11:20 / 18.02.2020
2
51504

Dunyodagi eng boy odam «Yer uchun asosiy tahdid»ga qarshi kurashga 10 mlrd dollar ajratdi

Jyeff Bezos Yerni qutqarish uchun mablag‘ ajratadigan maxsus jamg‘arma tashkil etdi. Milliarder o‘z boyligining qariyb 8 foizini unga yo‘naltirdi

Foto: Pablo Martinez Monsivais / AP

Amazon asoschisi Jyeff Bezos iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash uchun 10 milliard dollar ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda u Instagram’da yozdi.

Milliarder so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi «sayyoramiz uchun eng katta tahdiddir». Bezosning ta'kidlashicha, u boshqa odamlar va tashkilotlar bilan birgalikda Yerga iqlim o‘zgarishining falokatli ta'siri bilan kurashishning yangi usullarini topish maqsadida ishlash niyatida.

Amazon rahbari aytishicha, yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘ o‘zi tomonidan tashkil etilgan «Bezos Yer jamg‘armasi»ga yo‘naltiriladi. Tadbirkorning qayd etishicha, jamg‘armadan mablag‘ ushbu muammo ustida ishlaydigan olimlar, faollar va nodavlat tashkilotlarga ajratiladi. «Men yozda grantlar berishni boshlayman», - deb yozdi u.

Bundan tashqari, Bezos yirik va kichik kompaniyalar, turli mamlakatlar hukumatlari, xalqaro tashkilotlar va oddiy odamlarni hamkorlikda ishlashga chaqirdi. «Yer barchamizni birlashtiradigan narsa, uni birgalikda himoya qilaylik», - deya xulosa qildi milliarder.

Dunyodagi eng boy odamlarning pulini real vaqt rejimida kuzatib boruvchi Forbes reytingiga ko‘ra, Jyeff Bezos 129,9 milliard dollar bilan yer yuzidagi eng boy odam sanaladi. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun ajratgan 10 milliard dollar - uning boyligidan qariyb 8 foizni tashkil etadi.

Bundan oldin ham Bezos o‘z boyligidan xayriyaga katta mablag‘lar ajratgan. Xususan, o‘tgan yil kuzida u uysizlarga yordam berish uchun 100 million dollar taqdim etdi, yanvar oyida esa Avstraliyadagi o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashish maqsadida 690 ming dollar o‘tkazdi.

O‘tgan yil may oyida milliarderning sobiq rafiqasi Makkenzi Bezos o‘z boyligining yarmini xayriya ishlariga berib yuborgan edi. Bir yil oldin eri bilan ajrashgandan so‘ng, u Amazon’ning 4 foiz aksiyalari egasiga aylandi. Kompaniya aksiyalarining o‘sha paytdagi qiymatiga ko‘ra, Makkenzining boyligi deyarli 36 milliard dollarni tashkil etgan. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top