23:30 / 16.02.2020
108
75312

«AQShda ko‘rsatma bajarilmasa, otib tashlash huquqi berilgan. Bizda unday emas-ku!» – Alisher Qodirov Oltinsoy voqeasi haqida

«Milliy tiklanish» partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi raisi Alisher Qodirovning Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida ro‘y bergan nizoga munosabati ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Partiya yetakchisining fikricha, 14 fevral kuni ro‘y bergan holat «bir guruh fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan qo‘pol qonun buzilishi, jamoat tartibiga putur yetkazish harakatlari qonunlarimizga ham, qadriyatlarimizga ham zid bo‘lgan jinoyat sifatida baholanishi kerak».

U «so‘nggi yillarda mamlakatda inson manfaatlari ustuvorligi, huquq va erkinliklarini ta'minlash, turmush sharoitlarini o‘zgartirish maqsadida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar» haqida gapirib, qonun ustuvor bo‘lgan davlatlardagina xalqqa samarali xizmat qilish mumkinligini aytgan.

«Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ushbu jinoyat ochiq tergov qilinishi va aybdorlarga keskin jazo belgilanishi kerak», – deya talab qilgan Alisher Qodirov.

Shundan so‘ng deputat Facebook’dagi ushbu posti ostiga qoldirilgan e'tirozli mulohazalarga munosabat bildirgan.

– Essiz ishonch!..
– Afsus qilmang. Tuzatib bo‘lmas xato emas. Zudlik bilan tuzating...

– Avvalo sabablarni, vaziyatni o‘rganib chiqish shart! «Davlat xizmatchisini o‘z vakolatini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish» degan moddani tirkab qo‘ymasdan.
– Uyingizga kimdir tovuqxona qurib olsa, kimga murojaat qilasiz? IIV! U sizning huquqingizni tiklash uchun uyingizga kelsa-yu, boyagi tovuqxona egasi ketmon bilan savalasa... Xalqning uyi buzilmayapti! Fermerning huquqi tiklanyapti.

– Tovuqxona qurishga ruxsat bergan fermer-chi? U nima qilib o‘tirgandi tovuqxona qurilayotgan payt? O‘shanga chora ko‘rish kerak.
– To‘g‘ri, fikringizga to‘liq qo‘shilaman.

– Bu uylar bir kunda qurilib qolmagan. Nega o‘sha tuman hokimligi mas'ullari jim qarab turishgan qonun buzilishiga? Ikkinchidan, xalqni sovuq qish kunlarida urib qaqshatib, o‘sha joydan haydash qanchalik to‘g‘ri? Uchinchidan, o‘sha yerlik aholi noqonuniy uy quribdi ham deylik. Hokimiyat vakillari va IIB xodimlari kelib zo‘ravonlik qilishlarini siz yoqlab chiqqaningiz tushunarsiz, o‘rtoq deputat.

– Birinchidan, hech kim uyni buzishga bormagan. Tushuntirishga borgan. Ikkinchidan, jinoyat va huquqbuzarlikning ikkita ishtirokchisi bo‘ladi. Bir tomoni – o‘sha yerdagi rahbarlar, etirozim yo‘q, ular javob beradi. Ikkinchi tomoni kim? Qo‘shimchasiga, jamoat tartibini buzganlik uchun kim aybdor?

Men hali uy buzilishi va holatning kelib chiqishiga sabab bo‘lganlar haqida gapirganim yo‘q! U alohida mavzu! Men jamoat tartibini buzganlar, davlat xizmatchisini kaltaklagan beboshliklarga munosabat bildirdim. Hech kimning haqman deb kimnidir, ayniqsa vazifasini bajarayotgan xodimni kaltaklashga huquqi yo‘q. Bu jazosiz qolsa, ertaga hamma masalasini kuch bilan hal qiladimi? Men shunga qarshiman!

– Hurmatli deputat Alisher Qodirov! Siz shamol qay tarafga essa, o‘sha tomonga qayriladiganlardansiz. Uzr, xafa bo‘lmang. Haqiqatan ham shunaqasiz.
– Xafa bo‘lmadim. Bu ham bir fikr-da... Aksini ko‘p eshitganim uchun e'tibor bermay qo‘yaqolaman.

