16:51 / 15.02.2020
8
50348
Mo‘jizaviy palov va qazib tashlangan ko‘chalar - rossiyalik bloger Ilya Varlamov Samarqandga sayohat qildi
Foto: Ilya Varlamov

Rossiyalik mashhur bloger Ilya Varlamov 9 fevral kuni Samarqandda bo‘lib shahar taassurotlari haqida o‘z saytida yozdi. Quyida Varlamovning Samarqand haqidagi postini aynan keltiramiz.

«Birdan Samarqand esimga tushdi»

«Samarqandga borish fikri kutilmaganda paydo bo‘ldi. Menda bir necha kun bo‘sh vaqtim bor edi, shu sabab xaritani uzoq varaqlab qayerga borish haqida o‘yladim. Shunda birdan Samarqand esimga tushdi. Samolyotga chipta 9 ming rubl ekan. Parvozdan 5 soat oldin bu juda yaxshi narx. Shu tariqa tezda kiyimlarimni yig‘ishtirib Sheremetevoga yo‘l oldim.

Samarqand — nomi juda chiroyli shahar! U yerda 10 yil avval bo‘lganman, o‘shanda Orol dengizi atrofini mashinada aylanib chiqqandim. Lekin ilk tashrifimda Samarqandda ko‘p ushlanib qolmaganman, chunki tanishim «Bu yerda qiladigan ish yo‘q! Hamma narsani buzib tashlashgan, hech qanday go‘zallik qolmagan. Go‘zallik uchun Buxoro yoki Xivaga borish kerak», degandi. Shu bois ko‘p ushlanib qolmaganmiz va shahar qandayligi esimda qolmagan. Samarqand nomining o‘zi menga 4 soat parvozdan so‘ng kamida sharq ertagiga tushib qolish umidini bag‘ishlardi.

Samarqand haqidagi ilk g‘alati taassurot menda aeroportda paydo bo‘ldi. U yerda birorta ham mehmonxonalar tarmog‘i yo‘q edi! Borish mumkin bo‘lgan mehmonxonalarning nomi ham qiziq, hammasi odam nomiga qo‘yilgan: «Konstantin», «Amir», lekin «Ilya» degan mehmonxona yo‘q ekan. Xitoyning arzon plitkalari terilgan bu saroylarning dizayni ham menga g‘alati ko‘rindi.

Shahar markaziga yaqin bir mehmonxonani hali band qilishga ulgurmasimdan menga WhatsApp`dan telefon qilishdi: «Salom, Ilya! Sizni mehmonxonadan bezovta qilyapmiz, qachon kelishingizni aniqlashtirmoqchi edik. Ko‘p yillardan buyon shaharlarni kezaman va menga birinchi marta mehmonxona band qilganimdan bir daqiqa o‘tib messenjerdan qo‘ng‘iroq qilishyapti! Bu juda yoqimli edi. Mehmonxona rahbari bilan kelishdik, uning shaxsan o‘zi aeroportda kutib oladigan bo‘ldi».

«Samolyot 30 foizga to‘lgandi, bemalol yotib keldim»

«Samolyot taxminan 30 foizga to‘lgandi, shu bois bir qatorni o‘zim band qilib ajoyib krovat tayyorladim va yotdim. Aeroport binosiga kirishda tibbiyot xodimlari turib hamma yo‘lovchilarning issig‘ini o‘lchayotgandi. Pasport nazorati tez o‘tdi, keyin bojxona xodimi bilan biroz gaplashib qoldik, u favqulodda gapdon bo‘lib chiqdi.

Aeroportdan chiqishim bilan mehmonxona egasi kutib oldi. Men darrov eng muhim savol bilan suhbatni boshladim. Axir O‘zbekistonga borib palov yemaslikning iloji yo‘q:

— Ayting-chi, sizda eng yaxshi palov qayerda tayyorlanadi?
— Aeroportdan uzoq bo‘lmagan yerda, «Joni» restoranida. Bu Grand Sulton to‘yxonasi oldida. Shahardagi eng zo‘r palov o‘sha yerda. Faqat soat 12 gacha borish kerak.
— Nega 12 gacha?
— Chunki bizda palov yeyish vaqti 12. Bir soat o‘tgach palov tugaydi.

