13:59 / 21.02.2020
0
6104

Tanqidga munosabat: Xonobodlik og‘ir atletikachilar zali ta'mirlanib qaytarib berildi

15 fevral kuni saytda Andijon viloyati Xonobod shahrida faoliyat yuritib kelayotgan og‘ir atletika zalining shahar hokimligi tomonidan olib qo‘yilgani haqida «Xonobod hokimi olimpiya chempioni shug‘ullangan 50 yillik og‘ir atletika zalini yana yopdi» sarlavhali tahliliy-tanqidiy material e'lon qilingan edi.

Kun.uz’ga ma'lum qilinishicha, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tashabbusi bilan muammo o‘rganilib, bartaraf etildi. Ayni paytda mazkur zal Xonobod shahar hokimligi tomonidan ta'mirlanib, yoshlarni og‘ir atletika bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi ham bu haqda ma'lumot taqdim qildi.

Unda viloyat hokimligi tashabbusi bilan hududiy boshqarma huzuridagi viloyat Ijara markazi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda «Nol» stavkada uch tomonlama shartnoma imzolangani haqida aytiladi. Hujjatga ko‘ra, og‘ir atletika murabbiyi B. Hamidov o‘z tarbiyalanuvchilari bilan  madaniyat bo‘limi binosida 25 fevraldan qonuniy tarzda faoliyat yuritishni boshlashi qayd etilgan.

Elmurod Ermatov, Andijon

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top