07:59 / 15.02.2020
5
66186
Toshkentda o‘zaro janjal uyushtirgan 11 nafar o‘quvchi qizning ota-onasi jarimaga tortildi

13 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchilari bo‘lgan qizlarning o‘zaro janjallashgani tasvirlangan video e'lon qilindi

Foto: IIBB axborot xizmati

IIBB matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, 22 nafar o‘quvchi qiz bilan bog‘liq voqea 2019 yil 25 aprel kuni soat 14:30lar atrofida Yashnobod tumanidagi 230-sonli o‘rta maktabda sodir bo‘lgan.

«Voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha profilaktika inspektorlari mojaroga kirgan tomonlarning oilasi bilan o‘zaro aloqa o‘rnatdi, bunday holatlar takrorlanishining oldini olish uchun profilaktik suhbatlar o‘tkazmoqda. Voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan», - deyiladi boshqarma matbuot xizmatida.

2019 yil 14 iyul kuni Yashnobod tumani hokimligida ushbu qizlarning ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Aniqlanishicha, qizlar o‘rtasidagi janjallar ro‘y bergan hodisadan oldin ham kuzatilgan va maktab ma'muriyati tomonidan e'tiborga olingan. Biroq, o‘quvchilar o‘rtasidagi tushunmovchiliklarni bartaraf etish uchun zarur choralar ko‘rilmagan, bu esa oxir-oqibat o‘zaro urishishga olib kelgan. Hodisa paytida qizlardan biri, 9-sinf o‘quvchisi jarohatlangan.

Uchrashuv davomida ota-onalar va ularning farzandlari o‘rtasida ishonchli munosabatlarni o‘rnatish muhimligi ham kun tartibida bo‘lgan.

«Ota-onalar ham mojaro uchun mas'uldirlar, shu sababli bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha vazifalarni bajarmaganligi sababli mojaroning asosiy ishtirokchisi bo‘lgan 11 nafar qizning ota-onasini eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarimaga tortish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Umid qilamizki, bu ular uchun saboq bo‘ldi», - deya xabar berdi IIBB matbuot xizmati.

Komissiya xulosasiga ko‘ra, maktab ma'muriyatiga nisbatan ham chora ko‘rildi - hodisa to‘g‘risidagi ma'lumot Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasiga topshirildi.

Bundan tashqari, har bir qizga keyinchalik tarbiyaviy ishlarni olib borish uchun tarbiyachilar tayinlandi, shuningdek, ular profilaktik hisobga qo‘yildi.

«Bugungi kunda qizlar turli maktablarda o‘qishmoqda», - deyiladi IIBB ma'lumotida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top