– O‘sha uylarning hammasi kecha osmondan tushmagandir... Nega o‘z vaqtida aytilmagan?
– Adolat qonunga amal qilish orqali amalga oshadi. Qonun adolatsiz bo‘lsa, o‘zgartiriladi, tashabbus qilinadi. Ur-yiqit bilan adolat izlanmaydi. Bu masalada yaqinda qonun o‘zgaradi.

– Shaxsan sizni yomon ko‘raman, partiyani emas.
– Partiyani yaxshi ko‘rishingiz yetadi. Hamma bir-birini yaxshi ko‘rishi mumkin emas. Vaziyatga kelsak, sotgan ham, olgan ham qonunga zid ish qilgan. Javob berishi kerak. Melisani urganlar ham javob berishi kerak. Haqlik kaltaklashga huquq degani emas!

– Ayb bechora kambag‘al xalqda emas, ko‘proq ayb qorniga o‘t tushgur mansabdorlarda. Hokimiyat, kadastr tashkilotlari o‘zlari xalqni shu ahvolga olib kelishgan. Ularga pul bersangiz bo‘ldi, xohlagan joydan hujjat qilib berishadi. Buni ko‘rgan avom xalq boshqa nima qilardi?.. Nima uchun yerni faqat hokimlar pullashi kerak?
– Yer munosabatlari og‘ir dardga aylandi. Yechimlari bo‘yicha qonunchilik o‘zgartirilyapti. Nima bo‘lganda ham, xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarga kuch ishlatish jinoyat. Bu voqeaning ortidan albatta aybdorlar aniqlanadi. Vakolatini sotgan ham, intizomni buzgan ham javobini olishi kerak. Aksincha, biz talashayotgan yerning o‘zi bo‘lmaydi. Yerimizdan foydalanish uchun qayerlardandir, kimlardandir borib ruxsat olib kelishga to‘g‘ri keladi.

– «Xalq saylagan deputat», aytingchi, qani qonun ustuvorligi?
– Amaldagi qonun bo‘yicha yerni egallab olish va melisani urish mumkinmas. Qonunga zid egalik bo‘lishi mumkinmas. Zo‘ravonlik jazolanadi. Odamlar qiynalmasin deb noqonuniy qurilishlarga bir muddat amnistiya ham e'lon qilindi! Nima qilib o‘zgartiraylik? Taklif bormi?

– Ey deputat! Qonun faqat bir tomonlama ishlashi kerakmi? Sani ham birov kelib, Rossiyada itdek ishlab qurgan uyingni bitta qaror bilan buzib tashlasa, keyin ko‘ramiz! Toshkentda kabinetda o‘tirvolib, feysbukda yozmasdan, bor-chi oldilariga, nima gap, nima so‘z, nima muammo deb! Hammang o‘tirvolib fikr bildirasanlar xolos. Sanlarni shunga saylaganmizmi?
– Itdek ishlab topgan pulni itga tashlash kerakmi? Nega o‘ziniki bo‘lmagan joyga uy qurish kerak? Itdek ishlab topgan pulni qadriga ko‘proq yetish kerak emasmi? Qonun ustuvor bo‘lsagina o‘zgarish bo‘ladi, bo‘lmasa talashib yuraveramiz. Yerlarimizga akalar egalik qiladi. Men kabinetda o‘tirvolganim yo‘q! Bilmagan gapni og‘izni to‘ldirib gapirmaslik kerak. Feysbukda nima yozishni menga o‘rgatish kerakmas. Yaxshiroq tushunaman deb o‘ylayman.

– Qonuniy degani adolatli degani emas. Buni ham mendan yaxshi bilsangiz, xursand bo‘lardim!
– Adolat qonunga amal qilish orqali amalga oshadi. Qonun adolatsiz bo‘lsa o‘zgartiriladi, tashabbus qilinadi. Ur-yiqit bilan adolat izlanmaydi. Bu masalada yaqinda qonun o‘zgaradi.

