12:04 / 18.02.2020
0
2714
Aholiga interaktiv xizmat ko‘rsatish bo‘yicha geoportal joriy etilyapti

Tizimda nafaqat davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish ma'lumotlarni to‘plash, tahlil qilish, balki aholiga interaktiv xizmatlar taqdim etish ham ko‘zlangan

Foto: Davergeodezkadastr

«Davergeodezkadastr» qo‘mitasi hamda Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazi tomonidan aholiga interaktiv xizmat ko‘rsatish maqsadida geoportal joriy etilmoqda.

Geoportal tizimidan maqsad xarita tuzish ishlarida inson omilini kamaytirish hamda yuqori aniqlikda ma'lumotlar olish uchun zamonaviy texnologiyalar, ya'ni masofadan zondlash (remote sensing), Global navigatsion sun'iy yo‘ldoshlar tizimlaridan (GNSS) foydalanib mavjud ma'lumotlarga solishtirish orqali noqonuniy egallangan maydonlarni aniqlash, navbatchi qishloq xo‘jaligi xaritalarini yuritish, har yillik hosil uchun qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirish, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan maydonlarda monitoringini olib borish, tahlil qilish va prognozlash ishlari, davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish uchun asos yaratishni avtomatlashtirishdan iborat.

Tizimda nafaqat davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish ma'lumotlarini to‘plash, tahlil qilish, balki shu ma'lumotlar asosida aholiga interaktiv xizmatlar taqdim etish ham ko‘zlangan.

Aholiga interaktiv xizmat ko‘rsatish bo‘limi 5 ta moduldan iborat. Ular quyidagilar: «Tadbirkorlar uchun»; «Sayohat»; «Mening yurtim - mening xaritam»; «Interaktiv o‘quv xaritalari»; «Kelajak xaritasi».

«Tadbirkorlar uchun» taklif qilinadigan zaxiradagi yoki vaqtinchalik hokimiyat tasarrufidagi hamda samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlari va ularning ball-boniteti, bino va inshootlar to‘g‘risida ma'lumotlar (obektning xaritadagi joylashgan o‘rni, fotosurati, parametrlari va mutaxassis tomonidan berilgan taklif)ni olish imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari, mazkur modulda o‘zini qiziqtirgan bo‘sh yer maydonini olish va elektron auksionda ishtirok etish portaliga chiqish giperhavolasi mavjud. Bu esa tizim ishlashida shaffoflikni ta'minlab, yer uchastkasini olish bilan bog‘liq noqonuniy xatti-harakatlarning oldini oladi.

«Sayohat» moduli respublikada turizmni rivojlantirish maqsadida barcha diqqatga sazovor joylar, muzeylar va dam olish zonalari va ular atrofiga yaqin mehmonxona, restoran, kafe va boshqa obektlar to‘g‘risida to‘g‘ri va to‘liq ma'lumotlar olish hamda marshrutni belgilashdan iborat.

«Mening yurtim - mening xaritam» aksiyasida mamlakatning har bir fuqarosi ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari orqali yoki tizimda ro‘yxatdan o‘tib, o‘zlari bilgan joylar to‘g‘risida ma'lumot kiritishi yoki mavjud ma'lumotlarni tahrirlash imkoniga ega bo‘lishadi. Kiritilgan ma'lumotlar qo‘mita mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqiladi va har oyda «eng ko‘p ma'lumot kiritgan sayt a'zosi», «eng to‘g‘ri ma'lumot kiritgan sayt a'zosi» nominatsiyalari bo‘yicha ma'lumotlar berib boriladi.

Hozirda mavjud statistik ma'lumotlardan foydalangan holda «interaktiv o‘quv xaritalari» yaratish, maktab o‘quvchisidan tortib to sohada faoliyat olib borayotgan xodim o‘zi uchun kerakli va qiziqarli bo‘lgan ma'lumotlarni tez, aniq va qulay usulda olish imkoniga ega bo‘lishadi.

«Kelajak xaritasi» bu yaqin kelajakda O‘zbekistonning boy tarixi hamda tabiatini to‘laligicha ko‘rsatib beradigan interaktiv uch o‘lchamli animatsion xaritalar yaratish ishlariga mo‘ljallangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top