11:05 / 21.02.2020
0
19882
Atamboyevning sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi ma'lumot tasdiqlandi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti, tergov izolyatorida saqlanayotgan Almazbek Atamboyevning sog‘lig‘i yomonlashgani haqida uning o‘g‘illari tarqatgan ma'lumot o‘z tasdig‘ini topdi.  

Foto: Today.kg

Qirg‘izistonning qiynoqlar oldini olish milliy markazi xodimlari tergov izolyatorida saqlanayotgan Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning oldiga tashrif buyurishgan. Bu haqda 24.kg nashriga markaz direktori Nurdin Sulaymanov ma'lum qildi. 

Uning ta'kidlashicha, Atamboyevning qon bosimi pastligi haqidagi ma'lumot o‘z tasdig‘ini topdi.  

“Almazbek Atamboyevning qon bosimi haqiqatan ham pasayib ketgan, bundan tashqari bosim o‘ynab turibdi. Tibbiy kartalarga ko‘ra, bugun sobiq prezidentda 90 ga 70 qon bosimi qayd qilingan. Atamboyev suhbat vaqtida ertalab boshi og‘rigani, tonometr esa 85 ga 59 qon bosimini qayd qilganini ma'lum qilgan. Vaholanki, uning ishchi qon bosimi 110 ga 70 mm sim. ustunini tashkil qiladi. U shifokorlar nazoratida qolmoqda”, deb ma'lum qilgan Sulaymanov.    

Markaz rahbarining ta'kidlashicha, Atamboyev tomonidan tergov izolyatori ma'muriyati va xodimlari ustidan shikoyat tushmagan.

19 fevralda Atamboyevning o‘g‘illari – Said va Qodirbek ijtimoiy tarmoqlarda otalarining sog‘lig‘i yomonlashganini ma'lum qilishgan. Atamboyevning advokati Zamir Jooshev ham sobiq prezidentning qon bosimi pasayib ketganini ma'lum qilgan.    

Biroq Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida bu ma'lumot rad etilib, Atamboyevning sog‘lig‘i me'yorida ekani ta'kidlab o‘tilgan. Sobiq prezidentning himoyasi mustaqil shifokorlarni taklif qilib, ularga Atamboyevning qon bosimi kunlik monitoringi natijalari taqdim qilinishini so‘ramoqda. Jooshevning ma'lum qilishicha, advokatlarning bu iltimosiga rad javobi berilgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top