13:50 / 20.02.2020
0
4483
Naslchilik xo‘jaliklari maqomini berish tartibi tasdiqlandi

Vazirlari Mahkamasining “Naslchilik xo‘jaliklari maqomini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Foto: KUN.UZ

Belgilab qo‘yilishicha, avval berilgan naslchilik xo‘jaliklari maqomini tasdiqlovchi amaldagi guvohnomalar o‘z muddatigacha haqiqiy hisoblanadi.

Nizomga ko‘ra, naslchilik xo‘jaliklari maqomi yuridik shaxc va yakka tartibdagi tadbirkorlarning murojaatida ko‘rsatilgan muayyan toifaga va/yoki zotdagi hayvon turiga yoki faoliyat yo‘nalishiga berilishi mumkin.

Naslchilik xo‘jaliklari maqomi quyidagi toifalar bo‘yicha beriladi:

a) naslchilik xo‘jaligi sifatida kamida uch yil faoliyat yuritayotgan hamda ma'lum bir sof zot bo‘yicha yuqori mahsuldorlik xususiyatiga ega bo‘lgan hayvonlar podasini urchitish, yangi liniya, oila va tiplar yaratish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan talabgorlarga - naslchilik zavodi maqomi;

b) kamida uch yil davomida nasldor hayvonlarni sof zotli urchitish usulida faoliyat olib borayotgan talabgorlarga - naslchilik xo‘jaligi maqomi;

v) ma'lum bir hayvon zotlarini zamonaviy  usullarda takomillashtirish, ularning yangi zotlarini yaratish va ko‘paytirish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan talabgorlarga - seleksiya markazi maqomi;

g) nasldor otlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan talabgorlarga - ippodrom maqomi;

d) takomillashtirilayotgan nasldor hayvonlarni genetik usulda baholash bo‘yicha faoliyat olib borayotgan talabgorlarga - immunogenetik nazorat laboratoriyasi maqomi;

ye) naslchilik sub'yektlariga nasldor hayvonlarning qiymati, mahsuldorligi va sifatini baholash, nazorat qilish va olingan ma'lumotlarni rasmiylashtirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan talabgorlarga - nazorat - sinov stansiyasi maqomi;

yo) turli zotlardagi yuqori genetik mahsuldorlik xususiyatlariga ega bo‘lgan naslni yaxshilovchi nasldor erkak hayvonlardan olingan urug‘ bilan hayvonlarni sun'iy urug‘lantirish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan talabgorlarga - hayvonlarni sun'iy urug‘lantirish korxonasi maqomi;

j) turli zotlardagi yuqori genetik mahsuldorlik xususiyatlariga ega bo‘lgan naslni yaxshilovchi nasldor ona hayvonlarni saqlash va ulardan embrionlar tayyorlash bo‘yicha faoliyat olib borayotgan talabgorlarga - embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) markazi maqomi;

z) ona hayvonlarni sun'iy urug‘lantirish uchun nasldor erkak hayvonlarning muzlatilgan urug‘lari bankini tashkil etish va realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan talabgorlarga - erkak hayvonlar urug‘larini ishlab chiqish va sotish korxonasi maqomi;

i) genofond (kam sonli) turlari va zotlari, ma'lum bir evolyutsion xususiyatini nasldan-naslga o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘lgan hayvonlarni shakllantirish, urchitish, saqlash, yangi zot va tiplar yaratish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan talabgorlarga - genofond xo‘jaligi maqomi.

Bir toifadagi naslchilik xo‘jaliklari maqomini boshqa toifaga o‘tkazish belgilangan tartibda umumiy asoslarda amalga oshiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top