16:10 / 15.02.2020
7
22223
«Migrantni tuhmat bilan qamab yuborish oson» – yurist Rossiya huquq tizimi va muhojirlar haqida

«Rossiyadan muhojirlarni chiqarib yuborish bilan bog‘liq sudlar odatda 2-3 daqiqa davom etadi. Rossiyalik fuqaro bir jinoyat uchun 5 yilga qamalsa, O‘zbekiston fuqarosi xuddi shu qilmishi uchun maksimal muddat olib, 10 yilga qamaladi», deydi Rossiyada ishlayotgan muhojirlar ishlari bo‘yicha huquqshunos Botirjon Shermuhammad.

Migrant.mobi huquqiy portali yuristi Botirjon Shermuhammad Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Rossiyadagi mehnat migrantlari duch kelayotgan muammolar, Rossiya sud-huquq tizimida migrantlar masalalari qanday ko‘rib chiqilishiga doir fikrlarini bildirdi.

«Umuman olganda, Rossiyadagi muhojirlarning muammolari ko‘p. Ularni huquqiy jihatdan eng himoyalanmagan qatlam desak ham bo‘ladi. Buning sabablari bir nechta:

  • tilni yaxshi bilmaslik;
  • huquqiy bilimlarining yetishmasligi;
  • ularga taqdim etiladigan davlat himoyachilarining kamligi kabilar shular jumlasidan.

Aslida, Rossiyaning sud va qonunchilik tizimida muammo bor. Ya'ni rus fuqarolarining ham tuhmat yoki boshqa bir holatlar vositasida qamalib ketish hollari uchrab turadi. Misol uchun, jurnalist Golunov voqeasini yodga olish kifoya. Hech qanday aybi yo‘q jurnalistga narkotik moddalarni solib qo‘yishib, qamashga urinishdi, faqatgina jamoatchilik va jurnalistlar talabi bilan qo‘yib yuborildi. Uning o‘rnida oddiy odam bo‘lganida qamalib ketishi mumkin edi.

Bunga o‘xshash holatlar ko‘p. Bunga asosiy sabab – Rossiya IIV tizimida sobiq ittifoqdan qolgan ichki ishlar xodimlari faoliyatini baholash tizimi. Jinoyatchilikka oid statistika ma'lumotlarida, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan shunchaga kamaydi, deyiladi.

Misol uchun, o‘tgan yilda 10ta odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, bu yil yakuni bo‘yicha bu raqamni keskin kamaytirish yoki ko‘paytirib yuborish mumkin emas. Ko‘paysa, rahbariyatdan yaxshi ishlamayotgani uchun tanbeh eshitadi, kamaysa, kelasi yilda bu jinoyat bilan bog‘liq raqam ortib ketsa, yana tanbeh eshitadi.

Shu bois, ular sun'iy ravishda jinoyatchilik bilan bog‘liq raqamlarni o‘tgan yildagidan yaxshiroq qilib, ushlab turishga harakat qilishadi. Masalan, 2019 yilda 5ta ma'lum bir jinoyat qayd etildi. 2018da 10ta edi. Yetmayotgan 2-3ta jinoyatni qayerdan oladi? Jinoyatchilikni sun'iy yaratadi, bunda eng qo‘l keladigani – migrantlardir. Ya'ni migrantlarning tilni bilmasligi, advokati yo‘qligidan foydalangan holda ayrim hujjatlarga imzo qo‘ydirish holatlari ancha ko‘p.

Mana yaqinda bo‘lgan bir voqea. 11 oy avval bir tanishimizni ushlashgan. Menga qo‘ng‘iroq qildi. Biz ertasi kuni yetib borgunimizcha, davlat tomonidan tayinlangan advokat ishtirokida ilk surishtiruv ishlarini olib borgan. Savollar bergan, bo‘yniga olganiga doir imzo qo‘ydirgan. U bola ruschani yaxshi bilmaydi, ammo imzo qo‘ygan tilxatida men rus maktabida o‘qiganman, tarjimon kerak emas, deya qayd etilgan. O‘zidan so‘rasak, tushunmaydi ham, xabari ham yo‘q.

Muammo nimada? Muammo shundaki, himoyachi ham ta'kidlaganidek, birinchi ko‘rsatmalarning ahamiyati katta. Sud o‘sha birinchi ko‘rsatmalarni ko‘proq inobatga oladi, yaxshiroq advokat bilan keyingi bergan ko‘rsatmalaringiz e'tiborga olinmaydi. Rossiya sud-huquq tizimida mana shunday muammolar juda ko‘p uchraydi. Bu-ku jinoiy sudlar haqidagi gaplarimiz.