Samarqandda chindan palovni ertalabdan tayyorlashadi, yaxshi joylarda u tez tugab qoladi. Sayyohlar boradigan mehmonxonalarda sizga palovni kechki ovqatga ham isitib berishlari mumkin, lekin bu juda yoqimsiz. Yaxshi kafelarga qo‘ng‘iroq qilib palov qachon tayyor bo‘lishini so‘rab keyin borishadi.

Shunday qilib palovni nonushta o‘rniga yeydigan bo‘ldim. «Joni» oshxonasiga (oshpazning ismi Joni, shu bois bu kafe shaharda «Joni osh» nomi bilan tanilgan. Umuman, Samarqandda palov tayyorlanadigan joylar oshpaz nomi bilan ataladi: Tehron osh, O‘ktam osh, Rustam osh, Abdumannon osh — tahr.). Borganimda eski «Jiguli»da yosh yigitchalar non olib kelishayotgandi. Nonlar ham katta-katta. Ichkarida esa katta qozonda osh tayyorlanayotgandi! Uning usti mato bilan yopib qo‘yilgan:

— Salom, marhamat! Xohlagan stolingizga o‘tiring,— deb kutib oldi ofitsiant. Zalda 10 tacha stol bor va hammasi bo‘sh edi. Faqat bittasida erkak kishi o‘tirib choy ichardi. 

— Bizda faqat palov qilinadi, hozir sizga non, qaymoq va choy olib kelaman. Keyin salat. 30 daqiqalarda palov tayyor bo‘ladi,— dedi ofitsiant men menyu so‘rab qolishimning oldini olgandek. Chindan u yerda faqat bir xil ovqat qilinar va tanlov imkoniyati yo‘q edi.

O‘zbeklar juda xushchaqchaq xalq, u yerda sizni yaxshi do‘stlari va muhim mehmondek kutib olishadi. Masalan, Rossiyada diqqat markazidagi odam bo‘lsangizgina shunday muomalaga umid qilishingiz mumkin. O‘zbekistonda esa hammani shunday kutib olishadi. Bu juda-juda yoqimli.

Oshpaz meni palov qanday tayyorlanishini ko‘rishga taklif qildi. Uning aytishicha, har kuni 300 porsiya palov tayyorlarkan. Bu juda ko‘p, lekin tezda sotilib ketadi. Odamlar asosan oshni olib ketishadi. Bu gaplarni yozayotgan vaqtda oshni suratga olish esimdan chiqqani xayolimga keldi! Ishoning, bu men tatib ko‘rgan eng zo‘r palovlardan biri edi. Hozir ham Samarqandga chipta olib aeroportdan tezda «Joni» restoraniga borishga, qarsildoq non bilan qaymoq yeb, choy ichishga va katta tovoqdagi mo‘jizaviy palovni yeyishga tayyorman! Oh, buning qanday mazza ekanini tasavvur qila olmaysiz, uni tatib ko‘rishingiz kerak!

Lekin O‘zbekistonning asosiy ovqati palov emas, non! U yerda har qadamda non sotishadi, xuddi Istanbulda bublik sotishgani kabi. Samarqandda nonushtaga ham, tushlikka ham, kechki ovqatga ham non yeyishadi! Shu sabab semirib ketmagan o‘zbeklarni ko‘rib ular kuni bilan non yeb qanday qomatini ushlab qolganiga hayron qolaman!

«Samarqandda tarixni eslatadigan aytarli hech narsa yo‘q»

«Yo‘llarda bir metrdan kattaroq figurka «To‘xta!» ishorasini qilib turardi. U svetofor oldida qo‘yilgani yanada tushunarsiz». 

«Mana bu darvozaning rasmida esa odam qanchalik kichrayib ketgani ko‘rinadi!». 

