13:41 / 20.02.2020
0
6874

«O‘qishni ko‘chirish uchun qalbaki hujjat qilib berishni taklif etayotgan firibgarlardan ehtiyot bo‘ling» – Ta'lim inspeksiyasi

Foto: Getty Images

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi qo‘shni davlatlardagi oliy ta'lim muassasalaridan o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha murojaat qilayotgan fuqarolar va ularning ota-onalarini firibgarlardan ogohlantirdi.

Ma'lum bo‘lishicha, hududiy ishchi guruhlarga fuqarolar tomonidan qalbaki (soxta, yasama) hujjatlar topshirilayotganligi aniqlangan. 

“O‘qishini qo‘shni davlatlardagi OTMlardan ko‘chirish to‘g‘risida ariza topshirgan fuqarolarning hujjatlari to‘liq tekshiriladi va qalbaki hujjatlar aniqlangan taqdirda talabalikka qabul qilinmaydi. Bunday holatda hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etiladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Sizga qo‘shni davlatlardagi oliy ta'lim muassasalaridan birida o‘qiganlik to‘g‘risidagi qalbaki hujjat qilib berishni taklif etayotgan tamagir va firibgarlarning takliflaridan ehtiyot bo‘ling”, deyiladi inspeksiyaning rasmiy xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 7 fevral kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi qo‘shni davlatlardagi talabalarning barchasi hech qanday imtihonlarsiz o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishi mumkinligini xabar qilgan, arizalar 15 fevralgacha qabul qilinishi aytilgandi.

Keyinchalik Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi ayrim OTM o‘zbek talabalariga hujjatlarini bermayotgani, o‘qishni ko‘chirish uchun kerak bo‘lgan hujjatlarni olish uchun yarim yillik kontrakt to‘lovini to‘lab berish talab qilinayotgani haqidagi xabarlar tarqalgan, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi mazkur holatga munosabat bildirgandi.

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov qo‘shni mamlakatlarda tahsil olayotgan talabalarning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha Qozog‘iston, Qirg‘iziston bilan muzokaralar olib borilayotganini aytgan, muzokaralar natijasida bu muammolar hammasi hal bo‘lishiga umid bildirgandi.

Keyinchalik Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar va ularning ota-onalaridan kelib tushgan ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda o‘qishni ko‘chirish muddati 15 martgacha uzaytirilgandi.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar fuqaroning doimiy yashash manzili bo‘yicha qabul qilinadi. Buning imkoni bo‘lmagan holatlarda fuqaro istisno tariqasida boshqa viloyatdagi oliy ta'lim muassasasiga tavsiya etilishi mumkin. Talabalar o‘zlari o‘qiyotgan ta'lim yo‘nalishiga mos va turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha asosan sirtqi va kechki ta'lim shakllariga tavsiya etiladi. O‘qishini ko‘chirgan talabalar to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top