– Alisher Qodirov, sizga ishonchim boshqacha edi shu kungacha. Afsus, asl qiyofangiz ochilib qolibdi. Qonunni ro‘kach qilib, yana oddiy qora xalqni jazolashga chaqiryapsiz. Agar zarracha adolatga intilishingiz bo‘lganida, o‘sha tuman mas'ullarini jinoiy javobgarlikka tortishga chaqirgan bo‘lardingiz. Shu insonlarga kimdir porasini olib, soxta ruxsatnoma qilib bergan-ku. O‘zbekistonda hech kim o‘zboshimchalik bilan uy qura olmaydi. Buni hamma biladi, tepada o‘tirganlarning hurmatini qozonish maqsadida butun bir millatning la'natiga uchrab qolmang.

– Mehribonligingiz uchun rahmat. Men «qora xalqni» jazolashga chaqirmadim. Umuman bunaqa so‘z lug‘atimda yo‘q. Jamoat tartibini buzganlar jazolanishi shart. Ertaga sizni ham kimdir tartibga chaqirganingiz uchun kaltaklasa, «qora xalq-da, jabrdiyda, kechiramiz», deysizmi?

Suyagi sinib yotgan melisa ham kimningdir o‘g‘li-ku, u sotmagan-ku yerni? Umuman, guruh tushuntirish ishlarini olib borish uchun borgan-ku! Hamma shunday qilaversa, nima bo‘ladi? Davlat o‘zining poraxo‘r vallomatlarini ro‘yxat qilib, chora ko‘radi. Lekin hamma o‘z masalasini kuch bilan hal qilishni boshlasa, nima bo‘ladi?

– Voqea joyiga darhol deputatlik komissiyasi chiqib, masalaga jurnalist va bloggerlarni jalb qilgan holda oydinlik kiritish va boshqa bunday holatlar riskini yo‘q qilish kerak.
– Keyingi haftada ishchi guruhi viloyatga chiqadi.

– Qonuniy tekshirib, adolatli qaror chiqarish kerak deb yoziladi. Gap boshidayoq xalqni aybdorga chiqarmay. Sizdan boshqa gap ham kutmaymizku. Baribir.
– Xalqni aybdorga chiqarmadim. IIV xodimlarini kaltaklagan bir guruh fuqarolar – xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham aybdor. Yoki unday emasmi?

– Qonunni yaxshi bilmaydigan xalqning oldiga borib, uyingni buzamiz deb aytgandan keyin bunday holat yuzaga kelishi tabiiy holat emasmi? Amaldagi va yangi qabul qilinayotgan qonunlar bilan aholi qanday tanishtirilmoqda?
– Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi. Odamlarning huquqiy savodxonligi 19-asrda qolib ketgan. Bu eng og‘riqli nuqtalarimizdan.

– Men davlat xodimini urgan odamlarni oqlamoqchi emasman. Qonun oldida hamma teng. Lekin qonun himoyachilari qonunni o‘zlaridan kamroq tushunuvchi xalqning oldiga borganda xalq bilan har tomonlama yuksak madaniyat bilan muomalada bo‘lishlari kerak. Oddiy xalq oldida o‘zini osmon tutuvchi mansabdorlarimiz ham bor, aynan shu davlat xizmatchilari borgan yerlarida odamlarning noroziligi ortib ketishiga sabab bo‘lishmoqda. Hamma gap to‘g‘ri tushuntirish ishlari olib borilmaganida.
– Bilmaysiz-ku, nima bo‘lganini. Hozir mansabdormi, IIV xodimlarimi – odamlardan kaltak yesa ham hech narsa qilolmayapti. AQShda ko‘rsatma bajarilmasa, otib tashlash huquqi berilgan. Bizda unday emas-ku! Davlat xizmatchilari ham dushmanlar emas! Ular ham o‘zimiznikilar.

– Saaal xalq tarafda bo‘lsez yaxshi bo‘lardi, xalq tarafidan ikkinchi urinishda saylangan o‘rtoq deputat. Vaziyatga oqilona va odilona huquqiy baho bermasdan, shu qisqa muddatda qayoqdan bilaqoldingiz bechora dehqonlarning qo‘pol qonunbuzarlik qilganini?
– Saaal emas, tamoman halq tarafidamiz o‘rtoq! Bilaqolganimiz uchun gapiraqoldik. IIV xodimini kaltaklagan bir necha fuqaro xalq emas, huquqbuzarlar. O‘sha kaltaklangan xodimlar ham xalqqa xizmat qilish uchun, qonun ustuvorligini taminlash uchun borgan o‘sha joyga. Ular ham xalq! Yer masalasidagi muammolar o‘rganib chiqildi, qonunchilikka o‘zgarishlar ham kiritilyapti.

