11:15 / 15.02.2020
0
23354
Uxan aholisiga o‘z tumanlaridan chiqish cheklandi

Shaharning bir qismidan boshqasiga faqat jiddiy sabablar bilan o‘tish mumkin

Foto: AP Photo/Kin Cheung

Uxan ma'muriyati koronavirus tarqalishi avj olgan shaharda karantin rejimini kuchaytirdi. Partiya rahbariyati tomonidan e'lon qilingan qarorga muvofiq, 14 fevraldan fuqarolarning o‘z tumanlaridan chiqishiga cheklov qo‘yildi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, har bir kishi tana harorati o‘lchab boriladigan yagona nazorat-o‘tkazish punkti orqali shaharning bir qismidan boshqasiga o‘tishi mumkin bo‘ladi. Rasmiylarning alohida ta'kidlanishicha, nazorat punktidan o‘tish uchun jiddiy sabab bo‘lishi kerak. Shifokor ko‘rsatmalariga binoan shaharning boshqa qismiga borishi kerak bo‘lgan fuqarolar uchun istisno qilinadi.

Xabarda aytilishicha, ushbu chora kasallik yanada tarqalishining oldini olish uchun zarurdir.

Xitoy Sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, faqat so‘nggi bir sutka ichida Xubey provinsiyasida 139 kishi koronavirusdan vafot etdi, Uxanda 107ta o‘lim holati qayd etildi. Xuddi shu shaharda ko‘plab yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olindi.

Aynan Uxanda koronavirus dastlabki bor o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida aniqlandi. O‘shanda shahardagi dengiz mahsulotlari bozori kasallanish manbai deb taxmin qilingandi.

Avvalroq, Xitoyda koronavirus qurbonlari soni 1500dan oshgani xabar berilgandi.  

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top