Deportatsiya bilan bog‘liq ma'muriy sudlarda ham ahvol shu. Mamlakatdan chiqarib yuborish bilan bog‘liq sudlar odatda 2-3 daqiqa davom etadi. 10-15 nafar migrantni olib kelishadi. Ba'zida, ular sud zalini ko‘rishmaydi ham. 5-10 daqiqada sud qarorini tayyorlab berib yuborishadi.

Ishni ko‘rib chiqib, nima bo‘lganini aniqlash yo‘q. Tarjimoni bormi, tilni biladimi, bu bilan ham ishi yo‘q», – deydi huquqshunos.

– Migrantlar nomusga tegish, zo‘rlash, nomusga tajovuz qilish yoki o‘g‘rilik, yo bo‘lmasa giyohvand moddalar bilan savdo qilish kabi o‘ta og‘ir jinoyatlarda gumonlanishi ko‘p uchramoqda. Siz bu jinoyatlarni o‘zlari keskin rad etgan gumonlanuvchilar bilan ko‘rishib, suhbatlashganmisiz?

– Albatta. Menga har ikki kunda bir qaysidir mehnat muhojiri shunga o‘xshash jinoiy ish bo‘yicha qo‘ng‘iroq qiladi. Biz advokat emasmiz, jinoiy ishlarda tergov jarayonida ishtirok etish huquqimiz yo‘q. Biz faqat sudda qatnasha olamiz, tergov-surishtiruv jarayonlarida emas. Qo‘ng‘iroq qilganlarning aksariyati rus tilini yaxshi bilmaydi, ularga o‘zbek tilini yaxshi tushunadigan advokat kerak bo‘ladi.

Oxirgi paytlar migrantlarni og‘ir jinoyatlarda ayblash juda ko‘paydi. O‘zimizning qishloqdan bo‘lgan bir vatandoshimiz 12 yilga qamalib ketdi. U mahalliy ayolga uylangan edi. U ayolning avvalgi turmushidan bir qizi bo‘lgan. Eri bilan munosabati buzilib turgan vaqtda, qizining nomusiga tegishga tajovuz bo‘ldi, deya tuhmat qilgan, oqibatda 12 yilga qamaldi.

Shu bilan birga, Rossiyaning ayrim hududlarida prokuratura yoki politsiyada qarindoshi borlarning ishi osonlikcha hal bo‘ladi, noqonuniy bo‘lsa ham. Shuning uchun men bir necha marotaba maslahat berdimki, bunday ishlarni mahalliy hokimiyat ta'sir ko‘rsata olmaydigan boshqa hududlar, masalan, Moskvada ko‘rish kerak.

– Nega endi o‘ta og‘ir jinoyatlar migrantlar zimmasiga yuklanmoqda?

– Chunki o‘ta og‘ir yoki og‘ir jinoyatlarni Rossiya fuqarosi zimmasiga qo‘yish qiyin. Tilni biladi, advokat olish imkoniyati bor. Buni isbotlash, turli dalillarni ko‘rsatish talab etiladi.

Bizdan kelgan migrantlarning bo‘yniga qo‘yish esa ancha osonroq. Shuning uchun statistikani to‘g‘rilash maqsadida bunday holatlar ko‘p uchrayapti. Rossiya politsiyasi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan emas, ko‘proq statistika uchun ishlayapti.

Yaqinda bir vatandosh ayol bilan gaplashib qoldik. Uning aytishicha, eri tuhmat bilan 12 yoki 15 yilga qamalgan. Keyinchalik, o‘sha tuhmatni qilgan rus ayoli o‘zbek ayolga qo‘ng‘iroq qilib, uzr so‘ragan, bu uyushtirilgan edi, deb tan olgan. Ammo, bir o‘zbek yigiti uzoq muddatga qamalib ketmoqda.

Endi bunaqa ishlar tuhmat bilan yoki birorta materialni boshqa bir migrantning bo‘yniga qo‘yish bilan bo‘ladi-da, boshqa varianti yo‘q. Mana oddiy jurnalist Golunov ishi bunga yaqqol misol.

Aslida, o‘sha mulozimlarga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi talab etiladi, ammo ular ishdan bo‘shatildi, xolos. Rossiyada bunday holatlar juda ko‘p, hatto o‘z fuqarolariga nisbatan ham mana shunaqa uyushtirishlar yetarlicha uchraydi. Aytmoqchi bo‘lganim, Rossiyaning aksariyat aholisi o‘qimishli bo‘lgan jamiyat uchun bunday holatlar ko‘plik qiladi. Ular bundan voz kechishlari kerak.

