20:12 / 16.02.2020
0
7437
Halatboriysi bor «Xuroson sultonlari». «Paxtakor»ning OChLdagi debyutant raqibi

Ertaga 17 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 16:00da Osiyo Chempionlar Ligasi «V» guruhidan o‘rin olgan 2-tur o‘yinida «Paxtakor» o‘z maydonida Eronning «Shahri Xudrav» jamoasini qabul qiladi. Ketma-ket ikkinchi o‘yinni o‘z maydonida o‘tkazayotgan «Paxtakor» bu bahsda g‘alaba qozonib guruhdagi imkoniyatlarini yaxshilab olishi mumkin.

«Paxtakor»ning ertangi raqibi OChLda ilk marta ishtirok etmoqda. «Padideh» nomi bilan tanilgan jamoa keyinchalik nomini «Shahri Xudrav» deb o‘zgartiradi. Shunday bo‘lsa-da, muxlislar jamoani hamon «Padideh» deb atashadi. Darvoqe, jamoa laqabi «Xuroson sultonlari».

Jamoa bosh murabbiyi italiyalik Stefan Enri. 2013 yilda tashkil etilgan klub o‘z o‘yinlarini 27 700 muxlisga mo‘ljallangan «Imom Rizo» stadionida o‘tkazadi. O‘tgan mavsumda Eron chempionatida 4-o‘rinni egallagan «Xuroson sultonlari» OChL guruh bosqichiga chiqish uchun saralash bahsida qatnashib muvaffaqiyatli tarzda final bosqichiga yetib keldi.

Jamoa bosh murabbiyi Stefan Enri o‘z vaqtida Eron milliy jamoasini boshqargan. Murabbiylar shtabida mahalliy murabbiy Mojtaba Saraosiyoiy ham bor. «Paxtakor»ning ertangi raqibi safida birgina legioner futbolchi bor, bu ukrainalik Miroslav Slavov.

«Shahri Xudrav»ning eng mashhur futbolchisi esa Muhammadrizo Halatboriy. Esingizda bo‘lsa, aynan shu hujumchi JCh-2014 saralashining birinchi turida O‘zbekiston darvozasiga 90+4-daqiqada gol urgan va Eronning Toshkentdagi g‘alabasini ta'minlagandi. Shuningdek Eron milliy jamoasining ko‘p yillik darvozaboni Mehdi Rahmati ham shu jamoada o‘ynaydi.

Bugun Toshkentga yetib kelgan «Shahri Xudrav» «Paxtakor»ga qarshi o‘yini oldidan ilk mashg‘ulotini o‘tkazishga ham ulgurdi. Tribuna.uz muxbiri eronliklarning mashg‘ulotini stadiondan kuzatdi. Quyida mashg‘ulot jarayonidan olingan galereyani tomosha qilishingiz mumkin.

Muhammadjon G‘aniyev olgan suratlar

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top