– Kim sayladi o‘zi shu turqi sovuqni?
– Siz aniq saylamagansiz. 83 ming saylagan odamni behurmat qilish kerakmas. Mehmonga chaqiraman, tanishib olaylik. Turqim juda siz tasavvur qilganchalik sovuq bo‘lmasa kerak.

– Xalqning huquqini deputat himoya qilish deputatlarning ishi emasmi? Nega vaziyatga bir tomonlama baho beryapsiz, borib gaplashdingizmi o‘zi?
– Melisani urib, muammolar kamaydimi endi? Xalq manfaatlari uchun ishlash vazifamiz, huquqbuzarlarni himoya qilish advokatlar vakolatiga kiradi. Noqonuniy qurilishlarni rasmiylashtirish uchun amnistiya e'lon qilindi, tushuntirish olib borildi, endi nima qilish kerak?

– Xodimni kaltaklash to‘g‘ri emas, lekin kaltaklangan faqat xodim ham emas. Yuzi qonga belangan oddiy fuqarolaram bor. Haq odam bilganini qilishi noto‘g‘ri. 
– Nima bo‘lganda ham xodimni kaltaklash to‘g‘ri emas. Agar shu bilan muammo hal bo‘lganida tushunish mumkin edi. Qolaversa, nimaga xalq? Bu yerda 5 huquqbuzar odam haqida gap boryapti. Haq odam bilganini qilaverishi kerakmi?

– Alisher aka! Sizga umid katta yoshlar tomonidan...
– Ishonchingiz men uchun qadrli. Xalq nomidan to‘rtta beboshni davlatga tosh otishiga «to‘xta» demasak, ertaga nima bo‘ladi? Huquqiy madaniyatni o‘zgartiramiz. Noqonuniy qurilish – amnistiya, zo‘ravonlik – ko‘z yum, tovlamachiga o‘z qo‘li bilan pul bergan – davlat hisobidan qaytarib ber, noqonuniy yer o‘zlashtirib ol – hokim aybdor... Biz qachon xalq bo‘lamiz o‘zi! Qachon davlat bo‘lamiz bu ketishda!

– Demak, tushunishimcha, faqat fuqarolar ayb qiladi, organ xodimlari ayb qilsa ham, haqqini talab qilgan aybdor, to‘g‘ri tushundimmi, janob?
– Organ xodimidan huquqini urmasdan talab qilish kerak, janob. Urib talab qilsangiz, huquqbuzar bo‘lib qolasiz, muammo bittaga ko‘payadi.

– Sizdan yana nima kutish mumkin? Xalqni ayblash oson. Haqiqiy deputatlar saylanmaguncha shu ahvol.
– Xalqni ayblash hech kimning qo‘lidan kelmaydi. Xalq ayblaydi. Qozi ham, amaldor ham xalq nomidan ish qiladi. Davlat xizmatchisiga kuch ishlatish mumkinmas. Xalq shunday qonunni ma'qullagan.

Men sizni umidvor qilmaganman, mendan hech narsa kutmang. Siz meni saylamagansiz, bundan keyin ham saylamaysiz... Saylamasangiz ham mayli. Fikringizdan juda ham ta'sirlanganim yo‘q.

– Unda nega deputatsiz? Yig‘ishtiring karamsho‘rvaningizni. Ta'sirlanish uchun minimum g‘urur bo‘lishi kerak. Demak, siz saylanmagansiz, tayinlangansiz.
– Menga ovoz bergan saylovchilar bu fikrda emas. Siz ulardan emassiz. Karamsho‘rvangizni ovoz bergan deputatingiz bilan muhokama qiling. Xohlasangiz, Oliy Majlisga keling, uchrashtirib qo‘yaman. G‘urur masalasida maslahat berish uchun hali yoshroqsiz deb o‘ylayman, biroz ulg‘ayishingiz kerak.

– Bular saylanib olguncha-da. Ko‘rdingizmi, 90 gradusga o‘zgarganini…
– Men o‘zgarganim yo‘q. O‘zgarmayman ham. Xavotir olmang, va'dalar bajariladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top