14:09 / 18.02.2020
4
42259
Deputatlar yangi vazirlikka rahbar nomzodini ma'qullashdi

«Mahalla» xayriya jamoat fondi raisi Rahmat Mamatov O‘zbekistonda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga nomzod sifatida ma'qullandi.

Bugun, 18 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida yangi vazirlik - Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rahbari lavozimiga «Mahalla» xayriya jamoat fondi raisi Rahmat Mamatov nomzodini ma'qullashdi.

Rahmat Mamatov so‘zga chiqib, mazkur lavozimga mas'uliyat bilan faoliyat yuritishga tayyor ekanini bildirdi. 

«Oilalarda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroni hayotdan roziligini, olib borilayotgan islohotlardan roziligini his qilish uchun chin dildan mehnat qilamiz», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tarkib topgan yangi amaliyotga muvofiq, Qonunchilik palatasi deputatlari Hukumat a'zoligiga tayinlanayotgan nomzodni ko‘rib chiqishadi. Deputatlar muhokamasidan o‘tgan nomzod prezident lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi qarorni imzolaganidan keyin, rasman vazirga aylanishi mumkin.

Bungacha Qurilish vaziri Botir Zokirov hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov shunday bosqichlardan o‘tib vazirlikka tayinlanishgandi.

2017 yilning oktyabridan buyon Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Rahmat Mamatov 2020 yilning 21 yanvar kuni Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari — «Mahalla» xayriya jamoat fondi raisii etib tayinlangandi. 

24 yanvar kuni prezident farmoni bilan Rahmat Mamatov senator etib tayinlangandi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top