11:49 / 15.02.2020
8
48066
Qo‘qonda uch kishining o‘qotar quroldan yaralangani bo‘yicha ish yuzasidan 55 kishi qo‘lga olindi

Holat yuzasidan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 30 nafar shaxsga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi tanlandi, yana bir tadbir davomida ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 25 nafar shaxsga "ma'muriy qamoq" qo‘llanildi

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida o‘qotar qurol qo‘llagan holda jinoyat sodir etilgani xabar berilgandi.

2020 yil 5 fevraldan 6 fevralga o‘tar kechasi soat taxminan 00:50larda Qo‘qon shahar tibbiyot birlashmasidan IIBga shoshilinch xabar kelib tushgan. Unga ko‘ra 25 yoshli M.B., 28 yoshli Q.A., hamda 31 yoshli J.Sh. tanasining turli sohalarida sochma o‘qdan kelib chiqqan tan jarohatlari bilan murojaat qilganliklari aniqlangan.

Shu kuni soat 00:10larda M.B., K.A., va J.Sh. Qo‘qon shahrida joylashgan «Shedevr» choyxonasiga kelganlarida shu yerda bo‘lgan 27 yoshli A.U. va uning sheriklari bilan o‘zaro janjallashganliklari oqibatida A.U.ning yonida bo‘lgan tanishi 27 yoshli Z.M. tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan «IJ-18» rusumli qirqma miltig‘i bilan B.M, A.Q va Sh.J.ga qarata ikki marotaba o‘q uzib, tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston respublikasi Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismining tegishli bandlari (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd) va 277-moddasi (Bezorilik) bilan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 30 nafar shaxsga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari va olingan tezkor ma'lumotlarga ko‘ra, Ichki ishlar boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari xodimlari tomonidan hamkorlikda 14 fevral kuni Qo‘qon shahrida shartli nom ostida o‘tkazilgan “Tong” tadbiri davomida ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 25 nafar shaxs aniqlandi.

Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabarida aytilishicha, bu shaxslarga nisbatan "ma'muriy qamoq" qo‘llanilgan va ularni ushbu hamda boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top