16:37 / 15.02.2020
0
11354
Samarqandda 300 million so‘mga yer sotayotgan fermer qo‘lga olindi

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi Fozil Yo‘ldosh mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi, fermer xo‘jaligida rais bo‘lib ishlab kelayotgan M.A fermer xo‘jaligiga qarashli yerdan 20 gektarini 300 million so‘mga sotmoqchi bo‘lganida IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida qo‘lga olindi.

Foto : Samarqand viloyat IIB axborot xizmati

Bu haqda Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati Kun.uz`ga xabar bermoqda.

Mazkur voqea yuzasidan Bulung‘ur tumanida yashovchi fuqarolardan biri viloyat ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan ma'lum qilib, qonunbuzarga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Ushbu arizaga asosan Samarqand viloyat IIB jinoyat-qidiruv boshqarmasi korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida M.A yerni 300 million so‘mga sotishga kelishib, oldindan 50 million so‘mini olayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Bulung‘ur tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan fermer xo‘jaligi raisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top