20:29 / 18.02.2020
0
14497
Buyuk Britaniya elchisi – O‘zbekistondagi so‘z erkinligi, viza markazining yopilishi va Breksit haqida

2019 yil 31 oktyabrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot Breksitdan keyin ikki tomonlama munosabatlarning amaldagi huquqiy asosini saqlab qolish hamda aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida «Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida»gi bitimni imzolagan edi.

Kun.uz muxbiri hamkorlikning hozirgi holati, tomonlar o‘rtasidagi qisqa va uzoq muddatga mo‘ljallangan loyihalar va boshqa mavzularda Britaniyaning Toshkentdagi diplomatik missiyasi rahbari Tim Torlot bilan suhbatlashdi.

Suhbat davomida diplomat O‘zbekistondagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq o‘zgarishlar va Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi viza idorasining yopilish sabablari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

– Janob Tim Torlot, siz Tashqi ishlar vazirligi tizimida salkam qirq yildan beri, ya'ni 1981 yildan buyon ishlab kelmoqdasiz. Shu yillar mobaynida ko‘plab davlatlar, jumladan Iroq, Yaman va Boliviyada xizmat qildingiz. Ushbu mamlakatlarga taqqoslaganda, O‘zbekiston siz uchun nimasi bilan farq qiladi?

– Bu yer mutlaqo o‘zgacha va men ham O‘zbekistonga tayinlanishdan oldin uning aynan shunday bo‘lishini kutgandim. Aytib o‘tganingizdek, men 38 yildan ortiqroq vaqtdan beri diplomatiya sohasida ishlab kelmoqdaman. Faoliyatim davomida Yaqin Sharqning ko‘plab davlatlarida – Iroq, Yaman, Ummon va Janubiy Amerikaning turli mamlakatlarida xizmat qildim.

Bu – mazkur sohaning menga yoqadigan o‘ziga xos jihatlaridan, ochig‘ini aytsam. Chunki kasbim bir-biridan farq qiluvchi turli o‘lkalarda yetarlicha uzoq muddat yashash, ishlash va shu mamlakatlarning tarixini o‘rganish imkonini beradi.

O‘zbekistonda ishlash imkoniga ega bo‘lganimdan juda mamnunman. Bu yerga kelganimdan buyon o‘zim uchun yangi bo‘lgan ikkita tilni o‘rganishimga to‘g‘ri kelyapti. Ochig‘ini aytsam, buning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Bu yerda muhit o‘zgacha.

Bunga qadar sobiq sovet ittifoqi tarkibiga kirgan davlatlarda ishlamaganman. Asta-sekinlik bilan yurtingizning o‘ziga xos sharqona madaniyati, ittifoq davridan qolgan merosi bilan tanishyapman. Bu O‘zbekistonda ishlashning ajoyib jihatlaridan, deb ayta olaman

2019 yil 20 sentabr. O‘zbekiston prezidentiga ishonch yorlig‘ini topshirish marosimi
Foto: Prezident matbuot xizmati

– 2019 yil oktyabr oyida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya Breksitdan keyin ikki tomonlama munosabatlarning amaldagi huquqiy asosini saqlab qolish hamda aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida «Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida»gi bitimni imzoladi. Sizningcha, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etishi mamlakatlar o‘rtasidagi savdo munosabatlari va boshqa biznes kelishuvlarga ta'sir ko‘rsatadimi?

– Shubhasiz, ta'sir ko‘rsatadi. Buyuk Britaniya katta imkoniyatlar ostonasida turibdi. Mamlakatimiz har doim xalqaro maydondagi jarayonlarda o‘z nufuziga ega ishtirokchilardan bo‘lgan. Xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlik va mustahkam munosabatlar sabab Britaniya iqtisodiy jihatdan ilg‘or, ko‘p millatli mamlakat sifatida shakllangan.

Agar dunyo davlatlari bilan savdo-sotiq va madaniy aloqalarni rivojlantirmagan bo‘lganimizda, kichik bir orolda joylashgan davlat sifatida ajralib qolib ketgan bo‘lardik. Yevropa Ittifoqidan chiqish Buyuk Britaniyaga yanada kengroq qamrovda aloqalarni mustahkamlashga yo‘l ochadi.