Bu yerda yana bir narsa borki, rossiyalik fuqaro ayni jinoyat uchun tilni bilgani, yetarli himoyaga ega bo‘lgani bois, 5 yillarga qamalsa, o‘zbekistonlik fuqaro xuddi shu qilmishi uchun maksimal muddat oladi, ya'ni 10 yilga qamalganlar bor. Mayda ishlar sababli qamalib ketganlar ham ko‘p.

– Aslida, sud jarayonida, tergovda, dastlabki surishtiruv vaqtida yozilgan narsalarni chig‘iriqdan o‘tkazish talab etiladi. Ammo yuqorida birinchi bergan ko‘rsatmasi muhim rol o‘ynaydi, dedingiz. Bu sud hokimiyatiga ijro organlari, xususan, IIV idoralaridan bosimni anglatadimi yoki sudning mustaqil emasligini namoyon etadimi, nimani bildiradi?

– Bu yerda, ko‘proq, mahalliy hokimiyat bilan o‘zaro yozilmagan kelishuvlar bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Ya'ni men sening ishingni qaytarmayman, statistikangni buzmayman, sen mening ustimdan shikoyat yozmaysan qabilida.

Bu kabi holatlar bizda ham bo‘lgan ilgarilari, hozir bilmadim. Biz ko‘proq ma'muriy ishlarda ishtirok etganmiz. Sudlarda politsiya xodimi nimani yozib bersa, shunga ishonish bor. Qo‘lida oltita patenti bor, ish gaplashishga borgan joyida rasmga olib, ishlayapti, deb mamlakatdan chiqarib yuborishni so‘rayapti. Biz, migrantning ishchi kiyimida emasligiga e'tibor qaratyapmiz, o‘rganish zarurligini so‘rayapmiz. Bir xonaga odam kirsa, ishlayotgan bo‘lib qolmaydi, deyapmiz.

Bilasizmi, Moskva ma'muriy sudlarida bir xil ish bo‘yicha ikki xil qaror chiqarilgan holatlar ham ko‘p. Bir masala bo‘yicha ma'lum bir sud chiqargan qaror boshqalarida ham takrorlanishi kerak. Davlatda bir xil turdagi ishlar bo‘yicha bir xil munosabat bo‘lishi shart.

– O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari Rossiyada jinoyat sodir etib qamalganlarni O‘zbekistonga qaytarish masalasida muzokaralar olib borayotganini eshitdik. Bu qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

– Endi, mening fikrimcha, Rossiya qamoqxonalarida saqlanayotgan vatandoshlarni O‘zbekistonga ko‘chirish yaxshi bo‘ladi. Birinchidan, bu yer qarindoshlariga uzoq. 5-10 yil qamalganlarni yaqinlari kelib, ko‘rib ketish imkoni yo‘q bu yerda.

Bundan tashqari, tuhmat bilan qamalganlar, ularning ishini qayta ko‘rib chiqish, amnistiya qo‘llash imkoniyatlari bo‘ladi. Rossiyada juda kam amnistiya e'lon qilinadi. O‘zbekistonda esa ko‘p sabablar bilan amnistiya e'lon qilinyapti.

Qolaversa, hali aytganimdek, yaqinlari borib holidan xabar olib turishiga qulay bo‘ladi. Siz aytayotgan shartnomani ko‘rib chiqdim. 2016 yil may oyida Rossiyaning ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan fuqarolarni o‘zaro almashish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan ekan. Lekin hozirgacha bu parlamentlar tomonidan ma'qullanmagan, ratifikatsiya qilinmagan. Yaqinda, 4 yil bo‘ladi.

Albatta, bunda ayrim jinoyatlar Rossiyada jinoyat sanalsa, O‘zbekistonda jinoyat hisoblanmaydi. Ularning qo‘yib yuborilishi ehtimoli bor. Olib ketish xarajatlari bor. Ammo, shu o‘rinda, shaxsiy fikrim, Rossiyada o‘tirganlarning 50 foizi nohaq o‘tiribdi. Advokat yordami yetarli bo‘lmagan, tarjimon bo‘lmagan, bilmasdan imzo qo‘yib yuborib, qamalib qolganlar bor.

Mana, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzurida migrantlarga yordam beradigan maxsus jamg‘arma tashkil etildi. Migrantlar olib ketilyapti, ko‘mak berilmoqda. Ammo, hech kim migrantlar bilan bog‘liq jinoyat ishlari bilan shug‘ullanmayapti.

