09:36 / 20.02.2020
0
1706
Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatish tartibi belgilandi

“Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun e'lon qilindi. U uch oy o‘tgach kuchga kiradi

 Norma’ning yozishicha, amaldagi “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonundan farqli o‘laroq, qabul qilingan hujjat:

 birinchidan, ancha hajmli va o‘zining tuzilmasi bilan farq qiladi – 11 ta bob va 48 ta moddadan iborat (amaldagisi - 3 ta bob, 28 ta moddadan iborat), tushuncha apparati bilan ta'minlangan, ushbu sohada davlat boshqaruvi organlari vakolatini belgilaydi;

 ikkinchidan, maxsus iqtisodiy zonalarning quyidagi tasnifini nazarda tutadi:

erkin iqtisodiy zona (EIZ) – yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan tayyor sanoat mahsulotini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga faol jalb etish, shuningdek ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilmani va logistika xizmatlarini rivojlantirishni ta'minlash maqsadlarida tashkil etiladigan hudud;

maxsus ilmiy-texnologik zona – innovatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadlarida ilmiy tashkilotlar va ilmiy faoliyat sohasidagi boshqa tashkilotlar (texnologik parklar, texnologiyalarni tarqatish (texnologiyalar transferi) markazlari, innovatsion klasterlar, venchur fondlari, biznes-inkubatorlar va boshqalar) to‘plangan hudud;

turistik-rekreatsion zona – unda zamonaviy turistik infratuzilma obektlarini (mehmonxona komplekslari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turistik ahamiyatdagi obektlarni), maxsus faoliyat ko‘rsatuvchi va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini turistlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida zarur shart-sharoitlarni ta'minlagan holda barpo etishga doir investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan hudud;

erkin savdo zonalari - konsignatsiya omborlari, maxsus bojxona va soliq rejimlari bo‘lgan hududlar, shuningdek tovarlarga ishlov berish, ularni o‘rab-joylash, saralash, saqlash uchun maydonchalar, chegara punktlarida, aeroportlarda, temir yo‘l bog‘lanmalarida yoki boshqa bojxona hududlarida tashkil etiladi;

maxsus sanoat zonasi – boshqaruv, xo‘jalik va moliyaviy faoliyatning alohida rejimi joriy etiladigan hudud, zarur ma'muriy, ilmiy-texnologik, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish uchun yer uchastkalarini ajratish orqali shakllantiriladigan xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish zonalarini o‘z ichiga oladi;

 uchinchidan, maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish, uning faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini o‘zgartirish va uni tugatish tartibi, shuningdek boshqarish masalalari (ma'muriy kengashning faoliyat ko‘rsatishi) batafsil bayon etilgan;

 to‘rtinchidan, ushbu zonalar hududida amalga oshirish taklif etiladigan investitsiya loyihalariga talablarni o‘z ichiga olgan. Ular umumiy va alohida talablarga bo‘linadi – har bir zona turi uchun alohida. Maxsus iqtisodiy zonalar hududida faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish taqiqlanadi. Masalan, qurol va o‘q-dorilar, yadroviy materiallar va radioaktiv moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va hokazo. Shuningdek, qonunda investitsiya buyurtmanomasini berish va ko‘rib chiqish, investitsiya bitimini tuzish, muddatini uzaytirish va tugatish jarayoni belgilangan.

 beshinchidan, qonunning alohida bobi maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga bag‘ishlangan – ularning huquq va majburiyatlari, ular tomonidan maqomni olish, yo‘qotish va mahrum qilish aytib o‘tilgan.

 oltinchidan, huquqiy rejim, xususan, zonalar ishtirokchilari uchun soliq va bojxona imtiyozlari xususiyatlari yozilgan. Soliqlar bo‘yicha imtiyozlar va ularni qo‘llash tartibi Soliq kodeksida nazarda tutilgan. Shuningdek, ular quyidagilar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etiladi:

mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan va investitsiya bitimiga muvofiq investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun qurilish davrida belgilangan tartibda olib kirilgan qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlarini (bundan QQS va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno);

tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha texnologik uskunalarning o‘xshashi bizda ishlab chiqarilmaydiganini olib kirishda (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno);

ishlab chiqarish va mahsulotlarni eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar olib kirilganda (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno).

 Bundan tashqari, MIZ ishtirokchilari tovarlarni import qilganda QQSni 120 kungacha muddatga kechiktirib to‘lashga haqli. Hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadigan QQS summasining oshib ketishi natijasida hosil bo‘lgan QQSning o‘rni ularga 7 kun davomida soddalashtirilgan tartibda qoplab beriladi. To‘langan QQS summasi MIZ ishtirokchilariga respublika budjetidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda qoplab beriladi.

 Bunda qonun kuchga kirgunga qadar EIZlar direksiyalari tomonidan ro‘yxatga olingan EIZlar ishtirokchilari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar ular taqdim etilgan muddat o‘tguniga qadar saqlab qolinadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top