Biz Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar bilan munosabatlarimizni saqlab qolgan holda ular bilan hamkorlikda ishlashni davom ettiramiz, albatta. Va ayni vaqtda, mazkur holatga imkoniyat sifatida qarab, rivojlanish salohiyati yuqori bo‘lgan boshqa xorijiy mamlakatlar, xususan, O‘zbekiston bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga e'tiborimizni qaratamiz.

2019 yil 31 oktabr. Tim Torlot va O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida»gi bitimni imzolamoqda
Foto: TIV Axborot xizmati

Yevropa Ittifoqidan chiqish orqali, umid qilamizki, O‘zbekiston va boshqa davlatlar bilan o‘zaro savdo kelishuvlari va siyosiy hamkorlikni mustaqil ravishda shakllantirish imkoniga ega bo‘lamiz. Bu ma'lum, aniq bir maqsadga yo‘naltirilgan aloqalarga e'tibor qaratishimizga ko‘maklashadi.

Misol uchun, O‘zbekiston hozirda Yevropa Ittifoqi bilan «Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida»gi bitim bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Asosiy maqsadlardan biri – O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi maxsulotlari uchun Yevropa bozoriga yo‘l ochishdan iborat. Ayni taklifni O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan muzokaralarda ham ilgari surishi mumkin va bizning yondashuvimiz Yevropa Ittifoqinikidan farq qilishi ehtimoldan holi emas.

Men Yevropa Ittifoqi nomidan gapira olmayman, albatta. Lekin aytishim mumkinki, biz alohida mamlakat sifatida ochiq, raqobatga asoslangan savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga doim tayyormiz.

– O‘zbekiston ommaviy axborot vositalaridagi so‘z erkinligini qanday baholagan bo‘lardingiz? Buni Britaniya ommaviy nashrlari bilan taqqoslab ayta olasizmi? Misol uchun, BBC bilan.

– Fikrimcha, o‘zbek ommaviy axborot vositalarini BBC bilan taqqoslash adolatdan bo‘lmaydi. Chunki BBC – uzoq yillardan beri bu sohada faoliyat yuritib kelayotgan tashkilot. Vaqti bilan sizlarning ham o‘z BBC’ingiz bo‘lishiga ishonaman. Ammo siz hali u darajaga yetishganingiz yo‘q.

Hozir O‘zbekiston matbuot erkinligini ta'minlash bo‘yicha keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda. Bu yerga kelganimdan buyon odamlardan eng ko‘p eshitgan gaplarimdan biri aynan so‘z erkinligini ta'minlash borasidagi o‘zgarishlar haqida bo‘ldi. Munozaralarni tashkil etish, jamiyat orasida bahs-muzokaralarga sabab bo‘ladigan mavzularni yoritishda jurnalistlarning faollashuvi hamda o‘rni kelganda hukumatni ham tanqid qila bilishi bu sohadagi islohotlar natijasi, deb o‘ylayman.

Bu ayniqsa internet nashrlari va blogerlar orasida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Prezidentning so‘z erkinligi, jurnalistlar huquqlarini ta'minlash borasida ko‘rsatayotgan tashabbusi, ularni qonun doirasida bemalol faoliyat yurita olishiga imkon yaratib berishi sohaga katta e'tibor berilayotganidan dalolat.

Bundan tashqari, OAV vakillarining turli o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etishlari ham samarali natija berishiga ishonaman. Bizning elchixonamiz ham bu borada o‘z ko‘magini ko‘rsatmoqda. Ko‘zlangan asosiy maqsad – tajribali, ma'lumotlarni chop etishdan oldin yaxshilab tekshirib, surishtiruv ishlarini olib boradigan va tanqidni o‘rinli joylarda, ishonchli manbalarga asoslangan holda qo‘llaydigan, tanqidi sabab biror jinoyat yoki noo‘rin harakat ochib beriladigan jurnalistlarni shakllantirishdan iborat.