«Samarqandda tarixni eslatadigan aytarli hech narsa yo‘q. Registon, bir-ikkita qabr va machitlar. Bularni aylanishga maksimum yarim kun ketadi». 

«Samarqanddagi zamonaviy arxitektura kayfiyatni tushiradi». 

«Registonning orqasida go‘zallik tugaydi». 

«Shaharsozlik ham xursand qiladigan emas». 

«Arxitektura borasida yoki o‘rta asr yodgorliklari, yoki Stalin davridan qolgan eski binolar e'tiborni tortadi». 

«Shriftning ajoyibligini ko‘ring!». 

«Sovet davridagi bolalar bog‘chalari ham saqlanib qolgan». 

«Taxtadan yasalgan darvozaga qarang! Hozir bunaqasini ko‘p ham uchratavermaysiz». 

«Samarqandning eng katta muammosi shundaki, shahar juda xavfli! Bir daqiqa bo‘shashsangiz, oyog‘ingiz sinishi, hatto o‘lishingiz mumkin! Masalan, u yerda piyodalar yo‘lakchasi boshida 40 smli to‘siq turishi normal holat». 

«Asfaltning o‘pirilishi? Marhamat!». 

«E'tiboringizni ariqlarga qaratmoqchiman. Samarqandda suv ketadigan kanalizatsiya yo‘q, suv ariqda oqadi. Ariq shunchaki suv uchun emas, qishloqlarda bolalar ariqda cho‘milishi, ayollar idish yuvishi mumkin. Bu madaniyatning bir qismiga aylanib ulgurgan. Darvoqe, yana takrorlayman, ariqqa qoqilib tushib yiqilish va o‘lish mumkin!». Suratda ko‘ringan joy Samarqand viloyat IIB binosi oldi. Yaxshi ham muallif bu haqda bilmagan, aks holda munosabat yanada keskinroq bo‘lardi — tahr. 

«Mahalliy odamlar o‘rgangan bo‘lishi mumkin, lekin sayyohlar piyodalar yo‘lkasida oyog‘i ostiga qarab yurish kerak. Hayronman, nega ular to‘siq bilan to‘silmagan». 

«Shahar markazidagi ko‘cha. To‘siqsiz markaz!». 

«Aytgancha, ariq ko‘cha o‘rtasida bo‘lishi ham mumkin! Aytishlaricha, mana shu ariqqa haydovchilar tez-tez tushib ketadi». 

«Ko‘cha o‘rtasida qazilgan chuqurmi? Marhamat!». 

«Chiqindi saralash». 

«Urush holatida tanklarga qarshi to‘siqlar ham bor». 

«Avtoturargoh o‘rtasida bir parcha temir chiqib turishi normal holat». 

«Samarqandga borsangiz, juda ehtiyot bo‘lib yuring». 

«Parkovka». 

«Samarqandda reklamalar shunchalik ko‘pki». 

«Samarqand bozori. U yer shunchaki ajoyib». 

«Afsuski, qishda mahalliy mevalar yo‘q, hammasi Turkiyadan olib kelingan. Yozda esa...». 

«Xalq skanvordni yaxshi ko‘radi». 

«Non tashish». 

«O‘zbeklar uchun telefon raqamining chiroyli bo‘lishi juda muhim. Shu bois ular katta qilib yozib qo‘yilgan». 

«Samarqand vokzali sovetcha ko‘rinishini saqlab qolgan».

«Vokzalga kirish uchun chiptaning o‘zi yetarli, lekin juda so‘rab qolishsa, pasport yetarli». 

 

 «Sovet vaqtida Samarqandni O‘zbekiston SSRning poytaxti qilmoqchi bo‘lishadi. Bu uchun esa shaharda tramvay bo‘lishi kerak edi. Shu bois 1924 yilda tramvay liniyasi qurish boshlanadi, ammo poytaxt Toshkentga ko‘chirilgach, tramvay qurilishi ham qolib ketib 1947 yilda qayta tiklanadi.

