21:11 / 18.02.2020
0
14077
Haftar kuchlari qurol ortilgan turk kemasi yo‘q qilinganini e'lon qildi 

Feldmarshal Xalifa Haftarning Liviya milliy armiyasi Tripoli portida qurol va o‘q-dori ortilgan turk kemasini yo‘q qilganini e'lon qildi. 

Foto: Egypt today

Liviya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Turkiya harbiy-dengiz floti Liviya poytaxti Tripoliga qo‘shin va tanklar yetkazmoqda. 

O‘z navbatida, BMT bosh kotibi maxsus vakili Gassan Salame aniq davlatlar nomini keltirmay, Berlinda yanvarda o‘tgan Liviya bo‘yicha anjumanda ishtirok etgan davlatlar yanvardan beri o‘z qurol embargosini buzayotganini ma'lum qildi.  

Uning ta'kidlashicha, Tripoliga qurol va qo‘shin yuborish qarori Berlinda Liviyaga qurol yetkazishga taqiqlov imzolanishi oldidan yoki undan keyin qabul qilinganini hozircha aniqlash qiyin.

Liviya 2011 yilda Muammar Qazzofiy hokimiyatdan chetlatib, o‘ldirilgandan keyin yaxlit davlat sifatida faoliyat yuritishdan to‘xtagan. Ayni vaqtda mamlakatda qo‘shhokimlik o‘rnatilgan.  

Berlinda 19 yanvarda Liviya bo‘yicha Rossiya, AQSh, Turkiya, Misr va boshqa bir qator davlatlar hamda Yevropa Ittifoqi va BMT ishtirokida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tgandi. Shuningdek, Berlinga Liviyadagi qarama-qarshi tomonlar yetakchilari – Fayoz Sarroj va Xalifa Haftar ham kelgan. Biroq ular o‘rtasida uchrashuv tashkillashtirishning uddasidan chiqilmagan.

Anjumanning asosiy natijasi ishtirokchilarning Liviyada o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishi va ixtilofga aralashmaslik, jumladan qarama-qarshi tomonlarga qurol yetkazmaslik majburiyatini o‘z zimmasiga olishi bo‘lgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top