Hali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. OAVning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortib bormoqda va ular rivojlanish jarayonida faol ishtirok etish uchun astoydil harakat qilishyapti. Hukumat ham ularni qo‘llab-quvvatlayotgani quvonarli hol, albatta. Lekin har doim ham bo‘lganidek, bu kabi islohotlar amalga oshirilishini turli sabablarga ko‘ra istamaydigan insonlar va har xil tashkilotlar ham yo‘q yemas. Umid qilamanki, davom etayotgan rivojlanish yo‘lidagi harakatlar salbiy qarashlarga butunlay barham beradi.

2019 yil 12 dekabr. O‘zbekistondagi xorijiy diplomatik korpus vakillari va siyosiy partiyalar nomzodlari uchrashuvi

Har yili O‘zbekistonning yuzlab fuqarolari Buyuk Britaniya vizasini olish uchun hujjat topshiradi. Biroq shunga qaramay, Britaniyaning Immigratsiya nazorati va vizalarni qo‘llab-quvvatlash markazi Toshkentdagi idorasini yopishni ma'qul ko‘rdi. Shu bo‘yicha nima deya olasiz? Toshkentdagi bo‘lim nega yopildi?

– Aytishim mumkinki, bizning ayni damdagi viza berish tizimimiz juda yaxshi shakllantirilgan va samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Sababi, butun boshli jarayon onlayn tarzda amalga oshiriladi, ya'ni viza olish uchun hujjat topshirgan shaxs konsullikka yoki markaz idoralariga kelishi shart emas. Uyda o‘tirib ham bemalol viza uchun arizani to‘ldirish mumkin.

O‘zbek fuqarolarining vizasi ko‘rib chiqiladigan Istanbuldagi ofisga borishning hojati yo‘q. Shunchaki kerakli hujjatlarni va pasportni yuborishning o‘zi kifoya. Bunga yetarlicha asoslar bor, men sizga aytsam.

Birinchidan, vizani ko‘rib chiqish bilan bog‘liq xarajatlar viza to‘lovi orqali qoplanadi. Viza xizmatini dunyo bo‘ylab taqdim etar ekansiz, xarajatlar yetarlicha yuqori bo‘ladi.

Ikkinchidan, bu ish samaradorligini oshiradi. Chunki vizani ko‘rib chiqish jarayoni bu ish bo‘yicha yetarlicha tajribaga ega bo‘lmagan odamlar tomonidan emas, balki aynan shu ish bilan shug‘ullanib kelgan, qonunlarni yaxshi tushunuvchi mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, xizmatni bunday yo‘l bilan taqdim etish jarayonni tezlashtiradi. Bizni Istanbulda yetarlicha xodimlardan tarkib topgan katta jamoamiz bor. Ular turli savollar va masalalarga yechim taklif qilishga qo‘llaridan kelgancha harakat qilishadi.

Bilaman, bu biroz ajablanarli tuyulishi mumkin. Chunki Britaniya vizasi O‘zbekiston uchun qimmat va uni qo‘lga kiritish ko‘p vaqt talab qiladi. Yurtingiz fuqarolari vizaga topshirgach, dastlab pasportini Istanbulga yetib borishi, so‘ngra uni qaytib kelishini kutishga majbur. Shuning uchun ularga vizaga hujjat tayyorlar ekan, harakatni ertaroq boshlashni, vaqt omilini inobatga olishni maslahat beraman.

Bundan tashqari, hujjatni to‘ldirishda ma'lumotlarni biz so‘ragandek aniq taqdim qilishlari juda muhim. Chunki viza taqdim etilmay qolishiga asosiy sabablardan biri ko‘p hollarda aynan hujjatlardagi kamchiliklar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Tushunaman, bu vaqtni oladigan jarayon, ko‘plab qog‘ozbozlik ishlari va hokazo. Ammo buning uchun uzr so‘rab o‘tirmayman, bizga so‘ralgan ma'lumotlar viza taqdim etish, etmaslik bo‘yicha qaror qabul qilishimizda zarur.

Shunday ekan, vizaga topshirmoqchi bo‘lganlarga harakatni ertaroq boshlashni, kerakli hujjatlar va ma'lumotlarni so‘ralganidek taqdim qilishni yana bir bor eslatib o‘taman. Shunda biz ham qo‘limizdan kelgancha sifatli, imkon qadar tez xizmat ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Doniyor Tuxsinov suhbatlashdi.

Videointervyuni to‘liq shaklda Kun.uz`ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top