1973 yil tramvay Samarqandda 26 yil harakatlangach xuddi butun sovet ittifoqida bo‘lgani kabi avtomobil transportini rivojlantirish vaji bilan to‘xtatiladi. 2016 yilda esa Toshkentda tramvay yo‘nalishi to‘xtatilib, Samarqandda tiklandi. Hozir liniya shaharning asosiy bozori va Sattepo mavzesini bog‘laydi. Tramvay ertalab 6 dan 23:00 gacha harakatlanadi. Yo‘lkira narxi 1 400 so‘m (9,3 rubl)». 

«Tramvayga chiqish uchun odamlar tavakkal qilib ko‘chaga chiqishi kerak. Alohida chiqish joyi qilish mumkin edi, ammo Samarqandda buni shunchaki asfaltda piyodalar yo‘lkasi belgisini chizish bilan hal qilishgan». 

«Yana bir muammo: Samarqandda tramvay yo‘li avtomobil yo‘lidan ajratilmagan. Bu katta xato, tramvay avtomobil bilan tirbandlikda turishi kerak emas, aks holda mantiq yo‘qoladi». 

«Samarqanddagi uylar sovet davrini eslatib turadi. U yerlarda ham biz kabi mashina qo‘yishadi. Ana u uzoq kadrdagi Mersedesni ko‘ryapsizmi? Men avvaliga u noto‘g‘ri joyga qo‘yilgan deb o‘yladim, keyinroq ma'lum bo‘ldiki, uning egasi o‘ziga usti yopiq joy qilib olgan ekan. Yashavor!». 

«Sovet vaqtida qurilgan uylar milliy naqshlar bilan bezalgan». 

«Shaharning asosiy maydoni Registon. Bu o‘z ma'nosi bilan atalgan joy, ya'ni rekli yer». 

«Registon kechasi juda chiroyli bo‘ladi, chunki chiroqlar yoqiladi. Registon sayyoradagi eng ajoyib arxitektura namunalaridan biri. U Ulug‘bek, Tillakori va Sherdor madrasalaridan tarkib topgan». 

«Registonda sayyohlar tomosha qilishi uchun maxsus maydon qilib qo‘yilgan. Kirish chiptasi 200 rubl».

«Aytishni unutibman, Samarqandga qaytish chiptasi olmay bordim, chunki keyin nima qilish haqida o‘ylab ko‘rmagandim. Birinchi kun tushga yaqin bu shaharda qiladigan ishim qolmaganini bildim. Lekin qayerga boraman?

Variantlar ko‘p emasdi:

1. O‘zbekistonda bir necha yil oldin tezyurar poyezd qo‘yishgan, lekin unda faqat Buxoro va Toshkentga borish mumkin.
2. Samarqanddan qayergadir uchib ketish.
3. Agar 4 soatni ayamasa, mashinada Toshkentga borish va u yerdan Moskvaga uchib ketish.
4. Mashinada Tojikiston poytaxti Dushanbega borish.

Birinchi variant yo‘qqa chiqdi, chunki chiptalar sotuvda yo‘q edi. Bilmadim nega, balki O‘zbekistonga ming kishilik xitoylik sayyohlar guruhi kelib qolgan va ular tezyurar poyezdga chiqishni xohlagandir.

Samarqanddan boshqa yerga uchib ketishda ham ko‘p variantlar yo‘q edi. Shunchaki Moskvaga qaytib ketish juda oddiy tanlov bo‘lib qolardi, men esa oson taslim bo‘lmayman. Shu tarixa 4-variantni tanladim. «Yandeks» Dushanbega 4 soatda yetib olish mumkinligini ko‘rsatdi, lekin samarqandliklar barchasi yo‘ldagi ob-havoga bog‘liq deb aytishdi. Men tavakkal qilishga qaror qildim...».

Varlamovning navbatdagi manzili O‘rta Osiyoning yana bir go‘zal shahri Dushanbe bo‘ladi. Blogerning u yerdagi sayohatini ham kuzatib boramiz.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top