12:30 / 19.02.2020
5
51959
Toshkentda xalqaro terroristik tashkilotlar tarafdorlari va a'zolari qo‘lga olindi

Toshkent shahri hududida xalqaro terroristik tashkilotlar tarafdorlari va a'zolari aniqlanib, qo‘lga olindi

Illyustrativ foto

2020 yilning 19 fevral kuni Toshkent shahri hududida “Tavhid va jihod katibasi” (TJK) xalqaro terroristik tashkilotiga aloqador bo‘lgan bir guruh tarafdorlari va a'zolarining faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda.

Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxslar hozirda Suriyada xalqaro terroristik tashkiloti TJK safida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, 1996 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan A.Sh.ning g‘oyaviy ta'siriga tushib, uning jinoiy faoliyatiga yaqindan ko‘mak berish maqsadida moddiy tomondan yordam ko‘rsatib, TJK tarkibiga borib qo‘shilishni rejalashtirib kelganlar.

Yuqoridagilarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 155-2-moddasi 1-qismiga (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish) asosan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida poytaxt hududidagi 18ta manzilda tintuv tadbirlari o‘tkazilib, 21 nafar shaxs qo‘lga olindi.

Ushlangan shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olindi. Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston Respublikasi hududida taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

“Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlardagi da'vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so‘raymiz”, - deyiladi xabarda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top