13:28 / 20.02.2020
2
5086
Suv resurslarini boshqarishning samarali tizimini yarata olamizmi? Yangi konsepsiya loyihasi to‘g‘risida
Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonning suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi loyihasi muhokama uchun joylashtirildi. O‘ylaymizki, bu suv sohasida to‘planib qolgan muammolarni hal qilishga qaratilgan juda muhim hujjat.

Xatar va muammolar 

Suv – bu aholi, iqtisodiyot va ayniqsa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari hayoti va faoliyati, shuningdek ekologik muvozanatni saqlash uchun zarur tabiiy resurs hisoblanadi.

O‘zbekiston suv resurslarining kelgusi balansiga mintaqaning asosiy daryolari shakllanadigan muzliklarning jadal erishi, iqlim o‘zgarishining boshqa jihatlari, shuningdek aholining suvga ortib borayotgan ehtiyojlari va sanoatning rivojlanishi ta'sir ko‘rsatadi.

Butun Markaziy Osiyodagidek, O‘zbekistonga ham iqlim o‘zgarishi avvalo, hududning asosiy daryolarini shakllantiradigan tog‘ muzliklarining erishi bilan tahdid soladi. So‘nggi 50-60 yil davomida muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Taxminlarga ko‘ra, harorat 2 darajaga ortganda muzliklar hajmi 50 foizga, 4 darajaga isiganda – 78 foizga kamayadi.

Suv taqchilligi bilan bog‘liq vaziyat qo‘shni mamlakatlardan suv yetkazib berilishiga nihoyatda bog‘liq ekanligi bilan yanada murakkablashadi (iste'mol qilinadigan suvning 80 foizi mamlakatga tashqaridan keladi).

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tomonidan foydalaniladigan suv resurslarining yillik hajmi o‘rta hisobda 51-53 km3.ni tashkil etadi va bu umumiy olingan suv hajmining o‘tgan asr 80-yillariga nisbatan jiddiy tarzda (20 foiz) qisqarganini ko‘rsatadi (shu bilan birga, mamlakat aholisi bir yarim - ikki baravarga ko‘paygan). Kelgusida vaziyat faqat yomonlashadi. 

Mavjud suv resurslaridan foydalanishning asosiy muammosi – qishloq xo‘jaligida suv resurslarini yetkazib berish va iste'mol qilishda ulardan samarasiz foydalanish. Ko‘rsatib o‘tilgan muammo institutsional, texnologik va kadrlarga oid sabablarga ega.

O‘zbekiston suv xo‘jaligining asosiy institutsional muammolari – suv iste'molchilari (avvalo, agro ishlab chiqaruvchilar va aholi tomonidan), suv infratuzilmasi uchun mas'ul bo‘lgan shaxslar va tashkilotlar tomonidan suvdan samarali foydalanish bo‘yicha ta'sirchan rag‘batlarning yo‘qligi, shuningdek sohaning yetarli darajada moliyalashtirilmasligi. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun suv yetkazib berish bo‘yicha asosiy xarajatlar davlat budjetidan qoplanadi. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suv yetkazib berish bo‘yicha to‘lovlari uning iste'moli hajmi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanmagan. Ularning miqdori samarali va tejamkor suv iste'molini rag‘batlantirish uchun yetarli emas.

Shu kunga qadar agrar sohani suv bilan ta'minlashni boshqarishda, umuman butun qishloq xo‘jaligida bo‘lgani kabi ma'muriy (bozorga oid bo‘lmagan) usullar hukmronlik qildi. Shu paytgacha suv taqsimlashning asosiy vositalarini ixtiyoriy tarzda tayinlanadigan kvotalar hamda ekinlarning mahsulotga oid tarkibi ustidan ma'muriy nazorat tashkil etdi. Paxta va bug‘doy yetishtirish rejalarini bajarish bo‘yicha vazifalar iqtisodiy foydani maksimal darajaga yetkazish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari daromadlarini va suv tejamkorligini oshirish, suv yetkazib berish xarajatlarini qisqartirish vazifalari bilan bog‘lanmagan edi.

Ma'lumki, joriy yilda jumladan, fermerlar uchun majburiy rejalashtirishdan bosqichma-bosqich voz kechish ko‘zda tutilgan keng ko‘lamli agrar islohot boshlanmoqda. Shunga muvofiq, suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilyapti.

