19:47 / 18.02.2020
0
5699
Ashraf G‘ani Afg‘oniston prezidenti saylovlari g‘olibi deb rasman e'lon qilindi  

Afg‘onistonning amaldagi prezidenti, mamlakatni 2014 yildan beri boshqarib kelayotgan Ashraf G‘ani mamlakatda o‘tgan prezident saylovlaridagi ovozlarning yakuniy hisob-kitobidan keyin g‘olib deb tan olindi.

Foto : RIA Novosti

Bu haqda mamlakat saylov komissiyasiga tayanib 1TV telekanali xabar berdi.      

Shu tariqa G‘ani prezident lavozimini ikkinchi muddat egallaydi.

G‘ani 2019 yil 22 dekabrdayoq 28 sentyabrda o‘tgan saylovlarning g‘olibi deb e'lon qilingandi. Ammo “Islom jamiyati” partiyasi va uning yetakchisi Abdulla Abdulla saylovlar natijalarini tan olmay, ovozlarning qayta hisoblanishini talab qilgan.

So‘ngra shikoyatlar bo‘yicha komissiya saylovlardagi qoidabuzarliklar bo‘yicha 16,5 ming shikoyat qayd qilgan va natijada ushbu shikoyatlarni tekshirishga qaror qilingan.

Avval e'lon qilingan dastlabki natijalarga ko‘ra, 71 yoshli G‘ani uchun 923 mingdan ko‘proq saylovchi (50,64 foiz) ovoz berib, u saylovlarda yetakchi bo‘lgan. 2-o‘rinni mamlakat bosh vaziri Abdulla Abdulla 39,52 foiz, 3-o‘rinni sobiq bosh vazir, “Hizb-a-Islomiy” (Afg‘oniston Islom partiyasi) yetakchisi Gulbiddin Hikmatiyor 3,85 foiz ovoz bilan egallagan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top