17:56 / 17.02.2020
1
22286

OChL. «Paxtakor» yirik hisobda g‘alaba qozonib o‘z guruhida yetakchiga aylandi

OChL «V» guruhida 2-tur o‘yinlari boshlandi. O‘z maydonida Eronning «Shahri Xudru» klubini qabul qilgan «Paxtakor» 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Foto: Tribuna.uz

Birinchi bo‘limda «Paxtakor» ko‘p hujum qildi, ammo gol ura olmadi. Bo‘lim oxirida hakam eronlik futbolchi qo‘l bilan o‘ynaganiga qaramay, penalti belgilamadi.

Ikkinchi bo‘limni esa «Paxtakor» juda faol boshladi. 56-daqiqada hisob ochildi. Jaloliddin Masharipov o‘ng qanotdan ajoyib yurish amalga oshirib, to‘pni darvoza yaqinidagi Igor Sergeyevga tashlab berdi. Hujumchi deyarli qo‘riqlanmayotgan darvozaga gol urdi — 1:0.

Goldan 3 daqiqa o‘tib «Paxtakor» farqni oshirdi. Jaloliddin Masharipov ajoyib uzatmasi bilan Doston Hamdamovni darvozabon bilan yakkama-yakka olib chiqdi. Doston esa to‘pni o‘zi darvozaga yo‘llamay yanada qulayroq vaziyatda turgan Sergeyevga tashlab berdi. Hujumchi bo‘sh darvozani qiyinchiliksiz ishg‘ol qildi. 87-daqiqasida Jaloliddin Masharipovning yana bir uzatmasidan so‘ng Sherzod A'zamov bosh bilan gol urib hisobni yirik ko‘rinishga olib keltirdi.

Shu tariqa «Paxtakor» 3:0 hisobida g‘alaba qozonib «V» guruhi yetakchisiga aylanib oldi. Guruhdagi ikkinchi o‘yin «Shabob Al Ahli» va «Al Hilol» o‘rtasida Toshkent vaqti bilan 18:30 da boshlanadi.

OChL-2020
«V» guruhi
2-tur
«PAXTAKOR» — «ShAHRI XUDRU» 3:0
Gollar: Igor Sergeyev (56, 59), Sherzod A'zamov (87).
«Paxtakor»: Eldor Suyunov, Hojiakbar Alijonov, Sherzod A'zamov, Yegor Krimets, Farrux Sayfiyev, Odil Hamrobekov, Sardor Sobirxo‘jayev (Humoyunmirzo Iminov, 84), Doston Hamdamov (Asad Sobirjonov, 87), Dragan Cheran (Eren Derdiyo‘q, 90), Jaloliddin Masharipov, Igor Sergeyev.
«Shahri Xudru»: Mehdi Rahmati, Ali Ne'mati, Muhammad Murodmand, Farshad Faraji, Hassan Ja'fari, Akbar Sodig‘i, Milad Sarlak, Said Sodig‘i, Muhammad G‘ozi Najafabadi, Muhammadrizo Xalatbori, Ruhulloh Sayfullohi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top