jazolandi?
Foto: Victoria Haydn/Getty Images

«Manchester Siti»ga kuchli zarba berildi. «Shaharliklar» moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzgani uchun UYeFA tomonidan Chempionlar Ligasidan chetlatilgan ilk grand klub bo‘ldi.

Ma'lum bo‘lishicha, «Manchester Siti» 2012-2016 yillarda homiylardan olgan daromadlarini oshirib ko‘rsatgan hamda UYeFAni chalg‘itib, litsenziyalash va moliyaviy feyr-pley qoidalarini jiddiy tarzda buzgan.

«Sud palatasi barcha dalillarni o‘rganib chiqib, «Manchester Siti» klubi 2012-2016 yillarda homiylardan olgan daromadlarini oshirib ko‘rsatganini, natijada UYeFAning litsenziyalash va moliyaviy feyr-pley qoidalarini jiddiy tarzda buzganini aniqladi», - deyiladi tashkilot xabarida.

Endi klub ikki mavsum davomida (2020/21 va 2021/22) yevrokuboklarda o‘ynamaydi va 30 mln yevro miqdorida jarima to‘laydi.

Hammasi qanday boshlangan?

2008 yil yozida «Manchester Siti» klubi Abu Dhabi United Group (ADUG) ixtiyoriga o‘tgandi. Moliyaviy tashkilot rahbari shayx Mansur bin Zayd Oli Nahayon tailandlik Taksit Chinnavatdan klubning 90 foiz aksiyasini, 1 yil o‘tgach esa qolgan 10 foiz aksiyasini ham sotib olgan. Natijada ADUG «Manchester Siti» klubining yagona xo‘jayiniga aylandi.

Klub oldiga qisqa muddat ichida Yevropaning top-klublari safiga kirish vazifasi qo‘yildi. Shayx Mansur bu maqsadga erishish uchun pulni ayamasligini ma'lum qildi.

«Chelsi» yoki «Barselona» kabi klublarni mag‘lub etish uchun kamida 22 nafar yulduz futbolchi olish kerak. Pul – muammo emas. Muhimi – jamoa Yevropada yetakchilar safiga kirishi lozim, buning uchun har bir nuqtada top-futbolchi o‘ynashi kerak», - degandi u.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida Abu Dhabi United Group «Manchester Siti» klubiga 1,8 milliard yevro mablag‘ kiritgan. Xarid qilingan futbolchilardan esa bir emas, bir necha kuchli jamoa tuzish mumkin: Pablo Sabaleta, Vensan Kompani, Tal Ben-Xaim, Jo, Shey Given, Nayjyel De Yong, Kreyg Bellami, Robino, Garet Barri, Silvino, Kolo Ture, Emmanuel Adebayor, Joleon Leskott, Karlos Teves, Roke Santa Krus, Patrik Viyeyra, Adam Jonson, Aleksandar Kolarov, Jyerom Boateng, Yahyo Ture, Jyeyms Milner, David Silva, Mario Balotelli, Edin Jyeko, Samir Nasri, Serxio Aguero, Gael Klishi, Ouen Hargrivz, Martin Demikelis, Fernandino, Xesus Navas, Alvaro Negredo, Klaudio Bravo, Benjamen Mendi, Ederson, Bernardu Silva, Kayl Uoker, Jon Stounz, Leroy Sane. Bu ro‘yxatni yana davom ettirsa bo‘ladi.

Shu vaqt mobaynida jamoada Mark Xyuz, Roberto Manchini, Manuel Pellegrini bosh murabbiy bo‘lib ishladi. Ayni paytda klubni Pep Gvardiola boshqaryapti.

Shayx Mansur qo‘l ostida «Manchester Siti» o‘z tarixidagi eng yaxshi davrni o‘tkazmoqda. Klub 4 marta APL g‘olibi bo‘ldi (bungacha atigi 2 marta). Angliya Kubogida 2 marta g‘alaba qozondi. 4 marta Liga Kubogida, 3 marta Angliya Superkubogida zafar quchdi.

Ammo klub asosiy maqsadlaridan biri – xalqaro maydonlarda yutuqqa erisholmadi. Endi esa moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzgani uchun UYeFA tomonidan jazolanmoqda.

Moliyaviy feyr-pley nima?

Moliyaviy feyr-pley UYeFA tomonidan 2010 yilda qabul qilingan va 2011 yildan beri amal qiladigan qoidalar bo‘lib, Yevropa klublarining moliyaviy barqarorligining yaxshilanishiga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasidan iborat. Unga ko‘ra, klubning xarajatlari daromadlardan oshib ketmasligi, ya'ni daromadga yarasha xarajat qilish lozim.

