01:09 / 18.02.2020
0
14264
Si Tszinpin Shavkat Mirziyoyevga ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi  
Foto: AP

Xitoy raisi Si Tszinpin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashda Xitoyga ko‘rsatilgan yordam va hamdardlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma'lum qildi.  

Si Tszinpin nomidan Shavkat Mirziyoyevga yo‘llangan maktubda Xitoy davlati to‘qnash kelgan og‘ir sinovlarda O‘zbekiston yelkadosh bo‘lib, chin do‘stona munosabatni namoyon etgani ta'kidlab o‘tilgan.  

Xitoy raisining maktubida bunday deyilgan:

“Muhtaram Prezident janoblari!

Xitoy koronavirus tarqalishiga qarshi olib borayotgan kurash munosabati bilan yo‘llagan ta'ziyanomangiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Aytishganidek, qayerdadir kulfat yuz bersa, har yoqdan yordamga shoshiladilar. Dunyo hamjamiyati, shu jumladan O‘zbekiston, Xitoy hukumati va xalqiga hamdardlik bildirdi va turli ko‘rinishda qo‘llab-quvvatladi. Bu bizga bo‘lgan do‘stona munosabatni to‘liq namoyon etdi.

Xitoy epidemiyani profilaktika qilish va nazoratga olish borasida muvaffaqiyatga erishishiga ishonchi komil va bunga qodir, shuningdek, butun jahonda jamoat sog‘lig‘ini saqlash ishiga hissa qo‘shish yo‘lida xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda ishlashga tayyor.

Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e'tibor qaratmoqdaman hamda Siz bilan yaqin muloqotni davom ettirishga tayyorman.

Sizga mustahkam sog‘lik, faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, do‘st O‘zbekistonga esa ravnaq va farovonlik tilayman”.

Ta'kidlash joiz, O‘zbekiston ko‘plab davlatlar qatorida Xitoyning boshiga tushgan kulfatda jim qarab turmadi va unga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatmoqda. 

Jumladan, 12 fevralda Toshkentdan Pekinga gumanitar yuk ortilgan yuk samolyoti jo‘natildi. Il-76 samolyoti bortida bir necha tonna shaxsiy himoya vositalari – niqoblar, respiratorlar, tibbiyot qo‘lqoplari va karantin hududlarida qo‘llanuvchi maxsus kombinezonlar bo‘lgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top