O‘zbek tilini yaxshi bilgan, davlat tomonidan tayinlangan biror advokatni tanimaymiz. Bizga o‘xshagan yuristlar ma'muriy, fuqarolik ishlari bilan shug‘ullanadi, xolos. Chunki jinoyat ishlari bilan shug‘ullanish uchun yurist Rossiya fuqarosi bo‘lishi kerak.

Biz Rossiya fuqarosi bo‘lgan, tajribali advokatlar bilan ishlashimiz lozim. U o‘zbek tilini bilmasa, yaxshi biladigan tarjimon bilan ta'minlab, u o‘zbek fuqarolarining jinoyat ishlari bilan shug‘ullanishi kerak. Bepul emas, pulga bo‘lsayam, ishonchli, o‘z ishini puxta biladigan advokatlar topishimiz talab etiladi. Afsuski, bu yo‘nalishda hech qanday ish qilinayotgani yo‘q.

– Migrantlar jinoyatchiligi bilan bog‘liq muammolarning oldini olish, bartaraf etish va kelgusida o‘zbekistonlik migrantlar o‘rtasida jinoyatchilikni kamaytirish bo‘yicha qanday takliflarni bergan bo‘lar edingiz? Nimalar qilish kerak?

– Endi, profilaktika – qiyin masala. Kompleks yondashuvni talab qiladi. Migrantlarimizdan iltimos qilardimki, barchamiz nima bo‘lganda ham mehmondamiz, o‘zimizning O‘zbekistonda qiladigan erkaliklarini qilmasin. Alkogolli ichimliklar ichib, to‘polonlar qilish, buning ortidan o‘zaro mushtlashish kabilar. Bu yerga, ishlagani, oilamizga pul yuborgani keldikmi, shuni qilib qaytish kerak. O‘zbekistonda bo‘lsa, advokat yollash mumkin.

Mana, yosh yigitlar ko‘p kelyapti. Ko‘pining oilasi yo‘q. Yoki yangi uylangan, oilasi O‘zbekistonda. Bu yerga kelib, o‘zimizda bo‘lmagan sharoitga tushyapti. Kiyinish, yurish-turish, muomalada. Shu sababli ayollar bilan bog‘liq muammolar ko‘p bo‘lyapti. Buning ortidan nomusga tegish, tajovuz qilish kabi jinoyatlar bor, haqiqatda sodir etilganlari ham ko‘p.

Rossiyadagi biror ayol kishi senga yaxshi gapirsa, bu sen bilan birga bo‘laman, deganini anglatmaydi. Bu yerdagi muhit, tarbiya shunaqa, bizdan farq qiladi. Ayollar bilan munosabatlarda juda ehtiyot bo‘lish lozim.

Bundan tashqari, davlatimiz tomonidan, diplomatik vakolatxonalar tomonidan huquqiy yordam va tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yilsa, yaxshi bo‘lardi.

Muammo shundaki, biz davlat tashkilotlarini ko‘p tanqid qilamiz. To‘g‘ri, davlat tashkilotlari ko‘p foydali ishlar qilayotgan bo‘lishi mumkin, ammo ularda targ‘ibot doim oqsaydi, o‘zlarining qilayotgan yaxshi ishlarini ham ko‘rsata olmaydi. Buning sababi kadrlar yetishmasligidami, bilmadim, eski tizimda qolishgan.

Televideniyega borishadi, qandaydir roliklar qo‘yishadi, roliklar ham eskicha usulda olingan, odamlarga zerikarli. Ko‘proq internetdan foydalanish kerak, yoshlarga chiqish lozim. Yoshlar qiziqadigan platformalar, mana bugungi kunda Instagramga chiqishsin. Qisqaroq, qiziqarliroq qilishsin. Yoshlar hurmat qiladigan, ularga ta'sir qila oladigan insonlar, blogerlar bor, shular orqali targ‘ib qilsin. Blogerlarni o‘ziga dushmandek ko‘rmasdan, shunday targ‘ibot ishlarida foydalanishsin.

Targ‘ibot sifatli emas. O‘sha bergan flayerlarida ham ma'lumotlar juda ham rasmiy qonuniy, ya'ni (oddiy fuqaro uchun) tushunarsiz tilda. Biz aytardikki, shu matnlarni ekspertlar ko‘rib bersa. Masalan, registratsiya (ro‘yxat)ga tur deyapti, unga qanday turadi, bu yerdagi sharoitlar qanaqa?

Roliklarda ham, ma'lumotnomalarda ham shu yerdagi sharoitlardan kelib chiqqan holda maslahat berish kerak. Bo‘lmasa, u narsalarga bekorga pul sarflagani qoladi, xolos.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top