23:53 / 19.02.2020
4
16858
Erdo‘g‘an: «O‘zbekistonga qo‘limizdan kelgan har qanday yordamni ko‘rsatishga tayyormiz»

Oliy darajadagi O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishi yakunida davlat rahbarlari qo‘shma bayonotni imzoladi.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Kun.uz muxbirining Anqaradan xabar berishicha, muzokaralardan keyin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida brifing tashkil etildi.

«Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashimizning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish bilan biz tarixiy qadam tashladik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi», – dedi Turkiya prezidenti.

Erdo‘g‘an 20 fevral kuni ochiladigan Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimida faxriy mehmon sifatida qatnashish yuzasidan yo‘llagan taklifini qabul qilgani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

U, shuningdek, O‘zbekistonda o‘tgan parlament saylovlari mamlakat uchun muborak bo‘lishi va yaxshilikka xizmat qilishini tiladi.

«O‘zbekiston bilan munosabatlarimizni mushtarak tarix, til va madaniyat asosida kuchli qardoshlik rishtalariga tayangan holda strategik sheriklik deb ataymiz», dedi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

Turkiya yetakchisi O‘zbekiston xalq shoiri, marhum Abdulla Oripovning «Tilimiz bir, dinimiz bir, iymonimiz bir» so‘zlarini eslab, Turkiya va O‘zbekiston qardoshligi uzoq o‘tmishga borib taqalishini ta'kidladi.

«O‘tgan yili Bokuda Turkiy tilli davlatlar kengashining 7-sammitida birgalikda qatnashdik. O‘zbekistonning ham bu kengashga kirgani uning kuchiga kuch, qudratiga qudrat qo‘shdi», dedi u.

Erdo‘g‘an O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qilinayotgan yangilanishlarni e'tirof etdi.

«Bu keng qamrovli islohotlar jarayonida qardoshimiz O‘zbekistonning muvaffaqiyatga erishishi uchun qo‘limizdan kelgan har qanday yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanimizni izhor etaman», deb ta'kidladi Turkiya prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2018 yilga nisbatan 27 foizga oshgan.

«Ikki davlat o‘rtasidagi savdoda ilk marotaba ham import, ham eksport ko‘rsatkichlarida 1 milliard dollardan ortish bor», deb ma'lum qildi turklar yetakchisi.

«Biznes olami vakillarimizni O‘zbekistonga investitsiyaga kiritishga doim da'vat etib turibmiz», deya qo‘shimcha qildi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

Eslatib o‘tamiz, kunning birinchi yarmida Turkiya prezidenti saroyida O‘zbekiston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgan, shundan so‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi o‘tkazilgan edi. Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev turkiyalik hamkasbini Toshkentga taklif qildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top