21:22 / 17.02.2020
2
99486
«Mahkuma»: Ayollar koloniyasida bir kun (1-qism) 

Ayol...  Dunyoda unga ko‘pgina ijobiy ta'riflar berilgan. Haqiqatan ham nozik hilqat vakilalariga qancha chiroyli ta'rif-u tavsiflar keltirsak, shuncha oz. U – mushtipar ona, sevikli yor, mehribon opa, mehribon singil...

Ayol nozik jussasida butun hayot tashvishlarini ko‘tarib yurishi mumkin. Ammo hayot har doim ham shodlikdan iborat emas. Unda azob, nafrat, qiyinchiliklar ham uchrab turadi. Hayotning chalkash yo‘llari uni gohida jinoyat ko‘chasiga yetaklaydi.

Kun.uz ijodkorlari Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 21-sonli jazoni ijro etish muassasasida bo‘ldi. Quyida O‘zbekistondagi yagona ayollar koloniyasidan tayyorlangan videoreportajni tomosha qiling.

Ayollar koloniyasi bir necha qismlardan iborat. Unda uchrashuv xonalari, madaniyat markazi va kutubxona, bolalar uyi, yotoqxona, oshxona, ishlab chiqarish hududi va ma'muriyat xodimlari xizmat idoralari joylashgan. Muassasaga kirib borar ekanmiz, koloniya ma'muriyati bizni mahkuma ayollar tomonidan tashkil etilgan madaniy tadbirga taklif qildi.

Markazning birinchi qavatida mahkumalar uchun qiroatxona joylashgan. Ma'muriyatga ko‘ra, qiroatxona fondi 9 mingdan oshiq kitob fondiga ega. Kutubxona xodimasining aytishicha, mahkumalarning 80 foizi kutubxonaning doimiy a'zosi hisoblanadi.

Kutubxona

Koloniya hududida biz tanishgan navbatdagi markaz mahkumalar va ularning yaqinlari ko‘rishadigan uchrashuv xonalari bo‘ldi.

Koloniyada o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, mahkumalar va ularning yaqinlari uzoq va qisqa muddatda uchrashishlari mumkin. Uchrashuvlar muddati mahkumalarni ko‘rishga kelganlarning qarindoshlik darajasiga qarab belgilanadi.

Qisqa muddatli uchrashuv xonasi

Masalan, mahkuma ota-onasi, turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan 3 sutkagacha qolishi mumkin. Bundan boshqa hollarda mahkumaga uchrashuv uchun 2 soat vaqt beriladi. Bu uchrashuvlar faqat oynali to‘siqlar ortida telefon orqali bo‘lib o‘tadi.

Mahkumalar har 2 oyda bir marta yaqinlari bilan ko‘rishish imkoniyatiga ega.

Mahkuma farzandi bilan koloniyada yashashi mumkinmi?

Ha. Faqat bunda ma'lum yosh cheklovlari amal qiladi. Sud hukmi o‘qilgan paytda mahkuma homilador bo‘lsa (qamoqxonada ko‘zi yorisa) yoki 3 yoshga to‘lmagan farzandi bo‘lsa, o‘zi xohlagan taqdirda koloniyaga farzandini olib kelishi mumkin.

Mahkumalarning farzandlari uchun musiqa xonasi

Koloniyada bolalar uyi tashkil etilgan. Bu xuddi bolalar bog‘chasiga o‘xshaydi. Onalar bolasini bir kunda 2 marta 2 soatdan ko‘rib turishlari mumkin. Emizikli ayollar esa bir kunda 7 mahal farzandlari bilan ko‘rishishlariga sharoit yaratiladi.

Bu yerda 2 oylik chaqaloqlardan tortib, 3 yoshgacha bo‘lgan go‘daklarni ham uchratish mumkin. Bu xuddi o‘zining tor ko‘lmagini butun dunyo deb tasavvur qiluvchi baliqcha hayotini eslatadi.

Bolalar uyida pediatr, psixolog, tarbiyachilar xizmat ko‘rsatadi. Uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumalarning farzandlari 3 yoshdan keyin yaqin qarindoshlari yoki mahkumaning roziligiga asosan bolalar uyiga topshiriladi.

E'tiborimizni tortgan jihati shunda bo‘ldiki, koloniyadagi bolalar ozodlikda o‘sayotgan tengdoshlariga qaraganda ancha odamovi. Bizni ham bu bolakaylar begonasirab qarshi oldi. Ular bilan uchrashgan kishi sezadiki, murg‘ak ko‘zlarda juda og‘ir ma'yuslik ko‘zga tashlanadi. Xalqimizda bolalarga nisbatan aytiladigan «Yerga ursang ko‘kka sapchiydi», iborasi ular uchun emasdek go‘yo.

