12:33 / 15.02.2020
0
30859

Po‘lat Bobojonov Qoraqalpog‘istonda IIV tizimidagi 7 nafar rahbar xodimni ishdan oldi

Foto: IIV axborot xizmati

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, unda ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariyev, respublika va shahar-tuman sektor rahbarlari, jumladan, ichki ishlar, prokuratura, soliq, shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi uchun mas'ul bo‘lgan barcha davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda asosiy e'tibor 2019 yil davomida va joriy yilning o‘tgan davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasida jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga qaratilib, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta'minlash, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning mol-mulklarini ishonchli muhofazalash, yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.

Yig‘ilish davomida o‘z xizmat vazifalarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani va xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i R.Yeshimbetov, Probatsiya bo‘limi boshlig‘i P.Seytmuratov va Yo‘l-patrul xizmati otryadi komandirining o‘rinbosari A.Masharipov hamda Qonliko‘l tumani IIB boshlig‘i M.Xojamuratov, To‘rtko‘l tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Mansurov, Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari B.Isakov, Nukus shahar 4-son IIB boshlig‘i M.Utemuratov, Qo‘ng‘irot tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi katta inspektori R.Kalandarovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi. 

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi harbiy safarbarlik bo‘limi boshlig‘i D.Tadjimov, Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i X.Ochilov, Qonliko‘l tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Paluanov, Xo‘jayli tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O.Nuraddinov, Xo‘jayli tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi boshlig‘i A.Sariyevning har biriga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top