12:16 / 18.02.2020
2
30015
«Bo‘ston» sanatoriysida karantinda bo‘lgan fuqarolarga javob berildi

Karantin muddati (14 kun) tugagani munosabati bilan karantin holatida saqlangan fuqarolarning 294 nafari o‘z uyiga kuzatildi, yaqin vaqtlar ichida karantindagi boshqa fuqarolarga ham javob beriladi.

Bugun, 18 fevral kuni Toshkent viloyatidagi «Bo‘ston» sanatoriysida joylashtirilgan 294 nafar fuqaroni karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan uyiga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Xitoydan olib kelingan fuqarolarimiz 14 kun davomida xalqaro sanitariya-epedimiologiya talablari asosida qat'iy karantin holatida saqlandi. Shu davr yakuniga qadar tibbiy kuzatuv va maxsus laboratoriya tekshiruvlari to‘liq, xalqaro standartlar bo‘yicha olib borildi. Karantinda bo‘lgan fuqarolar birinchi kun va inkubatsiya davrining tugashi bilan, ya'ni ikki marta koronavirus infeksiyasi bor yo‘qligini aniqlash bo‘yicha virusologik laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Tahlil natijalari biror fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi yo‘qligini aniqlab berdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Bo‘ston» sanatoriysi to‘liq karantin talablari asosida jihozlandi. Kuzatuv olib borish uchun tegishli tibbiy jihozlar va zarur dori vositalari bilan ta'minlandi. Xususan, koronavirus diagnostikasi vositalarining zarur zaxiralari yaratilib, kerakli dori hamda dezinfeksiya vositalari, uskunalar, sarflash materiallari, shuningdek, shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlandi. Sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida bo‘lib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazildi. Shuningdek, mazkur tibbiyot muassasalarida barcha kerakli maishiy vositalar va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlandi. Oshxonalarda 14 kunlik taomnoma tuzilib, kuniga uch marta sifatli ovqatlanish tashkil etildi», deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitaniya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Barcha muassasalarda yuqumli kasalliklar bo‘yicha malakali virusolog, epidemiolog va boshqa yetakchi shifokor-mutaxassislar ish olib borishgan. Ular karantin muassasasida belgilangan muddat yakuniga yetgunga qadar faoliyat yuritishdi. Shuningdek, fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash va jamoat tartibini saqlash maqsadida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya xodimlari jalb etilib, ular alohida binolarga joylashtirilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Xitoyda xavotirli epidemik vaziyatdan ancha tushkun ahvolga tushib qolgan edik. Ana shunday qiyin vaziyatda davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik bizni judayam quvontirdi. Yurtimiz tuprog‘iga qadam qo‘yishimiz bilan ko‘nglimiz ancha xotirjam bo‘ldi. Biz joylashgan sanatoriyda barcha sharoitlar yaratilgan ekan. A'lo kayfiyatda dam oldik, bir-birimiz bilan do‘stlashdik. Ochig‘i, bu joydan ketgimiz ham kelmayapti», deydi bo‘kalik Sevara Miraliyeva.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Karantin obektlarida saqlanayotgan fuqarolarning oila a'zolari va yaqin qarindoshlari bilan muloqot qilishlari uchun telefon apparatlari o‘rnatildi. Bundan tashqari, Toshkent shahridagi Stomatologiya institutida karantindagi fuqarolar bilan ularning ota-onalari va yaqin qarindoshlari muloqoti uchun videokonferensaloqa vositalari va telefon apparatlari o‘rnatilgan Call center faoliyat yuritdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

 «Bu yerda bizga 14 kun davomida juda yaxshi qarashdi. Shifokorlar juda xushmuomalalik bilan kayfiyatimizni ko‘tarishga harakat qilishdi. Har kuni bizni ikki martadan tekshiruvdan o‘tkazib turishdi. Bo‘sh vaqtimizni unumli o‘tkazish uchun ham barcha sharoitlarni qilib berishdi. Bu yerga kelib barcha xavotirlarimiz tumandek tarqab, qalbimizni faxr-iftixor hissi egalladi. Mana shunday yurtning farzandi ekanligimizdan g‘ururlandik.

Negaki, ko‘pgina mamlakatlar Xitoydagi fuqarolarini yurtiga qaytarib, bu darajada e'tibor va ko‘mak ko‘rsata olmayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Shunday ekan, hamisha vatan himoyasida bo‘lgan baxtiyor insonlarmiz, deb bemalol ayta olamiz. Fursatdan foydalanib, bizga g‘amxo‘rlik qilgan barchaga chuqur minnatdorlik bildiramiz», deydi buxorolik Ilhom Qurbonov.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Yaqin vaqtlar ichida karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan boshqa tibbiyot muassasalaridagi Xitoydan olib kelingan fuqarolar ham o‘z uylariga kuzatiladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Eslatib o‘tamiz 4-6 fevral kunlarida Xitoydan O‘zbekistonning 584 nafar fuqarosi uchta charter reys orqali mamlakatga olib kelingan edi.

Har bir reysga Sog‘liqni saqlash vazirligining malakali infeksionist va epidemiolog mutaxassislari jalb etilib, parvoz oldi va parvoz davomida olib kelinayotgan fuqarolarning salomatligi tibbiy kuzatuv ostiga olindi. Parvoz davomida yo‘lovchilar orasida tana harorati ko‘tarilgan va sog‘lig‘ida o‘zgarishlar bo‘lgan fuqarolar aniqlanmagandi.

Reyslar Toshkent xalqaro aeroportiga uchib kelganida yana bir bor tegishli mutaxassislar tomonidan samolyot bortiga chiqib, yo‘lovchilarning tana harorati portativ teplovizor va elektron termometrlar yordamida o‘lchandi, ularning orasida tana harorati me'yoridan yuqori bo‘lgan fuqarolar aniqlanmadi. Shuningdek, yo‘lovchilar samolyot trapidan tushishlari bilan, shu yerning o‘zida mutaxassislar tomonidan ularning egnidagi kiyimlari hamda ularning qo‘l yuklari tegishli tartibda zararsizlantirildi.

So‘ngra barcha yo‘lovchilar koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni ta'minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalariga joylashtirilgandi.

 
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top