13:32 / 18.02.2020
2
7612
O‘zbekistonda «yoshlar» tushunchasini o‘zgartirish taklif qilinmoqda

O‘zbekistonda “yoshlar (yosh fuqarolar) tushunchasini o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz besh yoshdan oshmagan shaxslar” deb o‘zgartirish haqida taklif berildi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida “yoshlar (yosh fuqarolar) tushunchasini o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz besh yoshdan oshmagan shaxslar” deb o‘zgartirish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasida yoshlar (yosh fuqarolar) o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar deb belgilangan. 

O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida bola (bolalar) - o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar) hisoblanishi keltirilgan. 

O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida voyaga yetmagan - o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs deya e'tirof etilgan. 

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, amaldagi qonunchilikka muvofiq 14 yoshga to‘lgan va 18 yoshga to‘lmagan shaxs – ham yosh, ham bola va ham voyaga yetmagan shaxs ekanligi kelib chiqmoqda”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida homiylik - o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan yetim bolalarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga ta'minot, tarbiya va ta'lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli hisoblanishi belgilangan. 

“Shu bilan birga, yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator imtiyozlar yaratib berilgan. Ulardan foydalanish, imtiyozli ipoteka kreditlari asosida turar-joylarni sotib olish uchun, shuningdek, yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rni va yo‘lini topib olishida kamida 5-7 yil sarf etiladi. Shuningdek, mazkur masala yuzasidan birgina O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga ham juda ko‘plab murojaatlar kelib tushadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, yoshlar (yosh fuqarolar) tushunchasini o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz besh yoshdan oshmagan deb belgilash kerak”, - deyiladi petitsiyada.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasi uchinchi xatboshidagi “yoshlar (yosh fuqarolar) - o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar” jumlasini “yoshlar (yosh fuqarolar) - o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz besh yoshdan oshmagan shaxslar” deb o‘zgartirish taklif qilinmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top