11:40 / 19.02.2020
0
3463

O‘zbekiston va Vengriya birgalikda texnoparklar tashkil etishi mumkin

Vengriya bilan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, birgalikda texnoparklar tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

18 fevral kuni innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan uchrashdi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, tomonlar ikki davlat o‘rtasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Vengriya ilmiy tadqiqot muassasalarida olimlar va tadqiqotchilarning malakasini oshirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, birgalikda texnoparklar tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Peter Siyyarto o‘rta va oliy ta'lim tizimi iqtisodiyotning real sektori talablariga ko‘ra mutaxassislarni tayyorlashi zarurligi, va shu orqali mehnat bozorini takomillashtirish mumkinligi borasida Vengriya tajribasiga asoslangan holda fikrlar bildirdi. 

I. Abdurahmonov startap ekotizimini rivojlantirish, venchur jamg‘armalarini takomillashtirishga hissa qo‘sha oladigan kadrlarning yurtimizda kamligi va bu bo‘yicha qator ishlar qilinish zarurligini ta'kidladi.

Bundan oldin, O‘zbekiston atom energetikasi bo‘yicha mutaxassislarni Vengriyaga o‘qishga yuborishi mumkin ekani xabar berilgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top