09:02 / 15.02.2020
0
7667
Xorijiy shifokor qabuliga borishda nimani bilish lozim?

 Tibbiyot muassasalarida xorijiy shifokorlarning bepul qabul o‘tkazishi, turli aksiyalar doirasida bemorlarni bepul davolashi haqidagi e'lonlar tez-tez uchrab turadi. O‘z-o‘zidan, chet ellik mutaxassisning malakasi, konsultatsiyaning ishonchliligi haqida savol paydo bo‘ladi.

Foto: Shutterstock

Chet ellik shifokorlar tomonidan o‘tkaziladigan bepul konsultatsiya va ko‘riklar, davolash amaliyotlariga borishda fuqarolar bir necha jihatlarga e'tibor qaratishi lozim.

Xorijiy tibbiyot mutaxassislarining O‘zbekistonga kelib, bemorlar qabuli va ko‘riklarini o‘tkazish faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjat yo‘q. Ammo malaka oshirish, tajriba almashish, bemorlarni davolash uchun chet ellik shifokorlarni taklif qilish amaliyoti hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiy faoliyatni litsenziyalash talab va shartlari asosida bu borada tartib o‘rnatilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Lisenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rahimqulovning ma'lumot berishicha, davlat yoki xususiy tibbiyot muassasasi xorijiy mutaxassisni taklif qilishdan avval vazirlikka ayrim ma'lumotlarni taqdim etishi lozim.

Jumladan, mutaxassis qaysi davlatdan ekani, O‘zbekistondagi qaysi muassasaga kelayotgani, mutaxassisning tibbiy ixtisosligi va malakasini tasdiqlovchi tegishli hujjat nusxalari hamda ushbu muassasada bo‘lish muddatini ko‘rsatuvchi murojaat yo‘llanishi kerak.

O‘z navbatida, vazirlik mazkur tashrifni qayd etib, xorijlik mutaxassisni qabul qilayotgan tibbiyot tashkilotining faoliyat yo‘nalishlari kelayotgan mutaxassis ixtisosligiga mos bo‘lsa, tibbiy ko‘rik yoki muolajalarni o‘tkazishga qarshi emasligini yozma ravishda bildiradi.

Chet el mutaxassisining ixtisosligi tibbiyot muassasasining yo‘nalishiga mos kelishi kerak. Ya'ni faqat kardiologiyaga ixtisoslashgan shifoxona o‘z faoliyat yo‘nalishidan tashqari bo‘lgan onkolog yoki oftalmolog shifokori bilan tibbiy ko‘rik o‘tkaza olmaydi.

Agar xorij mutaxassisi va shifoxonaning ixtisoslik yo‘nalishlari mos kelmasa, shifokorning bu muassasada konsultatsiya o‘tkazishiga ruxsat berilmaydi.

Shu bilan birgalikda Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy konsultatsiyani tashkil etayotgan muassasaga xorijiy mutaxassisning ko‘rigidan o‘tgan bemorlar uchun ushbu muassasa asosiy javobgar ekanligini ma'lum qiladi.

«Ko‘rikdan o‘tgan bemorlarga ularning tibbiy ko‘rsatmalariga qarab O‘zbekistonda joylashgan shifoxonalarda davolanishlari yuzasidan maslahat berilishi tavsiya qilinadi», − deydi Farhod Rahimqulov.

Xorijiy mutaxassis ko‘rigiga borayotgan fuqarolar uni tashkil etayotgan muassasa rahbarlaridan tibbiy faoliyatning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha litsenziyasini, ushbu ko‘rik Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilganligi, xorijiy shifokorning malakasi, bu yerda olgan tibbiy xizmat va tavsiyalar natijasi bo‘yicha qaysi tashkilot mas'ul ekanligini so‘rab-surishitirish va zarurat bo‘lganda talab qilish huquqiga ega.

Agar sanab o‘tilgan hujjatlarda nomuvofiqliklar kuzatilsa, Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilish mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top