Suv resurslaridan foydalanishda birinchi navbatdagi texnologik muammolar eskirgan va yaroqsiz infratuzilma bilan bog‘liq. O‘nlab yillar davomida foydalanilgan sug‘orish tizimlari va gidrotexnik inshootlarning eskirishi, yuqori energiya sarfi va texnologik asbob-uskunalar hamda inshootlarning past mahsuldorligi suvning sezilarli darajada yo‘qotilishiga va uni iste'molchilarga yetkazib berishda yuqori xarajatlarga olib kelmoqda. Mamlakatdagi magistral va xo‘jaliklararo kanallarning 66 foizi filtratsiyaga qarshi qoplamalarga ega emas, ya'ni tuproqli o‘zandan oqadi. Bundan tashqari, magistral va xo‘jaliklararo kanallarning 44 foizida ta'mirlash va tiklash ishlarini, 16 foizida rekonstruksiya ishlarini olib borish zarur. Suv iste'molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklari balansida bo‘lgan xo‘jalik va ichki xo‘jalik tarmoqlarining 42 foizi ta'mirlash va tiklashga, 10 foizdan ko‘p qismi esa rekonstruksiyaga muhtoj. Mavjud lotok tarmoqlarining asosiy qismi qariyb 30 yildan buyon texnik xizmat ko‘rsatilmasdan foydalanilmoqda, shu sababli lotok tarmoqlarining 70 foizi qoniqarsiz holatda hamda ularni rekonstruksiya qilish va almashtirish talab qilinadi. Bunday holatda manbalardan nasos stansiyalari yordamida olinadigan yoki o‘zioqar suvlarning 35-40 foizi sug‘orish tizimlari (tarmoqlari)da yo‘qotiladi.

Suv xo‘jaligi balansida bo‘lgan nasos uskunalarining 60 foizidan ko‘p qismining foydalanish muddati allaqachon o‘tib bo‘lgan. Nasos stansiyalari va tarkibiy qismlarining jismoniy va ma'naviy eskirganligi elektr energiyaning katta miqdorda yo‘qotilishi asosiy sababidir.

Suvdan nooqilona foydalanish uning iste'molchilarga yetkazib berilganidan so‘ng ham kuzatilmoqda. Hozirgi paytda 3 foizgina sug‘oriladigan yerlarda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan.

Sohaning Konsepsiyada tilga olingan boshqa muhim muammolari quyidagilar:

- suv xo‘jaligi tashkilotlari xodimlarining o‘rtacha ish haqi mamlakatdagi o‘rtacha ish haqiga nisbatan past;

- xo‘jalik ichki sug‘orish tarmoqlarida suvni boshqarishni va uni taqsimotini samarali amalga oshirish uchun tashkil etilgan Suv iste'molchilari uyushmalari suv xo‘jaligi tizimida suv iste'molchilarining o‘zini o‘zi boshqarish bo‘yicha barqaror tuzilmasiga aylana olmadi;

- suv resurslarini boshqarishda turli idoralar o‘rtasida mas'uliyatning sochilib ketishi va tegishli muvofiqlashtirishning mavjud emasligi;

- sohada ta'lim va fanning rivojlanish darajasi yetarli emasligi.

Ko‘zlangan islohotlar

Konsepsiya loyihasida suv xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilangan. Biz faqat o‘zimiz uchun eng muhim ko‘ringan yo‘nalishlarni qayd etmoqchimiz.

1. Suv xo‘jaligida bozor tamoyillarini joriy etish, suv xo‘jaligi tashkilotlari faoliyatini tijoriylashtirish, davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlarini va autsorsingni joriy etish hisobiga suv xo‘jaligining moliyaviy barqarorligini oshirish. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi faoliyatini yuritish uchun sharoitlar xilma-xilligini hisobga olgan holda, xo‘jalik ichki sug‘orish-drenaj tarmoqlarini boshqarishning universal modelini yaratishni urinishdan yanada moslashuvchan va xilma-xil mexanizmlariga o‘tish ko‘zda tutiladi.

Hududning o‘ziga xos xususiyatlari, suv xo‘jaligi xizmatlarining kadrlar salohiyati va xususiy sektorning davlat-xususiy sheriklikda qatnashishga tayyorligidan kelib chiqqan holda mahalliy sug‘orish-drenaj tarmog‘ini boshqarish funksiyalarini:

qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari va boshqa suv iste'molchilarining ixtiyoriy birlashmalariga;

xususiy kompaniyalarga (tanlov asosida);

qishloq xo‘jaligi klasterlariga (ular javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor joylarda) berish;

suv infratuzilmasini boshqarish va unga xizmat ko‘rsatish, xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi xo‘jalik funksiyalarini davlat-xususiy sheriklik (DXSh) va autsorsingning boshqa ko‘rinishlari doirasida o‘zga tashkilotlarga berish.

Autsorsing uchun quyidagilarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda (xizmat ko‘rsatish tashkilotlarining mulkini boshqarishning vaqtincha, doimiy va boshqa shakllariga o‘tkazish imkoniyati bilan):

-         suv xo‘jaligi obektlaridan foydalanish va ularni texnik jihatdan ta'minlash;

-         suv xo‘jaligi inshootlarini ta'mirlash, qurish va modernizatsiya qilish;

-         suv sohasiga ko‘rsatiladigan boshqa xizmatlari.

