13:05 / 19.02.2020
0
5081

Ekologik xavfsizlik to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi 

Ekologik xavfsizlik to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi va o‘n sakkiz oy o‘tgach amalga kiritiladi

Foto: Flickr

Vazirlar Mahkamasining “Ekologik xavfsizlik to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Ekologik xavfsizlik to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi va rasmiy e'lon qilingan kundan boshlab o‘n sakkiz oy o‘tgach amalga kiritiladi.

Reglamentga ko‘ra, xo‘jalik va boshqa faoliyat yurituvchi obektlarning ekologik xavfsizligi:

texnik reglament, shuningdek, boshqa qonun hujjatlari bilan belgilangan ekologik xavfsizlik talablarini hisobga olgan holda, rejalashtirilayotgan xo‘jalik va boshqa faoliyat yurituvchi obektning ushbu faoliyatni amalga oshirish haqida qaror qabul qilinguniga qadar atrof tabiiy muhitga ta'sirini baholash;

atrof tabiiy muhitga salbiy ta'sirning kamayishini, xodimlar xavfsizligini va avariya holatlari paydo bo‘lishining oldini olishni ta'minlaydigan konstruktiv tavsiflarga ega bo‘lgan mashina va uskunalardan foydalanish, shuningdek, texnologik jarayonlarni qo‘llash;

atrof tabiiy muhitga salbiy ta'sirni kamaytirish imkonini beruvchi ajrab chiqayotgan gazlarni va hosil bo‘ladigan oqava suvlarni tozalashning samarali usul va texnologiyalarini, hosil bo‘ladigan chiqindilarni utilizatsiya qilish texnologiyalarini qo‘llash orqali amalga oshiriladi.

Texnik reglament mahsulotlarni (chiqindilarni) ishlab chiqarish, saqlash, tashish va utilizatsiya qilish jarayonlarining ekologik xavfsizligini ta'minlash uchun:

atmosfera havosi muhofazasini;

suv obektlarining muhofazasini;

hayvonot va o‘simlik dunyosi obektlarining muhofazasini;

yer resurslarining muhofazasini;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chiqindi bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilishini ta'minlaydigan majburiy talablarni belgilaydi

Atrof tabiiy muhit holatining barqarorligi va yaxshilanishi mavjud xo‘jalik va boshqa faoliyat obektlarining atrof tabiiy muhitga ko‘rsatayotgan salbiy ta'sirining ruxsat etilgan bosqichma-bosqich kamayib boradigan darajalariga erishish eng yaxshi qulay texnologiyalarni qo‘llanishi bilan ta'minlanadi.

Xo‘jalik va boshqa faoliyatning mavjud statsionar obektlari uchun atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarning ruxsat etilgan cheklangan tashlamalarining, yer usti suv havzalari va joy relefiga ifloslantiruvchi moddalarning ruxsat etilgan cheklangan oqavalari, chiqindilar hosil bo‘lishi va joylashtirilishining ekologik normativlari belgilanadi.

Normativlar quyidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha belgilanadi:

tashlanmalarning atmosfera havosi uchun belgilangan ruxsat etilgan cheklangan kvotalardan oshmaydigan (ruxsat etilgan cheklangan konsentratsiyalar ulushlarida) yer usti konsentratsiyalarini shakllantiruvchi vaqt birligidagi (sekundiga gramm) ifloslantiruvchi moddalar massasi;

oqava suvlarda nazorat punktidagi suv sifati normalarini ta'minlash maqsadida ushbu punktda belgilangan rejimda tashlashga maksimal ruxsat etilgan vaqt birligidagi moddalar massasi;

saqlashning muayyan muddati ko‘rsatilgan holda, jihozlangan o‘z ishlab chiqarish maydonlarida va/yoki ishlab chiqarish chiqindilarini joylashtirish obektlarida hosil bo‘lgan hamda joylashtirilgan ishlab chiqarish chiqindilarining har bir xavflilik toifasi bo‘yicha miqdori.

Yuqorida keltirilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha normativlar mahsulotning muayyan turi uchun maxsus texnik reglamentlarda belgilanadi.

Xo‘jalik yurituvchi va boshqa sub'yektlar belgilangan normativlarni kamaytirishning har yili erishiladigan ko‘rsatkichlarini ko‘rsatgan holda, belgilangan bitta yoki bir qancha ko‘rsatkichlar bo‘yicha tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha rejali tadbirlar va ifloslantiruvchi moddalar tashlanmalari va oqavalarining, ishlab chiqarish hamda iste'mol chiqindilarining hosil bo‘lishi va kamayishi bo‘yicha belgilangan normativlarni kamaytirish rejasini ishlab chiqadi.

Atrof tabiiy muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatishning belgilangan darajalarini pasaytirishda qo‘llaniladigan uslub va vositalar xo‘jalik yoki boshqa faoliyat sub'yekti tomonidan reglamentda belgilangan ekologik xavfsizlik talablari hisobga olingan holda mustaqil ravishda belgilanadi.

Xo‘jalik yurituvchi va boshqa sub'yektlar ishlab chiqariladigan mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan tashlamalar, oqavalar, chiqindilar hosil bo‘lishining solishtirma ko‘rsatkichlarining hisob-kitobini har yili amalga oshiradi.

Ifloslantiruvchi moddalarning tashlamalari, oqavalari, chiqindilarni hosil bo‘lishi va joylashtirilishining belgilangan normalarini pasaytirish borasida qayd etilgan majburiyatlarni hisobga olgan holda yoki mahsulot ishlab chiqarish hajmlari oshgan hollarda, ekologik normativlar qayta ko‘rib chiqiladi va ruxsat etilgan normalarga muvofiqlashtiriladi.

Ifloslantiruvchi moddalarning tashlamalari, oqavalari, chiqindilarning hosil bo‘lishi va joylashtirilishining belgilangan normativlari hamda salbiy ta'sirni pasaytirish bo‘yicha qayd etilgan ko‘rsatkichlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi.

Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish maqsadlarida reglament kuchga kirgandan boshlab ruxsat beruvchi hujjatlarda (litsenziyalar, ruxsatnomalar va/yoki boshqa shakllar) ko‘zda tutilgan muddatlarda ushbu hujjatlarga muvofiq tabiiy (suv, yer, o‘rmon, mineral- xomashyo, biologik) resurslarini olish hajmlari va shartlari belgilanadi.

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar obekt rahbariyati tomonidan tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq ishlab chiqarish ekologik nazoratni amalga oshiradi.

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar atrof-muhitga tushadigan og‘irlikni normativ darajagacha pasaytirishni ta'minlaydigan tabiatni muhofaza qilish tadbirlarni amalga oshiradi.

Mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va utilizatsiya qilish jarayonlarida xavfli moddalar ishlatilsa, xo‘jalik yurituvchi va boshqa faoliyat obekti uchun favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish rejasi ishlab chiqiladi.

Ushbu rejada noqulay ob-havo sharoiti yoki boshqa tabiiy hamda texnogen favqulodda holatlar sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ekologik oqibatlar va ularning oldini olish yuzasidan ma'lumotlarni xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar yoki tegishli davlat organlari tomonidan aholiga yetkazilishi ko‘zda tutiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top