15:45 / 15.02.2020
0
25162

Xitoy hukumati koronavirus bilan kurashdagi hal qiluvchi palla haqida ma'lum qildi

Tibbiyot xodimlari koronavirusning tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat faqatgina Xubey provinsiyasida yomonlashganini qayd etdi

Foto: REUTERS

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi rasmiy vakili Lyan Vannyanning Uxandagi matbuot anjumanida ma'lum qilishicha, koronavirusga qarshi kurashda «hal qiluvchi palla» yetib keldi. Bu haqda Al Jazeera xabar bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning barcha provinsiyalarida (Xubey bundan mustasno) koronavirus bilan kasallanishning tasdiqlangan holatlari soni o‘n kundan buyon doimiy ravishda pasayib borayotgani yaxshi belgidir. Biroq, Xubey provinsiyasining alohida tumanlari bundan mustasno bo‘lib, u yerda kasallangan soni tez sur'atlarda o‘sishda davom etmoqda.

O‘z navbatida, Xubey provinsiyasining sog‘liqni saqlash bo‘yicha komissiyasi rahbari etib tayinlangan Van Xeshen yaqin kunlarda Uxan shahrida yangi dala gospitallari paydo bo‘lishi, u yerga ham kasallanganlar, ham koronavirusni yuqtirib olganlikda gumon qilinganlar joylashtirilishi haqida ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqt ichida qurilgan dala shifoxonalarida 6 900ta joy mavjud.

XXR sog‘liqni saqlash komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, faqatgina so‘nggi sutkaning o‘zida Xubey provinsiyasida koronavirus bilan kasallanishning 2 420ta yangi holati qayd etildi. Ulardan 1 923tasi mintaqa poytaxti Uxanga to‘g‘ri keldi. Xitoyning materik qismidagi boshqa barcha mintaqalarda 221ta yangi holat ro‘yxatga olindi, ikki kishi vafot etdi (har ikkisi Xubeydan shimolda joylashgan Xenan provinsiyasida).

Umuman olganda, yanvar oyining boshidan beri yangi koronavirus tufayli 1526 kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Avvalroq, Uxan aholisiga o‘z tumanlaridan chiqish cheklangani xabar qilingandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top