Bu ishlab chiqarish jarayonlarini maqbullashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va resurslardan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish orqali suv yetkazib berish xarajatlarini kamaytirish va suv iste'moli samaradorligini oshirishga yordam beradi.

2. Suvdan foydalanuvchilarning suv yetkazib berish xarajatlarini qoplash darajasini bosqichma-bosqich oshirish. Yuqorida ta'kidlab o‘tilganidek, hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suv yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlari unchalik katta emas (ular yetkazib berish xarajatlarining bir qisminigina qoplaydi) va uni iste'mol qilish hajmi bilan bevosita bog‘liqlik yo‘q.

Magistral va xo‘jaliklararo tarmoqlar darajasida bunga suv solig‘i stavkalarini oshirish va differensiatsiyalash orqali erishiladi. Mahalliy sug‘orish tarmoqlari darajasida esa suv iste'molchilarining moliyalashtirishdagi ishtirokini ko‘paytirish suv yetkazib berish uchun to‘lov mexanizmlarini takomillashtirish orqali amalga oshiriladi. Suv yetkazib berish xarajatlarini suv solig‘iga kiritishda suv iste'moli hajmi va suv yetkazib berish xarajatlariga qarab, suv uchun differensiatsiyalashgan soliq stavkalarini hisoblash uslubiyati ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

3. Suv xo‘jaligi sohasida ma'muriy islohotlar o‘tkazilishi, zamonaviy, bozor tamoyillariga mos boshqaruv usullarining joriy etilishi, suv xo‘jaligini boshqarishda suv iste'molchilari, boshqa manfaatdor tomonlar va jamoatchilikning roli va ishtirokini oshirish. Har bir davlat organining vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Qaror qabul qilishda davlat tomonidan tartibga solish samaradorligini oshirish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun quyidagilarga bog‘liq bo‘lgan funksiyalarni aniq chegaralash talab etiladi: 

davlat tomonidan tartibga solishning asosan ma'muriy usullarini qo‘llashdan bozor iqtisodiyoti tamoyillariga yo‘naltirilgan usullar va mexanizmlarga o‘tish, shu jumladan suv resurslaridan samarali foydalanish, xususiy tashabbuslarni jonlantirish va sohaga nodavlat moliyaviy resurslarni jalb qilish uchun iqtisodiy rag‘batlantirish tizimini yaratish;

barcha suv resurslari, shu jumladan yer usti, yer osti va qaytar suvlarni boshqarish siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;

turli sohalarda (qishloq xo‘jaligi, kommunal xo‘jaligi, sanoat, energetika va boshqalar) suv resurslari taqsimlash va foydalanishni tartibga solish;

suv xo‘jaligi infrastrukturasidan foydalanish va suv xizmatlarini ko‘rsatish funksiyalarini amalga oshirish;

suv olish limitlari, shuningdek suv iste'moli va suvdan foydalanishning tartib-qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish.

Qaror qabul qilishda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun bu funksiyalar turli tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.

4. Suvdan iqtisodiy jihatdan samarali foydalanish orqali qishloq xo‘jaligining mahsuldorligini yanada oshirish talablariga javoban suv huquqlari yoki uning qismlari bilan almashishning adolatli va shaffof tizimini yaratish ko‘zda tutilgan. Zaxiralarning (jumladan, qor qoplami) suv ta'minotiga asoslangan suv taqsimlash rejalari yil va fasl o‘rtasida vaziyat o‘zgaruvchanligini hisobga olgan holda shaffof va adolatli yondashuv asosida tuziladi. Suvni taqsimlash va suvga bo‘lgan huquqni sotish bo‘yicha shaffof va samarali qoidalar Konsepsiyaning keyingi bosqichlarida yakunlanadi.

5. Gidrotexnik inshootlar va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish va texnik holatini yaxshilash, ularning xavfsizligini ta'minlash, sug‘orish tizimlarida suv yo‘qotilishini kamaytirish, suvni yetkazib berishga sarflanadigan energiya xarajatlarini qisqartirish. Bu davlat budjeti va xususiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi.

6. Suvdan oqilona foydalanish, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, suv iste'molini maqbullashtirish, qaytar suvlardan foydalanish tizimini joriy etish bo‘yicha ta'sirchan rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratish, suv tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot va konsalting ishlarini moliyalashtirish manbalarini rag‘batlantirish va kengaytirish mexanizmlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

7. Suv xo‘jaligi sohasiga kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligida ilmiy va innovatsion salohiyatni rivojlantirish.

8. Suv resurslarini bashorat qilish va hisobga olish tizimini takomillashtirish, samarali qarorlar qabul qilish uchun ma'lumotlar sifatini va ulardan foydalanish imkoniyatini oshirish.

Bizningcha, Konsepsiya loyihasida suv sohasida to‘planib qolgan muammolarni hal etish uchun to‘g‘ri choralar taklif etilgan. Ushbu ko‘zlangan maqsad amalga oshadi degan umiddamiz.

Yuliy Yusupov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top