Bolalar uyidan chiqib, ayollar yotoqxonasiga kiramiz. U yerga kirganimizda mahkumalar tushlikka chiqish uchun tayyorgarlik ko‘rishayotgan ekan. Shu yerning o‘zida bir necha ayollarni suhbatga tortdik.

Yotoqxona

Ularning aytishicha, kun tartibi soat 6.00da uyg‘onishdan boshlanadi. So‘ng yotoq joylar tartibga keltiriladi. Mahkumalar har kuni tongda va tungi uyqudan avval (soat 22.00) koloniya qo‘riqchilari tomonidan sanoqdan o‘tkaziladi.

Biz bilan gaplashgan mahkumalar kechki uyquga qadar majburiy tarzda axborot dasturlari ko‘rsatilishi hamda sevib tomosha qiladigan seriallari haqida aytib berishdi.

Qamoqxona hududida joylashgan mana bu simyog‘ochda in qurgan laylaklarga boqing. Bu laylaklar uzoq yillardan beri shu yerni makon qilishgan. Koloniya xodimlarining aytishicha, umumiy afvlar e'lon qilingan yoki jazo muddati tugagan mahkumalar ozodlikka chiqayotgan paytda barcha bir bo‘lib baqirishadi va laylaklarni osmonga uchirishadi. Bu qamoqxonadagi eng quvonchli odatlardan biriga aylangan.

Ayollarning asosiy vaqti o‘tadigan ishlab chiqarish hududiga ham yetib keldik. Mahkumalar tilida bu joy «promzona» deyiladi.

Ishlab chiqarish korxonasi

Ishlab chiqarish xududiga kirish joyidagi yozuvga e'tibor bering: «Reja – qonun, bajarish – burch, ortig‘i bilan bajarish sharafdir»

«Promzona»da ayollar tikuvchilik, chinni idishlarga ishlov berish, paypoq to‘qish kabi ishlarni bajarishadi. Mutasaddilarga ko‘ra, mahkumalar soat 9.00dan 18.00gacha mana shu yerda mehnat qilishadi. Ularga ish hajmiga qarab oylik to‘lanadi. Bu oylik 200 ming so‘mdan 700 ming so‘mgacha bo‘lishi mumkin.

Mahkumalarning ish vaqti tugagach, kechki ovqat vaqti boshlanadi. Kechki ovqatga borishdan avval barcha mahkumalar saflanib, vatanparvarlik qo‘shiqlarini aytishi kerak.

Mahkumalar dasturxoni ovqat, non va choydan iborat. Reportajimiz kuni mahkumalarga «perlovka» tayyorlangan ekan. Ovqat ta'mini bilish maqsadida biz ham undan tatib ko‘rdik

Qamoqxona mutasaddilariga ko‘ra, mahkumalar har kuni bunday ovqat yemaydi. «Bizda baliq, osh kabi taomlar ham tayyorlanadi», – deydi xodimlardan biri.

Tushlik vaqti

Ovqatlanib bo‘lgan mahkumalar 2 soatlik shaxsiy vaqt olishadi. Bu muddatni ular kitob o‘qish, televizor ko‘rish, shaxmat-shashka o‘yinlari bilan o‘tkazishlari mumkin.

U yerdan qaytar ekanmiz, ruhimizga qandaydir og‘irlik va so‘lg‘inlik tushganini his qilamiz. Biz bilan suhbatda bo‘lgan ayollarning aytishicha, qamoqxonada bo‘lgan har bir insonning ruhiyatiga shu kabi og‘irlik tushishi tabiiy holat ekan.

Mahkumalar kechki ovqatga kirishdan avval

«Qamoqxona to‘rt devor orasidagi bir xil hayot va tutqunliklikdagi ayollarning og‘ir xayollari, achchiq ko‘zyoshlarini o‘zida saqlaydi», – deydi ular.

Xulosa qilamizki, kishi har bir qilayotgan ishining oqibatini o‘ylab ko‘rsin. Qisqa muddatli aldamchi orzu-havas, shaytoniy o‘y-xayollar ularni aldab qo‘ymasin. Reportaj boshida so‘zimizni ayollarni ulug‘lashdan boshladik.  Tilagimiz mana shu ulug‘ nom mahkuma, degan tamg‘a bilan hech qachon bog‘lanmasin.

Kun.uz muxbirlari – Ilyos Safarov, Muhabbat Ma'mirova,

Tasvirchilar – Otaxon Yusupov, Arslon Allaberganov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top