14:50 / 19.02.2020
5
30658

Andijonda kollej o‘qituvchilari 500$, Namanganda OTM kotibasi 200$ pora bilan ushlandi

O‘qituvchilar kollejga o‘qishga kelmay diplom olib berishni va'da qilgan bo‘lsa, universitet kotibasi dekan yordamchisi lavozimini taklif qilgan – Bosh prokuratura.

Foto: kp.ru

Bosh prokuratura matbuot xizmati idora huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan so‘nggi kunlarda aniqlangan jinoyatlar haqida ma'lumot berdi.

Andijonda kollej o‘qituvchilari 500 dollar bilan qo‘lga tushdi

Andijon 2-maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji va Andijon ijtimoiy-iqtisodiyot va pedagogika kolleji o‘qituvchilari G.A va Z.Q.lar fuqaro M.ga o‘rta-maxsus ma'lumotni beruvchi kollejni tamomlaganligi haqidagi diplomni o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan olib berish evaziga 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

G.A. va Z.Q.larga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Tezkor tadbir Departamentning Andijon shahar bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Namanganda kotiba 200 dollar olayotganda ushlandi

Namangan davlat universitetida kotiba lavozimida ishlovchi S.E. fuqaro N.A.ning ishonchiga kirib, uni aldab, shu universitetga dekan yordamchisi vazifasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 200 AQSh dollari va 1,9 mln. so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

S.E.ga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Tezkor tadbir Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazildi.

Paxtachida oltin moddasini ajratib olish bilan shug‘ullanib kelayotgan yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida fuqaro J.U. va boshqalar «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DKga qarashli «Qoraqo‘ton» tog‘ tizmasi hududidan tarkibida qimmatbaho oltin moddasi bo‘lgan tosh xomashyosini o‘g‘irlik yo‘li bilan kovlab olib kelgani aniqlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, ular xomashyoni o‘zlari tashkil etgan yashirin sexda qayta ishlab, oltin moddasini ajratish va sotish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.

Tezkor tadbir davomida ulardan 237ta qopda tarkibida ma'lum miqdorda oltin moddasi bo‘lgan 4 tonna tog‘ jinslari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Holat yuzasidan A.U. va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tezkor tadbir Departamentning Paxtachi tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top