2011 yildan boshlab UYeFA qaramog‘idagi turnirlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan klublar boshqalar, futbolchilar, ijtimoiy/soliq xizmatlari oldida muddati o‘tgan qarzlari yo‘q ekanini isbotlashi lozim. Boshqacha aytganda, ular barcha moliyaviy majburiyatlarini bajargan bo‘lishi shart. 2013 yildan boshlab esa klublar moliyaviy zararsiz faoliyat yuritayotganini tasdiqlashi lozim.

UYeFA xarajatlari daromadlardan oshib ketgan, ya'ni moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzgan klublarga nisbatan ogohlantirish, hayfsan, jarima, ochkolardan mahrum qilish, UYeFA turnirlarida olingan mukofot pullaridan mahrum qilish, UYeFA turnirlarida yangi futbolchilarni qaydnomaga kiritishdan mahrum qilish, UYeFA turnirlarida qaydnomaga kiritiladigan futbolchilar sonini cheklash, joriy yoki kelajakdagi turnirlardan chetlatish, mukofot va sovrinlardan mahrum qilish kabi jazo choralarini qo‘llashi mumkin.

Yana bir muhim qoida – klub egasining homiylik mablag‘lari bilan bog‘liq. Agar u o‘ziga tegishli kompaniya orqali klubga pul kiritsa, UYeFA buni tekshiradi va bitimdagi daromadlar bilan xarajatlar nisbatini bozor narxlari asosida taqqoslaydi. Boshqacha aytganda, haddan ziyod ko‘p mablag‘larning asossiz tarzda klubga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Har qanday biznes kabi, klublarda ham moliyaviy zarar bo‘lishi tabiiy hol. Ammo UYeFA xarajatlarning daromadlardan oshib ketishi chegarasini belgilab bergan: 1 mavsum uchun zarar miqdori 30 mln yevro qilib ko‘rsatilgan.

So‘nggi yillarda UYeFA moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzgan klublarga nisbatan qattiq jazo choralarini qo‘llashni boshladi. Ko‘plab klublar katta miqdorda jarimaga tortildi, mukofot pullaridan mahrum qilindi. Ularning eng mashhuri – Italiyaning «Milan» klubi 2019 yilda 1 mavsumga Yevropa Ligasidan chetlatildi. 

«Manchester Siti» bilan bog‘liq vaziyatga baho beradigan bo‘lsak, xalqaro maydonlarda katta g‘alabalarga erishmagan klubning transferlarga juda ko‘p mablag‘ sarflayotgani va bunda biror zarar ko‘rmasligi shubhali holat. UYeFA o‘z qarori sabablarini batafsil ochiqlamagan bo‘lsa-da, «shaharliklar»ning jazolanishi katta ehtimol bilan xufyona homiylikka bog‘liq.

«Manchester Siti»ning reaksiyasi

«Manchester Siti» klubi UYeFA qaroriga zudlik bilan munosabat bildirib, Sport arbitraj sudiga (CAS) shikoyat berishini e'lon qildi.

«Manchester Siti» UYeFA qaroridan afsusda, ammo aslo hayron emas. Klub o‘z nuqtayi nazarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi ko‘plab dalillarni mustaqil tashkilot tomonidan ko‘rib chiqilishiga o‘tkir ehtiyoj sezib kelmoqda. Biz UYeFA intizom qo‘mitasiga shikoyat yo‘lladik. Chunki bu ish UYeFA tomonidan qo‘zg‘atildi, surishtiruv o‘tkazildi va tan olindi. UYeFA «Manchester Siti» klubiga nisbatan qasddan shunday yo‘l tutdi. Biz bu ishni Sport arbitraj sudida (CAS) qayta ko‘rib chiqilishiga erishamiz», – deyiladi bayonotda.

La Liga rahbarining munosabati

Ispaniya La Ligasi prezidenti Xaver Tebas «Manchester Siti»ning yevrokuboklardan chetlatilishiga ijobiy baho berdi.

«Nihoyat UYeFA qat'iy choralarni ko‘rmoqda. Moliyaviy feyr-pley qoidalariga amal qilinishini ta'minlash va xufyona homiylarga qarshi kurashish futbolning kelajagi uchun kerak. Endi bizda yaxshi amaliyot bor», - dedi Tebas.

