16:44 / 18.02.2020
0
5321
Eronda AQSh foydasiga josuslik qilgan sakkiz kishi uzoq muddatlarga qamaldi

Eronda 2019 yil oktyabrda AQSh foydasiga josuslik qilgani uchun mamlakat fuqarolaridan biri o‘lim jazosiga hukm qilingandi.

Foto: Zuma/TASS

Eronda sakkiz nafar kishi AQSh foydasiga josuslik qilgani uchun uzoq muddatlarga qamaldi. Bu haqda Eron oliy sudi rasmiy vakili G‘ulom Husayn Ismoiliy ma'lum qildi.

ISNA agentligining xabar berishicha, ular "AQSh hukumati bilan hamkorlik qilgani uchun" olti yildan 10 yilgacha muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ismoiliyning qayd etishicha, "ayblanuvchilar milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi harakatlarni sodir etgan".

G‘arb OAVning ma'lumot berishicha, ayblanuvchilar ikki yilcha avval hibsga olingan. Ularning ayrimlari Erondan tashqari AQSh va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ham ega bo‘lgan.

Eronda 2019 yil oktyabrda AQSh foydasiga josuslik qilgani uchun mamlakat fuqarolaridan biri o‘lim jazosiga hukm qilingandi. Bundan tashqari, joriy yilning 4 fevralida yadroviy dastur sohasida Vashington foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib yana bir fuqaro o‘lim jazosiga hukm qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top