15:59 / 20.02.2020
0
5956
DXX qariyb 7,5 kg giyohvand moddani musodara qildi

DXX Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Urganch tumani G‘aybu qishlog‘ida tezkor tadbir o‘tkazilgan. 

Illyustrativ foto

Uning davomida Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1990 y.t. Yu.O. Afg‘onistondan keltirilgan 995 gr. «geroin» va 1 kg. 6 gr. «opiy» giyohvandlik vositalarini 140 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. 

Shuningdek, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1973 yil Urgut tumanida tug‘ilgan A.J. Samarqand tumani Yangiariq MFY hududida 451 gr. «opiy» giyohvandlik vositasini 11.250 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi. Aniqlanishicha, A.J.ga ushbu ajal og‘usini tojikistonlik I. kontrabanda yo‘li bilan yetkazib bergan. 

Bundan tashqari, DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Bekobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida 1980 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan O.Q. Bekobod tumani hududida tojikistonlik sheriklari tomonidan yuborilgan 85 gr. «geroin» va 2 kg. 463 gr. «gashish» moddalarini olib ketayotgan vaqtida ushlandi.

Muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan, lekin 2019 yilning noyabr oyida jazodan shartli ravishda ozod etilgan O.Q. qilgan xatosidan tegishli xulosa chiqarmagan.

DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa «Farg‘ona-Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘ida yashovchi, 1988 y.t. M.S. boshqaruvidagi «Spark» avtomashinasi Dang‘ara tumanining Chag‘ali qishlog‘i hududida to‘xtatildi. Avtomobil ko‘zdan kechirilganda, uning motor qismiga 1 kg. «gashish» giyohvandlik vositasi yashirib qo‘yilganligi ma'lum bo‘ldi. Ushbu og‘u Toshkent shahrida sotilishi kerak bo‘lgan.

Tergovoldi surishtiruv jarayonida M.S. qo‘shni Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan ushbu «gashish» moddasini Farg‘ona tumani Yuqori Vodil qishlog‘ida yashovchi 1982 y.t. O.M. hamda muqaddam ikki marotaba sudlanib, hozirda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 1978 y.t. I.A.dan 10 ming AQSh dollariga sotib olganligi ma'lum bo‘ldi. O‘z navbatida mazkur shaxslar ham ushlandi.

DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirlar davomida 1981 yil Bekobod shahrida tug‘ilgan A.I. tojikistonlik shaxslar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, ushbu davlatdan kontrabanda yo‘li orqali Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilgan 973 gr. «gashish» giyohvand moddasini Toshkent shahriga olib ketayotganda ushlandi. 

Shuningdek, Bekobod tumanida yashovchi 1992 y.t. J.U. ham Tojikistondan keltirilgan 500 gr. «gashish» moddasini Bo‘ka tumanida yashovchi, 1964 y.t., muqaddam sudlangan P.A.ga yetkazib bergan vaqtida qo‘lga olindi.

J.U. bunday qabih ishni muqaddam shu kabi jinoyat sodir etgani uchun hozirda jazo muddatini o‘tayotgan akasi, 1983 y.t. X.U.ning ko‘rsatmasiga asosan qilganligi ma'lum bo‘ldi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 1 kg. 80 gr. «geroin», 1 kg. 457 gr. «opiy» va 4 kg. 936 gr. «gashish» giyohvand moddalari musodara qilindi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishlarga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top