Qayd etish joizki, Tebas bir necha yildan beri «Manchester Siti» va «PSJ» klublarini moliyaviy feyr-pleyni buzganlikda, UYeFAni esa bu qoidabuzarliklarga ko‘z yumayotganlikda ayblab kelayotgan edi.

«Manchester Siti»ni nima kutmoqda?

Moliyaviy ekspert Kiran Maguayrning so‘zlariga ko‘ra, yevrokuboklardan chetlatilishi oqibatida «Manchester Siti» taxminan 300 mln funt yo‘qotishi mumkin. Bu esa klub kelajagiga salbiy ta'sir qiladi.

«Manchester Siti» Chempionlar Ligasida ishtirok etmasa, UYeFA tomonidan beriladigan 100 mln funt mukofotdan mahrum bo‘ladi. Bunga 30-40 mln funt miqdoridagi uy o‘yinlarida olinadigan daromadlarni ham qo‘shish kerak. Qo‘shimchasiga bir necha homiylar hamkorlikni to‘xtatadi yoki moliyaviy yordamni qisqartiradi. Bu yo‘qotishlar klubning kelajagiga raxna solishi mumkin», - dedi Maguayr Sky Spors telekanali efirida.

The Independent nashri xabariga ko‘ra, Angliya Premer-Ligasi (APL) ham moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzgan «Manchester Siti»ni jazolashi mumkin. Chunki klub APL litsenziyasini olish vaqtida UYeFA tashkilotiga jo‘natgan hisobotidan farqli ma'lumotlarni taqdim qilgan. Yangi qoidalarga ko‘ra, «Siti» APLdan tushirib yuborilishi kerak. Biroq, katta ehtimol bilan bu holat yuz bermaydi. Jazoning qanday bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi.

ESPN nashri xabariga ko‘ra, klubga nisbatan qo‘llangan jazo chorasi murabbiylar shtabi a'zolari va bir qancha futbolchilarni o‘yga cho‘mdirgan.

Xususan, bosh murabbiy Xosep Gvardiola klubdagi kelajagidan xavotirga tushgan. 2016 yildan beri «shaharliklar»ni boshqarayotgan ispaniyalik mutaxassis mavsum yakunlanganidan so‘ng, bu haqda jiddiy bosh qotirishga qaror qilgan. Agar Gvardiola «Manchester Siti»ni tark etsa, ko‘chada qolmasligi aniq. Uning xizmatiga sobiq klubi «Barselona» qiziqish bildirayotgani haqida mish-mishlar bor. Gvardiolaning «Siti» bilan imzolagan shartnomasi 2021 yil yozigacha mo‘ljallangan.

Agar UYeFA tomonidan qabul qilingan qaror o‘z kuchida qoladigan bo‘lsa, «Manchester Siti»ni yozda bir qancha yetakchi futbolchilar ham tark etishi mumkin. 

Gvardiola bosh aybdor, ammo UYeFA «Manchester Siti»ni kechiradi?

Mashhur futbol agenti Dmitriy Selyuk «Manchester Siti»ning ko‘rguliklarida bosh murabbiy Xosep Gvardiolani aybladi.

«Gvardiola aql bovar qilmas pullarni sarflashi haqida har doim aytganman. Bosh direktor va moliyaviy direktor ham aybdor. Ular murabbiyning «ishtahasini» pasaytirishi lozim edi. «Milliardlab pullar sarflandi, ammo Chempionlar Ligasida g‘olib chiqmadik. Balki endi to‘xtarmiz?!», - deyishlari kerak edi. Endi esa muxlislar aziyat chekishadi. Albatta bundan xursand emasman, shunchaki ajoyib jamoaning yevrokuboklardan chetda qolishidan afsusdaman», - dedi Selyuk.

Mutaxassis fikriga ko‘ra, oxir oqibatda UYeFA klubni kechiradi.

«Menimcha klub apellyatsiya beradi va UYeFA ularni kechiradi», – dedi Selyuk.

Aytish joizki, UYeFAning bu qarori barcha uchun kutilmagan bo‘ldi. Bu faqat qog‘ozda qolib ketayotgani tanqid qilingan moliyaviy feyr-pley qoidalari amalda ham qo‘llana boshlaganini ko‘rsatmoqdami? Agar javob ijobiy bo‘lsa, u holda UYeFAning navbatdagi qurboni kim bo‘ladi? Balki «PSJ»? Voqealar rivojining qanday kechishini vaqt ko‘rsatadi. Hammasini kuzatib boramiz.

Nurmuhammad Said

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top