14:22 / 16.02.2020
40
75658
Bosh prokuratura Oltinsoydagi aholi va hokimiyat vakillari o‘rtasidagi to‘qnashuv yuzasidan bayonot berdi

Bosh prokuratura bayonotida jarohatlangan fuqaroning holati haqida ma'lumot yo‘q. Voqea joyidan tarqalgan videolarda esa fuqaroning yuzi qonga bo‘yalganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Surxondaryoning Oltinsoy tumanida fuqarolar va ichki ishlar xodimlari o‘rtasida 14 fevral kuni kelib chiqqan janjal yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

Unda aytilishicha, prokuratura organlari tomonidan yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha monitoring o‘tkazilmoqda.

Oltinsoyda o‘tkazilgan monitoring davomida «Oq-oltin manzarasi» fermer xo‘jaligiga qarashli paxta va g‘allaga mo‘ljallangan ekin yer maydonining jami 0,39 gektari 6 nafar fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda egallab olingani, 235.35 kv.m. maydonda esa yashash imkoniyati bo‘lmagan uy-joy binolari qurib olingani aniqlangan.

«Holat bo‘yicha 8 fevral kuni ishchi guruh a'zolari: tuman hokimi, prokurori, IIB boshlig‘i, yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi boshlig‘i va boshqalar tomonidan noqonuniy qurilish qilgan fuqarolarga ushbu yer maydoni fermer xo‘jaligi tasarrufidaligi ma'lum qilinib, fuqarolarning o‘z hisoblaridan o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarini buzib olishlarini va ularga boshqa manzildan uy qurishlari uchun yer berilishi haqida tushuntirib o‘tilgan.

14 fevral kuni ishchi guruh a'zolari yuqorida ko‘rsatilgan manzilga borib ko‘rganida, 3 nafar fuqaro o‘zboshimchalik bilan qurilgan uyga yashash imkoniyati bo‘lmasa-da, ko‘chib kirib olgani aniqlangan.

Ishchi guruh tomonidan noqonuniy qurilgan uy-joylarni buzib olishlari tushuntirilganida, avvaldan to‘planib turgan fuqarolar hokimiyat vakili va IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatishgan.

Noqonuniy qurilgan uylarni buzishni imkoniyati bo‘lmagani sababli ishchi guruh a'zolari ortlariga qaytib ketishgan.

Hokimiyat vakillari va tuman IIB xodimlarining tushuntirishiga qaramasdan, fuqarolar hokimiyat vakillari va IIB xodimlariga qo‘llaridagi narsalar bilan tashlanib ketishgan. Noqonuniy ravishda qurilgan uy-joylarning ishchi guruh tomonidan buzilishiga imkon bo‘lmagan.

Bu jarayonda 2 nafar tuman IIB xodimlari hamda 1 nafar fuqaro tan jarohati olishgan», – deyiladi Bosh prokuratura xabarida. 

Avvalroq Surxondaryo viloyat IIB bu janjalda jarohatlangan ikki xodimdan birining jarohati jiddiyligi, u kasalxonaga yotqizilganini ma'lum qilgan edi.

Bosh prokuratura bayonotida jarohatlangan fuqaroning holati haqida ma'lumot yo‘q. Voqea joyidan tarqalgan videolarda esa fuqaroning yuzi qonga bo‘yalganini ko‘rish mumkin.

Oltinsoy tumani prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlarini olib bormoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top