21:33 / 19.02.2020
0
3835
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Ozarboyjonda o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Tomonlar terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston va Ozarboyjon ichki ishlar vazirliklarining o‘zaro ma'lumot almashuvining amaldagi holati hamda kelgusida rejalashtirilayotgan ishlarni muhokama qildilar.

Foto : IIV

19 fevral kuni Boku shahrida O‘zbek-Ozarboyjon idoralararo Muvofiqlashtiruv ishchi guruhining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zbekiston IIV axborot xizmati.

Tadbirda O‘zbekiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Toshpo‘latov, Ozarboyjon tomonidan mamlakat ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Seyfulla Azimov raislik qildilar.  

Yig‘ilishda tomonlar terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston va Ozarboyjon ichki ishlar vazirliklarining o‘zaro ma'lumot almashuvining amaldagi holati hamda kelgusida rejalashtirilayotgan ishlarni muhokama qilib, tezkor-qidiruv faoliyati bo‘yicha hamkorlikdagi vazifalarni ko‘rib chiqdilar. 

Mazkur tadbir yakuniga ko‘ra, ikki mamlakat ichki ishlar organlari hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan majlis bayonnomasi imzolandi.  

Tashrif davomida o‘zbek delegatsiyasi rahbari Aziz Toshpo‘latovning Ozarboyjon ichki ishlar vaziri Vilayet Eyvazov bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilning oktabr oyida Ozarboyjonga tashrifi chog‘ida keng miqyosdagi, shu jumladan xavfsizlikka oid erilishgan ikki tomonlama kelishuvlaridan kelib chiqqan holda O‘zbek-Ozarboyjon munosabatlariga tegishli masalalar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv jarayonida tomonlar quyidagi bir qator yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirishni kelishib oldilar: 

  •  kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda tajriba almashish;
  •  odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish;
  •  professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  •  tezkor harakatlanuvchi bo‘linmalar xodimlarining o‘zaro o‘quv mashg‘ulotlarini tashkillashtirish va boshqalar.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasining Ozarboyjonga tashrifi davom etmoqda. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top